Durovning Fransiyadagi hibs muddati uzaytirildi

Jahon 09:04 / 26.08.2024 9173

Fransiya sud organlari 25 avgust, yakshanba kuni 39 yoshli Telegram asoschisi Pavel Durovni hibsda saqlash muddatini yana 48 soatga uzaytirdi, deya xabar bermoqda AFP tergovga yaqin manbaga tayanib.

Durov 24 avgust kuni kechqurun Le-Burjye aeroportida qo‘lga olingan. Jurnalistlar ta’kidlashicha, so‘roq uchun hibsga olishning dastlabki muddati maksimal 96 soatgacha davom etishi mumkin. Bu vaqt ichida Durov ayblanishi yoki ozod etilishi kerak. 

«Platformadan jinoiy maqsadda foydalanishni to‘xtatish uchun choralar ko‘rilmadi» 

Le Provence yozishicha, Milliy politsiyaning voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha boshqarmasi (OFMIN) Durovni hibsga olish uchun order bergan va tergov Jandarmeriya milliy kiber-bo‘linmasi va Firibgarlikka qarshi kurash milliy byurosiga topshirilgan. 

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, order gumon qilinayotgan jinoyatlar, jumladan, firibgarlik, narkotik moddalar savdosi, kiberbulling, uyushgan jinoyatchilik, bolalarga qarshi jinoyatlar va terrorizmni targ‘ib qilish bo‘yicha dastlabki tergov doirasida berilgan. Durov o‘z platformasidan jinoiy foydalanishni to‘xtatish choralarini ko‘rmaganlikda ayblanmoqda. 

Fransiya rasmiylari va huquq-tartibot idoralari haligacha Durovning hibsga olinishiga izoh bermadi. Parij prokuraturasi TASS so‘roviga javoban to‘liq matbuot bayonoti 26 avgust, dushanba kuni e’lon qilinishini ma’lum qildi. 

Telegram Durov hibsga olinganidan keyin birinchi rasmiy bayonotni e’lon qildi

Telegram jamoasi ijtimoiy tarmoq asoschisi va bosh direktori Pavel Durovning hibsga olinishiga birinchi marta izoh berib, yakshanba kuni kechqurun rasmiy bayonotni e’lon qildi, unda «platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilik» ekani aytilgan.

«Telegram Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga amal qiladi – uning moderatsiyasi soha standartlariga javob beradi va doimiy ravishda takomillashtiriladi. Telegram bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yo‘q va u tez-tez Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi. Platformadagi suiiste’molliklar uchun platforma yoki uning egasi javobgar, deb da’vo qilish bema’nilikdir», - deyiladi bayonotda. 

Ko‘proq yangiliklar: