AQSh sudi Baydenning migrantlarni qonuniylashtirish dasturini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi

Jahon 20:33 / 27.08.2024 1974

Texas shtati federal sudi prezident Jo Bayden ma’muriyatining Qo‘shma Shtatlarda hujjatlarsiz yashovchi migrantlarga huquqiy maqom berish dasturini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.

Avvalroq, AQSh 16 shtati ushbu dasturni to‘xtatishni talab qilib, sudga da’vo arizasi kiritgan edi. Ular Baydenning xatti-harakatlari AQSh immigratsiya qonunlarini qayta yozish maqsadida ijro hokimiyatini suiiste’mol qilish ekanligini ta’kidladilar.

Sud dastur bo‘yicha arizalarni tasdiqlashni ikki haftaga to‘xtatib turishga qaror qildi, ushbu muddat uzaytirilishi mumkin. Sobiq prezident Donald Tramp tomonidan tayinlangan sudya Jon Kempbell Barker shtatlarning da’volarini «muhim» deb topdi va ular «batafsil ko‘rib chiqilishga muhtojligini» ta’kidladi. Shunday bo‘lsa-da, hukumatga immigratsiya arizalarini qabul qilishni davom ettirishga ruxsat berildi.

AQSh prezidenti 2024 yil iyun oyida «Keeping Families Together» nomli dasturini e’lon qildi. Uning shartlariga ko‘ra, amerikaliklar bilan qonuniy nikohda bo‘lgan va mamlakatda kamida 10 yil yashagan odamlar doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishga ariza topshirishi mumkin.

Bayden ma’muriyatining hisob-kitoblariga ko‘ra, dastur 500 mingdan ortiq odamni va 21 yoshgacha bo‘lgan taxminan 50 ming bolani qamrab oladi.

Ko‘proq yangiliklar: