AQSh Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga zarbasini keskin qoraladi

Jahon 13:29 / 27.08.2024 2870

AQSh prezidenti Jo Bayden 26 avgust, dushanba kuni Rossiya qurolli kuchlarining Ukraina energetika tizimiga tunda va ertalab amalga oshirgan ommaviy zarbasini keskin qoraladi.

«Ukraina hukumati bu dahshatli hujum Ukraina fuqarolarining o‘limi va 20 dan ortiq muhim energetika infratuzilmasiga zarar yetkazganini bildirmoqda, - dedi Bayden. - Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushini va uning Ukraina xalqini zulmatda o‘tirishga majburlash urinishlarini keskin qoralayman. Rossiya Ukrainada hech qachon g‘alaba qozonmaydi va ukrainaliklarning ruhi sinmaydi».

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan havo mudofaasi va energetika infratuzilmasini mustahkamlash ustida ishlamoqda. Shu bilan birga, Kirbi «Ukrainaga nafaqat AQShdan, balki ittifoqchilari va hamkorlaridan ham tutib oluvchi va havo hujumidan mudofaa qurilmalari kelishi» muhimligini ta’kidladi. 

9 iyul kuni Vashingtondagi NATO sammiti ochilishida nutq so‘zlagan Bayden Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Kiyevga yana beshta havo hujumidan mudofaa tizimini, jumladan, to‘rtta Patriot zenit-raketa kompleksini yetkazib berishga va’da berdi. Avvalroq Germaniya Ukrainaga ana shunday uchta ZRKni topshirgan edi. 

Ukrainaga keng ko‘lamli hujum

26 avgust kuni tunda va ertalab Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga 236 ta raketa va hujumkor dronlarni uchirdi, ulardan 102 ta raketa va 99 ta UUA urib tushirildi - bu raqamlarni Ukraina Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk o‘zining Telegram-kanalida keltirdi. Hujumning asosiy maqsadi mamlakat energetika infratuzilmasi edi. Natijada, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar va o‘nlab yaradorlar bor. Jumladan, Kiyev GES zarar ko‘rdi.

Ko‘proq yangiliklar: