Pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi
O‘zbekiston prezidentining farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 15 foizga oshiriladi.
Bunda:
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 428 000 so‘m;
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 834 000 so‘m;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 920 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 920 000 so‘m;
- 1941 — 1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 4 056 000 so‘m;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (834 000 so‘mdan) 920 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 920 000 so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 745 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 745 000 so‘m;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 745 000 so‘m;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 745 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 244 000 so‘mdan qo‘shiladi;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 745 000 so‘m etib belgilanadi.
Jahon brendlari hamkorlari 1 mln dollar grant oladi
Mahsulotlarining kamida 30 foizini mashhur xalqaro brend ostida ishlab chiqarayotgan brend hamkorlari uchun soliq imtiyozlari beriladi. Bu prezidentning “Sanoat sohasida nufuzli xalqaro brendlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.
2024 yil 1 sentabrdan boshlab quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi:
● mashhur xalqaro brendlar ro‘yxatiga kiritilgan brend egalari bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan yuqori va o‘rta barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik sub’yektlari uchun:
— xalqaro standartlarni joriy etish, ekologik sertifikatlash va muvofiqlik bo‘yicha sertifikatlash, shuningdek, brend egalari korxonalarida, xususan, ularning ishlab chiqarish maydonchalarida ro‘yxat bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha xarajatlarni qoplash;
— mashhur xalqaro brendlar ostida kamida 1 million AQSh dollari miqdorida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilganda grantlar ajratish;
● milliy brendlar ro‘yxatiga kiritilgan brend egalari uchun quyidagi xarajatlarning 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplash:
— xalqaro standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlarini joriy etish, shuningdek, milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) xorijiy vakolatli organlarda ro‘yxatdan o‘tkazish;
— xalqaro savdo maydonchalariga (marketpleyslarga) chiqish, xorijiy davlatlarda Made in Uzbekistan ko‘rgazma zallarida mahsulotlarni joylashtirish, xorijiy savdo uylarini tashkil etishda xonalarni ijaraga olish;
— xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish, joy ijarasi, ko‘rgazma stendlarini tashkil etish va internetda reklama mahsulotlarini joylashtirish;
— ishlab chiqarish biznes-jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha axborot tizimlarini (CRM, ERP, CERM) joriy etish;
— kamida bir yil muddatga jalb etilgan malakali xorijiy mutaxassislarga ro‘yxat bo‘yicha ish haqi to‘lash.
Bu maqsadlar uchun Savdoni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 25 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi.
2024 yil 1 sentabrdan 2027 yil 1 yanvargacha mahsulotlarining kamida 30 foizini mashhur xalqaro brend ostida ishlab chiqarayotgan brend hamkorlari uchun hisobot davrida yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga pasaytiriladi.
Shuningdek, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab brend hamkorlari va milliy brend egalari tomonidan ro‘yxat bo‘yicha mutaxassis sifatida jalb qilingan xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlash muddati uch yilgacha belgilanadi.
Zargarlar uchun soliq imtiyozi beriladi
2024 yil 23 iyul kuni prezidentning “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan.
Hujjat bilan 2024 yil 1 sentabrdan boshlab «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo bo‘lgan affinaj korxonalariga «Olmaliq KMK» AJ va «Navoiy KMK» AJdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida 100 foiz oldindan to‘lov shartlarida qimmatbaho metallarni sotib olish va keyinchalik ularni qulay bo‘lgan shakl va miqdorlarga keltirgan holda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqi berilmoqda. Shuningdek, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga o‘zlari yasagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini boshqa zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
Bundan tashqari, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab 2027 yil 1 sentabrga qadar «Hunarmand» uyushmasi a’zolari uchun belgilangan soliq imtiyozlari «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etiladi. «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlarining ishlab chiqarishda foydalaniladigan ko‘chmas mulk obektlari hamda yer uchastkalari mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod qilinadi.
Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan davlat buyurtmasi parametrlariga muvofiq tadbirkorlik sub’yektlariga sotilishi lozim bo‘lgan qimmatbaho metallarning yillik hajmlari kunlik birja savdolariga chiqariladi. Bunda kunlik birja savdolarida sotilmagan qimmatbaho metallar hajmlari keyingi birja savdolariga qo‘yib boriladi.
Qimmatbaho metallar quyidagi shakllarda savdoga qo‘yiladi:
➖ 5 gramm, 20 gramm, 50 gramm, 100 gramm, 250 gramm, 500 gramm va 1 000 grammli oltin o‘lchov plastinalar va quymalar;
➖ 100 gramm, 250 gramm, 500 gramm va 1 000 grammli kumush o‘lchov plastinalar va quymalar.
Davlat buyurtmasi parametrlarida nazarda tutilgan qimmatbaho metallarning yillik hajmlari muddatidan avval sotilgan taqdirda, «Olmaliq KMK» AJ va «Navoiy KMK» AJ tomonidan birja savdolarida realizatsiya qilish uchun qo‘shimcha qimmatbaho metallar hajmlari ajratiladi.
