25 avgust kuni Fransiyada Telegram asoschisi Pavel Durov qo‘lga olinishi ortidan Rossiyadagi rasmiylar va ayrim yirik biznesmenlarga ushbu messenjerdagi ish bo‘yicha yozishmalarini o‘chirib yuborish buyurilgan. Bu haqda Rossiya huquq-tartibot idoralariga yaqin hisoblangan Baza telegram-kanali xabar tarqatdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, bunday topshiriq ayrim kuchishlatar tuzilmalar, prezident administratsiyasi, Rossiya hukumati, shuningdek RF mudofaa vazirligining qator yuqori martabali mulozimlariga kelgan.
Shu bilan birga, Baza bilan suhbatlashgan ayrim rasmiylar ulardan telegramdagi yozishmalarni o‘chirish so‘ralmaganini aytishgan. Nashr suhbatdoshlari bunday ko‘rsatma 26-27 avgust kunlari bo‘lishini kutishayotganini aytishgan.
Shu bilan bir vaqtda rossiyalik propagandachi Margarita Simonyan telegramdagi kanalida «nozik suhbatlar, yozishmalar uchun telegramdan foydalanishga odatlangan har bir kishi endi bunday yozishmalarni o‘chirib tashlashi va boshqa bunday qilmasligi kerakligi» haqida yozgan.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Pavel Durov qo‘lga olinishi bilan bog‘liq xabarni izohlashni istamagan.
«Biz hozircha Durov aynan nimada ayblanayotganini bilmaymiz, biz bu borada hech qanday rasmiy bayonotni ko‘rganimiz yo‘q. Nimadir deyishdan oldin vaziyat oydinlashishini kutish lozim: Durovni aynan nimada ayblashmoqchi ekanini. Busiz, qandaydir bayonot berish to‘g‘ri bo‘lmaydi», — degan Peskov jurnalistlarga (iqtibos «Vy slushali Mayak»dan).
Peskovdan shuningdek Durov va Vladimir Putin ayrim manbalar aytganidek Bokuda uchrashgani borasida izoh so‘rashgan. RF prezidenti matbuot kotibi bunga javoban qisqa javob qaytargan: «Yo‘q».
Pavel Durov 24 avgust kuni Parijdagi aeroportda qo‘lga olindi, u bu yerga Ozarboyjon poytaxtidan xususiy samolyotda uchib kelgandi. Qo‘lga olish to‘g‘risidagi order Fransiya sud politsiyasi tomonidan «dastlabki tergov» asosida berilgan. TF1 telekanaliga ko‘ra, Durovga telegramda moderatsiya yo‘qligi, messenjer ma’muriyati esa
hukumat bilan hamkorlik qilishdan bosh tortayotgani tufayli og‘ir jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilishi mumkin. Durov 26 avgust kuni sudga keltirilishi kutilmoqda. Fransiya hukumati Pavel Durov qo‘lga olingani yuzasidan rasmiy bayonot bermagan.