Durovning hibsga olinishi siyosiy qaror emas - Makron

Jahon 20:38 / 26.08.2024 17426

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Telegram asoschisi Pavel Durovning hibsga olinishi haqida bayonot berdi va bu siyosiy qaror emasligini, balki tergov bilan bog‘liqligini aytdi.

«Pavel Durov hibsga olinganidan keyin Fransiya haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni o‘qiyapman. Fransiya so‘z va muloqot erkinligi, innovatsiyalar va tadbirkorlikka har qachongidan ham sodiqdir. Shunday bo‘lib qoladi», deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Qonun ustuvorligi sharoitida, real hayotdagi kabi ijtimoiy tarmoqlarda ham fuqarolarni himoya qilish va ularning asosiy huquqlarini hurmat qilish uchun qonun bilan belgilangan doirada erkinliklardan foydalaniladi. Fransiyada Telegram rahbarining hibsga olinishi davom etayotgan sud tergovi doirasida sodir bo‘ldi. Bu hech qanday siyosiy qaror emas. Qarorni sudyalar qabul qiladi», deb qo‘shimcha qildi Makron.

Durovning Fransiyada hibsga olingani 25 avgustga o‘tar kechasi ma’lum bo‘ldi. Fransiya matbuotiga ko‘ra, Durov Bokudan shaxsiy samolyotda uchib kelgan va Le Burjye aeroportida qo‘lga olingan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Durov Telegram platformasida yetarlicha moderatsiya o‘tkazilmagani va giyohvand moddalarni tarqatish, bolalar pornografiyasi va firibgarlikda gumon qilingan foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishda razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun ayblanishi mumkin.

Reuters agentligining politsiyaga tayanib xabar berishicha, Telegram asoschisi hibsda saqlanmoqda. Durov «politsiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani» va Telegram tarmog‘ida moderatorlar yo‘qligi tufayli «keng ko‘lamli jinoyatlarga» aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Ish Jandarmeriyaning Milliy kiber-bo‘linmasi (UNC) va Firibgarlikka qarshi Milliy byurosi (ONAF) tomonidan tergov qilinmoqda.

Telegram platformasi jamoasi Durovning hibsga olinishiga izoh berar ekan, Yevropa qonunlariga amal qilishini va soha standartlariga muvofiq moderatsiya qilishini aytdi. Telegram asoschisi, uning jamoasiga ko‘ra, «yashiradigan hech narsasi yo‘q». «Platforma yoki uning egasi ushbu platformani suiiste’mol qilish uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilikdir», deyiladi bayonotda.

Durovning hibsga olinishi Rossiya rasmiylarida norozilik uyg‘otdi. Ular Parijni so‘z erkinligini cheklashga urinayotganlikda aybladi. Vaholanki, Rossiya rasmiylari bir necha yil oldin Telegram platformasini bloklashga uringan edi. Shuningdek, Durovning qo‘lga olinishi Internetni tartibga solishga qarshi bo‘lganlar orasida ham norozilik uyg‘otdi, masalan, X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Maskda.

Durov, Rossiya fuqaroligidan tashqari Fransiya fuqaroligiga ham ega. Fransiyaning TF1 telekanaliga ko‘ra, u Fransiyada qidiruvga berilganini bilgan va bu mamlakatga borishdan tiyilgan. Shunday bo‘lsa-da, uning nega Fransiyaga borgani hali ham noma’lum.

Durov Rossiyani 2014 yilda, o‘zi yaratgan «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi ulushini sotib yuborganidan so‘ng tark etgan edi. Durov ta’kidlaganidek, u ukrainalik muxolifat faollari haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilgan FXX bilan ziddiyatga borgani tufayli shunga majbur bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: