Dunyodagi eng xavfli dengizlar ma’lum qilindi

Jahon 14:33 / 26.08.2024 32161

Kuchli oqim va dovullarga boy bunday dengizlar ko‘pincha ularni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan kemalar uchun qabristonga aylanadi. Dreyk bo‘g‘ozi, Bermud uchburchagi va Janubiy Xitoy dengizi shular jumlasidandir.

Dreyk bo‘g‘ozi

Janubiy Amerika va Antarktida o‘rtasidagi tor suv havzasi dunyodagi eng halokatli joylardan biri hisoblanadi. Ingliz tadqiqotchisi Frensis Dreyk sharafiga nomlangan va 1578 yilda dunyo bo‘ylab sayohat paytida kashf etilgan ushbu bo‘g‘oz o‘zining bo‘ronli havosi va kuchli oqimlari bilan mashhur.

Kengligi taxminan 800, uzunligi 400 kilometr bo‘lgan bo‘g‘oz Antarktidani Janubiy Amerikadagi Gorn buruni, shuningdek, Atlantika va Tinch okeanlari bilan bog‘laydigan eng qisqa o‘tish joyi hisoblanadi. Uning maksimal chuqurligi 5840 metr.

Dreyk bo‘g‘ozida kengroq quruqliklar bo‘lmagani sababli, oqimlar bemalol katta hajmdagi suvni haydashi mumkin. Masalan, sekundiga 100 dan 150 million kub metrgacha suvni siljita oladigan Antarktika sirkumpolyar oqimi har qanday kemalar uchun xavf tug‘diradigan aysberglarni ham bo‘g‘oz orqali surib yuboradi. Bundan tashqari, bo‘g‘ozda 9 -12 metrgacha balandlikdagi to‘lqinlarni keltirib chiqaruvchi kuchli shamollar esib turadi.

Ushbu omillarning barchasi nafaqat tarixiy ekspeditsiyalar davrida, balki bugun ham Antarktidadagi sayohatchilar uchun halokatli to‘siq yaratmoqda.

Bermud uchburchagi

Jahon hamjamiyati e’tiborini tortgan yana bir suv havzasi — Bermud uchburchagidir. Atlantika okeanidagi Bermud orollaridan Puerto-Rikoga va Floridaning janubiy chekkasigacha cho‘zilgan 1,3 million kvadrat kilometrlik ulkan makon asrlar davomida ko‘plab kemalarni sirli tarzda “yutib yuborgan”. Ulardan birinchisi haqida 1950 yil 17 sentabrda xabar berilgan.

Bu g‘alati voqealarga har xil izoh beriladi: uydirmalardan tortib haqiqatgacha. Biroq tadqiqotlarga ko‘ra, ushbu noaniq chizilgan uchburchakdagi baxtsiz hodisalar okeanning boshqa qismlaridan ko‘p emas.

Halokatlarga birinchi izoh — kemalarning keskin harakatlanishida. Okeanning ushbu qismidan transport vositalari ko‘p o‘tgani sababli baxtsiz hodisalar ulushi ham yuqori bo‘ladi. Bermud uchburchagining 5 kilometrgacha cho‘zilgan chuqurligi esa yo‘qolgan kemalarni qidirishni murakkablashtiradi.

Janubiy Xitoy dengizi

Yana bir xavflisi Janubiy Xitoy dengizi bo‘lib, u dunyo okeanidagi eng katta dengizlardan biri — maydoni 3537 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. Tinch okeanining bu qismida, ayniqsa, musson mavsumlarida kuchli tropik bo‘ronlar va tayfunlar tez-tez sodir bo‘ladi. Ko‘plab o‘rganilmagan sayozliklar va riflar esa dengizda sayohat qiluvchi kemalar uchun qo‘shimcha to‘siqlar yaratadi.

Janubiy Xitoy dengizi strategik va resurslarga boy mintaqa. Yuqorida qayd etilgan boshqa dengizlardan farqli o‘laroq, u yerda aynan inson omili bilan bog‘liq yana bir tahdid mavjud — mintaqadagi geosiyosiy keskinlik, chunki bir nechta davlatlar uning hududiga da’vogarlik qilmoqda. Bu kelishmovchiliklar hatto harbiy qarama-qarshiliklarga ham olib kelgan, bugungi kunda esa hududda militarizatsiya kuchayishi kuzatilmoqda.

Asrlar davomida Janubiy Xitoy dengizining yana bir muammosi qaroqchilik edi. So‘nggi o‘n yilliklarda qaroqchilik darajasi pasaygan bo‘lsa-da, mintaqaning ulkan va bahsli suvlari tufayli harakatlanish muammosi saqlanib qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: