Avstraliyada xodimlar endi ish vaqtidan keyin ish beruvchining xabar va qo‘ng‘iroqlariga javob bermasligi mumkin. Yangi qonun 26 avgust kuni kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, xodimlar dam olish vaqtida rahbariyatning ishga oid xabarlarini e’tiborsiz qoldirsa, jazolanishdan qo‘rqmasa ham bo‘ladi.
“Uzilish huquqi” nomli qonun Mehnat kodeksiga kiritilgan tuzatishlarning bir qismi bo‘lib, u Avstraliya senatorlari, mehnat vaziri Toni Berk, shuningdek, Kasaba uyushmalari kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Tarafdorlarning fikricha, qonun “xodimlarga ish vaqtidan tashqari asossiz muloqotdan voz kechishga imkon beradi va work-life balance tamoyiliga rioya etilishini ta’minlaydi”.
Ish va dam olish o‘rtasidagi muvozanat, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasidan buyon buzilgan. Bunga ko‘pchilik uydan ishlashga o‘tgani sabab bo‘lgan.
“Raqamli texnologiyalarga o‘tishimizdan oldin hech qanday aralashuv yo‘q edi, odamlar smena oxirida uyga ketib, ertasiga ishxonaga qaytmagunicha ulardan darak bo‘lmasdi”, - dedi Svinbern texnologiya universiteti dotsenti Jon Xopkins.
“Endi bo‘lsa butun dunyoda ish soatlaridan tashqarida, hatto ta’tilda ham elektron pochta, SMS, telefon qo‘ng‘iroqlari bezovta qilishi odatiy holga aylandi”.
Avstraliya instituti tomonidan 2023 yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, avstraliyaliklar 2023 yilda ish vaqtidan tashqari o‘rtacha 281 soat ko‘proq ishlagan, ammo qo‘shimcha haq olmagan. Ular o‘z mehnatlarining pul qiymatini 130 milliard Avstraliya dollariga (88 milliard dollar) teng deya baholashdi.
BBC ta’kidlashicha, qonun ish beruvchiga ishdan tashqari vaqtda xodimlar bilan bog‘lanishni taqiqlamaydi, lekin xodimga qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga javob bermaslik huquqini beradi. Hujjatga ko‘ra, ish beruvchi va xodim kelishmovchiliklarni o‘zaro hal qilib olishi kerak. Agar buning iloji bo‘lmasa, adolatli mehnat munosabatlari bo‘yicha komissiya (FWC) vaziyatga aralashadi.
Holatni o‘rgangan FWC ish beruvchidan ishdan tashqari vaqtda xodimni tinch qo‘yishini talab qilishi yoki xodimning xabarlarga javob berishdan bosh tortishini “asossiz” deb topishi mumkin.
FWC buyruqlarini bajarmagan xodim 19 ming Avstraliya dollari (12 ming dollardan ortiq), kompaniya esa 94 ming Avstraliya dollari (63 ming dollardan ortiq) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Avstraliyada joriy etilgan qonun dunyoning yigirmaga yaqin davlatida, asosan, Yevropa va Lotin Amerikasi mamlakatlarida mavjud. Masalan, Fransiyada Pioner France kompaniyasi 2017 yilda ushbu qonunni tatbiq qildi, bir yil o‘tgach, zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha Rentokil Initial firmasini xodimdan har doim telefonini yoqib yurishni talab qilgani uchun 60 000 yevro (66,7 ming dollar) miqdorida jarimaga tortdi.