Ov turizmi rivojlantiriladi
Davlat rahbarining “Respublikada ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklariga uch yil muddatga soliq imtiyozlari beriladi.
Hujjat bilan 2024 yil 1 sentabrdan boshlab ovchilik xo‘jaligini tashkil etishning quyidagi tartibi o‘rnatilmoqda:
➖ ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xo‘jaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi (tabiiy suv oqimlarida, shuningdek kanallarda va kollektor-drenaj tarmoqlarida umumiy foydalanish tartibida jismoniy shaxslar tomonidan baliq tutish, yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish maqsadida ov qilish hamda Ekologiya vazirligi tomonidan belgilangan tartibga asosan erkin ov qilish hududlarida ov qilish bundan mustasno);
➖ ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlaridan 10 gektargacha yer uchastkasi ovchilik bazalari va 100 gektargacha yer uchastkasi pitomniklar barpo etish uchun bitta lot sifatida investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni belgilagan holda yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratiladi. Bunda yer uchastkalari birinchi bosqichda 10 yil, investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga ko‘ra ikkinchi bosqichda 10 yil hamda uchinchi bosqichda 29 yil muddatga beriladi. Agar ikki yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil qilinmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi;
➖ elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xo‘jaliklariga (ovchilik bazalari va pitomniklarga) tutash hududdagi ov qilish joylari Ekologiya vazirligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun biriktirib beriladi. Bunda biriktirilgan ov qilish joylaridan foydalanganlik uchun undiriladigan yillik haq miqdori Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadi. Elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun tutash hududdagi ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomani tuzishdan bosh tortgan taqdirda, elektron onlayn-auksion natijalari bekor qilinadi va yer uchastkalari qayta elektron-onlayn auksion savdolariga chiqariladi;
➖ ovchilik xo‘jaliklari Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan formatda ishlab chiqilgan va kelishilgan 10 yilga mo‘ljallangan texnik-iqtisodiy asosnoma materiallari asosida faoliyat yuritadi. Pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni to‘liq bosqichda yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan holda o‘zlariga biriktirilgan ov qilish joylariga qo‘yib yuborilgan yovvoyi hayvonlar soniga teng miqdorida yovvoyi hayvonlarni Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartib asosida, ularning urchish paytlaridan tashqari yil davomida ov qilishni tashkil etadi. Bunda, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma olish talab etilmaydi;
➖ yovvoyi hayvonlarning urchish paytlari Zoologiya institutining xulosasi asosida belgilanadi.
Shuningdek, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari ushbu faoliyat yo‘nalishlarini tashkil qilgandan boshlab uch yil muddat mobaynida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini ushbu soliqlar bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.
Yo‘l obektlari alohida ruxsatnoma olingach ta’mirlanadi
Bunday tartib prezidentning 2024 yil 1 iyulda qabul qilingan tegishli qarori bilan belgilanmoqda.
Hujjatda keltirilishicha, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘l obektini har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi.
Ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 5 kun muddatda ko‘rsatiladi.
Ruxsatnoma yo‘l obektini balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bog‘liq yoki boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi. Ruxsatnomada yo‘l obektida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish huquqi berilgan shaxs, qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirishning maqsadi va muddati, ruxsatnomaning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kod, shuningdek, ushbu muddat ichida yo‘l obektining avvalgi holatini tiklamaslik tegishli ma’muriy va fuqaroviy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirish ko‘rsatiladi.
Shuningdek, yo‘l obektida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga ko‘ra taqdim etilishi shart hisoblanadi. Qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgan joyda xavfsizlik choralarini ko‘rish mas’uliyati ruxsatnoma berilgan shaxs zimmasiga yuklatiladi.
Bundan tashqari, hududlar qiyofasini yaxshilash maqsadida eksperiment tariqasida 2024 yil 1 sentabrdan 2025 yil 1 sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilab beradigan muayyan hududda quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
- fuqarolar va yuridik shaxslarning ularga tegishli bino va inshootga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi mas’uliyati ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali har bir mahallada mahalla raislari tomonidan tushuntirilishini tashkil qilish;
- ko‘p qavatli uylar hovlisi va atrofi, yo‘l hamda ko‘cha chetlarining obodonlashtirilgan namunaviy ko‘rinishini tasdiqlash;
- yo‘l va ko‘cha chetlaridagi bo‘sh yerlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlash.
Nogironlikni belgilashning yangicha tartibi joriy etiladi
Prezidentning tegishli qarori bilan nogironlikni belgilashning yangi tartibi joriy etilmoqda.
Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yo‘llash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi. Bunda vrachlik-maslahat komissiyalari oilaviy shifokorlar tomonidan tibbiy hujjatlar o‘z vaqtida to‘g‘ri rasmiylashtirilgan holda yuborilishiga uslubiy ko‘maklashadi.
Shuningdek, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti nogironlikni baholash shkalasining mahalliy xususiyatlar va shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2025 yil 1 sentabrga qadar nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi.
Shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra «Inson» markazlariga borish imkoniga ega bo‘lmaganda sog‘lig‘ining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkaziladi.
