Rossiya propagandasi Durov qo‘lga olinishini so‘z erkinligiga bosim deb atamoqda. Kremlning o‘zi yaqinda Telegram’ni bo‘ysundirishga uringandi

Jahon 21:07 / 26.08.2024 4838

Rossiya rasmiy shaxslari, Z-blogerlar va propaganda Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada qo‘lga olinganini so‘z erkinligiga hujum deb baholamoqda va bu hodisani Jorj Oruellning «1984» nomli asaridagi antiutopiyaga qiyoslamoqda. Ayrim harbiy muxbirlar va propagandachilar Durov g‘arb maxsus xizmatlariga shifrlash kalitlarini berishidan xavotirda, ularning nazdida, bu Rossiya armiyasiga zarba bo‘ladi, chunki mazkur messenjerdan frontda faol foydalanilmoqda.

Xususan, propagandachi Aleksey Rogozin Pavel Durovning hibsga olinishi RF qurolli kuchlarining aloqa bo‘yicha boshlig‘i hibsga olinishi bilan tengligini ta’kidlagan. «Razvedka ma’lumotlari, artilleriya nishonlari korrektirovkasi, kopterlardan videooqimlar va ko‘plab ma’lumotlar Telegram vositasida olinmoqda», — degan u.

Holbuki bir necha yil muqaddam Rossiya hukumatining o‘zi Durovdan shifrlash kalitlarini berishni talab qilgan hamda uni FXX bilan hamkorlik qilishga majburlamoqchi bo‘lgandi. U rad etganidan keyin to‘rt yil mobaynida esa messenjerni bloklashga muvaffaqiyatsiz urinib keldi. Va, aftidan, hamon Telegram faoliyatini cheklashga urinishlarini to‘xtatgani yo‘q.

2015 yil kuz

Davlat dumasi deputati Aleksandr Ageyev FXXdan «rossiyalik foydalanuvchilar»ning Telegram’ga kirish imkoniyatini cheklashni so‘ragan, buni ilovadan IShID terrorchilari foydalanishi bilan izohlagandi. Aloqa vaziri Nikolay Nikiforov qarshi chiqqandi: «Rossiyada Telegram yoki boshqa biror messenjerni undan IShID terrorchilari foydalangani uchun bloklash — xuddi Rossiyada Toyota avtomobillarini u ishidchilar orasida mashhur ekani uchun taqiqlashdek bo‘ladi».

2017 yil yoz

Rossiya hukumati Telegram’ni Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qildi. Roskomnadzor rahbari Aleksandr Jarov Pavel Durovga ochiq xat yozib, agar talab bajarilmasa, messenjerni bloklash bilan tahdid qildi. Durov Jarovni «kommunikatsiya qanday shifrlanishini bilmaslik» uchun qoraladi va blokirovka bilan terrorizm ustidan g‘alaba qozonish uchun butun internetni bloklashga to‘g‘ri kelishini aytib javob beradi. FXX Telegram’dan shifrlash kalitlarini berishni talab qiladi. Durov rad etadi.

2017 yil kuz

Moskvadagi Meshchan sudi Telegram’ni FXXning ma’lumotlarni berish to‘g‘risidagi talabini bajarmagani uchun 800 ming rubl miqdorida jarimaga tortadi.

2018 yil bahor

RF Oliy sudi Telegram’ning da’vosini rad etadi. Roskomnadzor messenjerni qonun buzilishi haqida ogohlantirdi va shifrlash kalitlarini topshirish uchun 15 kun muhlat berdi. Muddat o‘tib ketgach, aprel oyida Roskomnadzor Telegram’ni bloklashga kirishdi. Tashkilotning urinishlari Viber, Skeng va boshqa kompaniyalar hamda do‘konlar faoliyatida uzilishlarga sabab bo‘ldi. Telegram esa foydalanuvchilarning aksarida blokirovkani aylanib o‘tish vositalarisiz ham ishlashda davom etdi, messenjer trafigi ortdi.

2018 yil yoz

Moskva shahar sudi Telegram blokirovkasi yuzasidan apellyatsiyani rad etdi. Oliy sud ham blokirovka to‘g‘risidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi. Messenjer Yevropa inson huquqlari sudiga murojaat qildi. Avgust oyi oxirida Telegram veb-versiyasi yana rossiyalik foydalanuvchilarda ishlay boshladi.

2020 yil aprel

Davlat dumasidagilar Telegram blokirovkasini to‘xtatishni taklif etishdi.

2020 yil iyun

Roskomnadzor Pavel Durovning «terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish»ga tayyorligini «ijobiy baholab», Telegram blokirovkasini yechdi. Aloqa vaziri o‘rinbosari Aleksey Volin Roskomnadzor va prokuratura messenjerni blokirovka qilishni to‘xtatgani, chunki uni blokirovka qilish «texnik jihatdan imkonsizligi»ni aytdi.

2024 yil mart

Roskomnadzor Telegram 2021 yildan buyon tashkilot talabi bilan taqiqlangan kontent bo‘lgan 256 ming postni o‘chirganini — va idoradagilar platformani bloklashga zarurat ko‘rmayotganini ma’lum qildi.

2024 yil 21 avgust

Rossiyada Telegram, WhatsApp, «VKontakte», Steam, Discord va boshqa ko‘plab servislar faoliyatida keng ko‘lamli uzilish sodir bo‘ldi. Roskomnadzor bu DDoS-hujum ekanini bildirdi. Ekspertlar hisoblashicha, bu hukumatning Telegram’ni bloklash uchun navbatdagi urinishi edi.

Ko‘proq yangiliklar: