O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil armiyasi G‘azodagi hujumlarini bas qilgani yo‘q. TsAHAL G‘azodagi Xon Yunus shahrida joylashgan tarixiy Masjid ul-Haram masjidini portlatib yuborgan.
Isroil armiyasi HAMAS jangchilari yashiringan degan vaj bilan masjidlarga ham bostirib kirmoqda. Isroil askarlari masjidlarga bostirib kirib, u yerdagi Qur’onlarga o‘t qo‘yib tasvirga ham olishmoqda.
Al Jazeera telekanali G‘azo shimolidagi Bani Solih masjidiga Isroil okkupatsion kuchlari askarlari bostirib kirib, u yerdagi barcha Qur’on kitoblarini yoqib yuborgani tasvirini tarqatdi.
7 oktyabrdan buyon Isroil qo‘shinlari G‘azoda 609 ta masjidni butunlay yo‘q qilgani, 211 tasiga esa qisman zarar yetkazgani ma’lum qilinmoqda.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, genotsidning 324-kuniga kelib qamal qilingan eksklavda halok bo‘lganlar soni 40 ming 405 kishi. 93 ming 468 kishi yaralangan.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil qo‘shinlari uchta ommaviy qirg‘in tashkillashtirgan. 71 kishi o‘ldirilgan, 112 kishi yarador qilingan. Eslatib o‘tamiz, o‘ldirilganlarning 16 mingdan ortig‘i yosh bolalar. Yana 21 ming bola bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.
G‘azo bo‘yicha muzokaralar
Jo Bayden tomonidan 2 iyulda berilgan taklifga ko‘ngan HAMAS «Isroil okkupatsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladigan» o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Misr poytaxti Qohirada berilgan yangi taklifni rad etmoqda.
«Anadolu» agentligi bilan suhbatda HAMASning yuqori martabali vakili shunday degan:
«HAMAS AQSh prezidenti Bayden va BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan 2 iyul kuni taklif etilgan o‘t ochishni to‘xtatish taklifini bajarishga to‘liq tayyor. Bu taklif bizning xalqimizning oliy maqsadlarini ro‘yobga chiqarish va unga qarshi agressiyani to‘xtatishga qaratilgan edi».
HAMAS rasmiy vakilining alohida qayd etishicha, har qanday kelishuv o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va Isroilning G‘azo sektorini butkul tark etishini o‘z ichiga olishi kerak. Qohirada ularga berilayotgan taklif esa buni nazarda tutmaydi.
Isroilning Livanga zarbasi
Isroil Livandagi «Hizbulloh» guruhiga ogohlantiruvchi zarba berdi, bunga javoban guruh Isroilga qarata yuzlab raketalar uchirdi.
«O‘zimizni himoya qilish va tahdidlarni yo‘q qilish maqsadida «Hizbulloh» Isroildagi tinch aholi ustiga hujum qilishni mo‘ljallab turgan Livandagi terrorchilik nishonlariga TsAHAL zarba bermoqda», — Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagari.
Isroil Livanga zarba bergach, mudofaa vaziri Yoav Gallant mamlakatda 48 soatlik favqulodda holat joriy qildi. Tel-Aviv aeroportlari reyslarni qabul qilish va jo‘natishni bas qildi.
Hagari o‘nlab samolyotlar Livan janubidagi nishonlarga zarba berayotganini e’lon qildi. Isroil xavfsizlik kengashi zudlik bilan chaqirildi.
Unda chiqish qilgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livanga hujumni «tarixning tugashi emas, shimoldagi vaziyatni o‘zgartirish yuzasidan yangi qadam», deb atagan.
Shundan so‘ng «Hizbulloh» dronlar va raketalar vositasida Isroil shimoliga hujum uyushtirgan. Shialarning radikal guruhi bu hujumlarni iyul oyi oxirlarida «Hizbulloh»ning harbiy qo‘mondoni Fuad Shukrning o‘ldirilishi uchun qasos deb atagan va hali bu hujumlarning birinchi bosqichi ekanligini ta’kidlagan.
Netanyahuning ma’lum qilishicha, «Hizbulloh» Isroil shimolidagi harbiy punktlarga zarba berish uchun asrab turgan minglar kichik masofaga uchuvchi raketalar yo‘q qilingan. «Hizbulloh» tomonidan mamlakat markazidagi strategik markazlarga zarba berish uchun uchirilgan barcha pilotsiz parvoz qurilmalari tutib, urib tushirilgan».
Hibsga olingan Durov
Telegram asoschisi Pavel Durov Ozarboyjondan Parijga o‘z shaxsiy samolyotida borganda Le Burjye aeroportida shanba kuni tunda qo‘lga olindi.
Fransiya huquq-tartibot organlari Durovni «narkotiklar aylanmasi, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlik»da ayblamoqda. Asosiy sabab qilib Messenjerda moderatsiya yo‘qligi va qonunni himoya qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikdan bosh tortgani ko‘rsatilmoqda.
