Vladimir Putin RF vazirlar mahkamasi va markaziy banki amaldorlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda hukumatning yaqin olti yildagi iqtisodiy siyosati “maxsus harbiy amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlash”, jumladan armiya ehtiyojlari uchun “iqtisodiy bazani mustahkamlash”ga qaratilishi lozimligini ta’kidlagan.
“Rejalarimizni amaliyotga tatbiq etar ekanmiz, birinchi navbatda iqtisodiyotdagi holatga tayanamiz, chunki aynan industrial, savdo, logistika, moliya bilan bog‘liq salohiyat davlatning resurs va budjet imkoniyatlarini shakllantiradi hamda asosiy va tizimli muhim vazifalar uchun mablag‘larni paydo qiladi”, — deya Putinning so‘zlarini keltirmoqda Kreml matbuot xizmati.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya iqtisodiyoti “yaxshi sur’atlarda o‘sib bormoqda”. Yarim yil ichida YaIM 4,6 foizga oshgan, sanoat ishlab chiqarishi esa — 4,4 foizga, harbiy sanoat majmuasi doxil qayta ishlovchi sohalar esa 8 foizlik o‘sish ko‘rsatgan, degan Putin Rosstat statistikasini keltirgancha.
Budjet daromadlari uchdan bir qismga oshgan, “korxonalar, mehnat jamoalari barqaror va bir maromda ishlamoqda”, degan Putin. Uning qo‘shimcha qilishicha, “real sektordagi ijobiy tendensiyalarni kuchaytirish”, mamlakatning “infratuzilmaviy karkasi”ni mustahkamlash kerak.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili YaIM 3,6 foizga o‘sgan, bu yilning yozigacha usish sur’atlari 5 foizga yetgan. Biroq, hukumat ta’kidlayotgan iqtisodiy ko‘tarilish urush hisobiga bo‘lmoqda: harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish 2022 yildan buyon 60 foizga oshgan, fuqarolik sohalari esa turg‘unlikda, deb hisoblagan Britaniyaning Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari markazi (CERP) ekspertlari.
Rosstatning operativ ma’lumotlari esa yoz boshlanganidan buyon iqtisodiyot keskin sekinlashganini ko‘rsatmoqda. Agar fevral oyida YaIM o‘sishi 7,6 foizni, birinchi chorakda 5,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, mayga kelib bu ko‘rsatkich 3 foizgacha tushgan.
Sanoat ishlab chiqarish sur’ati iyun oyida qariyb uch barobarga sekinlashgan va so‘nggi 15 oy ichida eng past ko‘rsatkichni tashkil etmoqda — 1,9 foiz. Holbuki, may oyida bu ko‘rsatkich 5,3 foizga teng edi.