Soliqchilarga yangi vakolat beriladi
2024 yil 1 sentabrdan boshlab soliq organlariga har chorakda majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan soliq tekshiruvlarini amalga oshirish vakolati beriladi. Bu haqda prezidentning 2024 yil 30 mayda qabul qilingan “Majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.
Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan markirovkalanadigan mahsulotlarni markirovkani o‘qish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda, ushbu tadbirkorlik sub’yektlari shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi hamda quyidagi choralarni ko‘rish amaliyoti joriy etiladi:
➖ ikki marta ogohlantirishdan so‘ng qonunbuzilishi bir oy ichida qayta takrorlangan taqdirda, tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi;
➖ qonunbuzilishi soliq tekshiruvi yakunlangandan bir oydan keyin qayta takrorlanganda tadbirkorlik sub’yektlarini xabardor qilmasdan hamda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Shuningdek, soliq organlariga majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar bo‘yicha aniqlangan qalbaki va kontrafakt holatlar hamda markirovkalash qoidalari buzilganligi yuzasidan tekshiruvlarni tadbirkorlik sub’yektlarini xabardor qilmasdan hamda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda amalga oshirish vakolati beriladi.
Bundan tashqari, 2024 yil 1 sentabrdan pivo mahsulotlarining chakana savdosi faoliyati vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilmoqda. Tamaki va pivo mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdoridagi har oylik yig‘im ham joriy etiladi.
Tamaki mahsulotlari tranziti uchun talablar belgilanadi
Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlari kuchaytirilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab iste’mol va texnik etil spirti xarid qilgan ishlab chiqaruvchilar tomonidan O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining axborot tizimiga xarid qilish jarayonida joylashtirilgan iste’mol va texnik etil spirtidan foydalanish maqsadlaridan boshqa maqsadda foydalanilganligi aniqlanganda, oxirgi 12 oyda birja savdolarida xarid qilingan iste’mol va texnik etil spirti hajmiga hisoblanadigan aksiz solig‘i summasining 2,5 baravari miqdorida soliq organlari tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanadi.
Shuningdek, farmon bilan 2024 yil 1 sentabrdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarining tranziti uchun quyidagi talablar joriy etiladi:
➖ tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yo‘li bilan tashilgan taqdirda, uni olib o‘tish jadvalining mavjudligi;
➖ yuk olib o‘tuvchi tomonidan tegishli bojxona to‘lovlarining summasi O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilganligi. Bunda keyinchalik tovarlar respublika tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan so‘ng to‘langan summalar qaytariladi;
➖ tamaki tashuvchi transport vositalarining faqat inspeksion ko‘rik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali o‘tkazilishi;
➖ qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bo‘lgan tamaki mahsulotlarini respublika hududidan tranzit olib o‘tishga ruxsat etilishi, bundan aksiz markasi qo‘llanmaydigan davlatlardan import qilish yoki ularga eksport qilish hamda qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar mustasno.
Farmonda 2024 yil 1 sentabrdan boshlab alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi uchun eng kam sotish narxlarini joriy qilish ham nazarda tutilgan.
Boshqa o‘zgarishlar
2024 yil 1 sentyabdan boshlab:
- sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari, shuningdek, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilarining 100 nafarini har oyda bir marta velosiped va boshqa mukofotlar bilan taqdirlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish yig‘ma bo‘limlari tashkil etiladi;
- xavfli yuklar tranzitiga ruxsatnomalar olish uchun xulosalar «Xavfli yuk» axborot tizimi orqali berilishi tashkil etiladi;
- 2027 yil 1 yanvarga qadar yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi hamda mazkur xarajatlar Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida qoplanadi;
- Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi;
- ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik 100 foizgacha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi. Bunda ushbu ustamalarni ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga to‘lash tartibi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi;
- O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli Respublika ixtisoslashtirilgan kompleks bolalar va o‘smirlar sport maktabining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyati hududiy maktablari ochiladi;
- sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi. Barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi;
- menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab direktorlariga 50 foiz, maktab direktori o‘rinbosarlariga 30 foiz ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi;
- Toshkent shahrida jamoat transporti harakati haqida axborot beruvchi maxsus portallar ishga tushiriladi;
- «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasida kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining pedagog kadrlariga o‘zbek imo-ishora tilini o‘rgatish bo‘yicha qisqa muddatli onlayn o‘quv kurslari tashkil qilinadi. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o‘zbek imo-ishora tilini kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quv jarayoniga joriy etiladi, umumta’lim fanlar bo‘yicha darsliklarning imo-ishora tiliga o‘girilgan video shakli yaratiladi;
- ayrim imtihon turlaridan kamida S1 va unga tenglashtirilgan daraja olgan yoshlarning 6 oygacha bo‘lgan o‘qish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda mablag‘ qoplab beriladi;
- yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda uning hududiy bo‘linmalariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
- neft, gaz (shu jumladan, siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi) va gaz kondensatini qazib olish va qayta ishlash uchun litsenziya olishda ko‘rsatiladigan texnologik jarayonlar va texnologik uskunalarning holati texnik jihatdan tartibga solinadi.