Durovni tintuv qilishga izn beruvchi order u faqat Fransiya hududida bo‘lganda haqiqiy bo‘lgan, deb xabar beradi TF1 telekanali. Durov Parijga o‘z oyoqlari bilan borgan va hibsga olingan.
Durovga nisbatan bir qator ayblovlar ilgari surilgan va Fransiya fuqarosi sifatida sudlanishi aytilmoqda. Agar ayblari isbotlansa u 20 yilga qamalishi mumkin.
Boz ustiga, Fransiya Durov ustidan o‘tkaziladigan sud jarayonidan Telegram'ga qarshi Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini joriy qilish uchun foydalanishi mumkinligi aytilmoqda.
Durov ishiga mas’ul bo‘lgan Parij prokuraturasi 26 avgust, dushanba kuni matbuotga bayonot berishi ma’lum qilindi.
Durovning hibsga olinishi katta rezonans keltirib chiqardi. Rossiya tomoni uni ozod etish kerakligini talab qilgan. Biroq rossiyalik diplomatlarga u bilan uchrashishga izn berilmagan. «Hozircha Fransiya tomoni bu masala bo‘yicha o‘zaro aloqadan qochmoqda», degan RFning Parijdagi elchixonasi.
X mikrobloglar tarmog‘i egasi Ilon Mask Durov hibsga olinganidan keyin FreePavel heshtegi ostida post e’lon qildi.
Bu orada Fransiya sud organlari 25 avgust, yakshanba kuni 39 yoshli Telegram asoschisi Pavel Durovni hibsda saqlash muddatini yana 48 soatga uzaytirgan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, so‘roq uchun hibsga olishning dastlabki muddati maksimal 96 soatgacha davom etishi mumkin. Bu vaqt ichida Durov ayblanishi yoki ozod etilishi kerak.
Telegram jamoasi Pavel Durovning hibsga olinishiga birinchi marta izoh berib, rasmiy bayonotni e’lon qildi. Unda «platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilik» ekani aytilgan.
Durovning hibsga olinishi fonida unga tegishli TON kriptovalutasi ham 15 foizga quladi.
Ukrainadan Belarusga ogohlantirish
Kiyev Ukraina bilan chegarada Belarus qo‘shinlari to‘planganini e’lon qildi.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi Minskni «Moskva bosimi ostida fojiali xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka» chaqirdi. Idora Belarus qurolli kuchlari xodimlari, tanklar, artilleriya, birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari va havo hujumidan mudofaa tizimlari chegaraga olib kelinganini e’lon qildi.
Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Belarus mashg‘ulotlar niqobi ostida Ukraina bilan chegara yaqinida muhim miqdorda shaxsiy tarkib va harbiy texnikani to‘plagan. Ular orasida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi jangarilari ham bor.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi Belarus hukumatini «Moskva bosimi ostida fojiali xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka», harbiy qo‘mondonlikni esa «nodo‘stona harakatlar»ni to‘xtatishga va armiyani Ukraina chegaralaridan olib chiqishga chaqirdi.
Chegara buzilgan taqdirda, Ukraina «o‘zini himoya qilish choralarini» ko‘radi va Belarus qo‘shinlarining barcha konsentratsiyasi «Ukraina qurolli kuchlari uchun qonuniy nishonga» aylanadi. «Ukraina hech qachon Belarus xalqiga qarshi nodo‘stona harakatlar qilmaganini va qilmoqchi emasligini ta’kidlaymiz», — deyiladi bayonotda.
18 avgust kuni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko armiyaning deyarli 1/3 qismi Ukraina bilan chegaraga joylashtirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Brestdan Grodnogacha bo‘lgan himoya chizig‘i shakllantirilishi haqida ma’lumot berdi.
Kamala Harrisga donatlar
AQSh prezidentligiga demokratik partiyadan nomzod Kamala Harris saylovoldi shtabi bir oyda 540 million dollar donat yig‘gan. Aytilishicha, Harrisning demokratik partiya milliy qurultoyidagi chiqishidan so‘ng, yig‘ilgan mablag‘lar rekord darajaga yetdi.
«Vitse-prezident Harrisning payshanba oqshomidagi asosiy nutqidan oldin, biz rasman 500 million dollarlik marradan o‘tdik. Nutqidan keyin esa yanada yaxshi natijaga erishdik», deb ma’lumot berdi saylovoldi kampaniyasi menejeri Jyen O'Melli Dillon.
Qayd qilinishicha, bir hafta davom etgan demokratik partiya milliy qurultoyi davrida 82 million dollar donat yig‘ilgan. Bu tarixda qisqa vaqt ichida eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘lgan.
21 iyul kuni Jo Bayden noyabrdagi prezidentlik saylovida qatnashmasligini e’lon qildi. U demokratlarga o‘z vitse-prezidenti Kamala Harrisni ushbu lavozimga ko‘rsatishni taklif qildi. Demokratik partiya milliy qurultoyida Harrisning nomzodi rasman tasdiqlandi.