Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilar tomonidan Yaman qirg‘oqlari yaqinida MV Sounion neft tankerining o‘qqa tutilishi bir million barrel neftning Qizil dengizga sizib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda 24 avgust kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Miller ogohlantirdi.
Tanker ekipaji evakuatsiya qilingan, biroq «husiychilar kema va uning yukini dengizda cho‘ktirishga qat’iy qaror qilgan ko‘rinadi», deya xabar berdi AQSh tashqi siyosat idorasi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan isyonchilar bir necha oy davomida o‘tkazgan hujumlarida «yamanliklar va mintaqadagi boshqalar hayotini qo‘llab-quvvatlovchi baliq ovlash iqtisodiyoti va mahalliy ekotizimlarni yo‘q qilish» niyatida ekanini ochiq ko‘rsatdi, deya qo‘shimcha qildi Miller. U husiychilarni «bu harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishga» chaqirdi.
Husiychilar MV Sounion neft tankeriga hujum qildi
Gretsiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan va 150 ming tonna xom neft tashuvchi MV Sounion kemasiga 21 avgust kuni Yamanning Xodeyda porti yaqinida uchta snaryad kelib tegdi. Yaman husiychilari tankerga uchuvchisiz uchoqlar va raketalarni otishganini aytdi.
Qizil dengizdagi savdo kemalarini himoya qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining Aspides dengiz missiyasi ikki nafar rossiyalik va 23 nafar filippinlikdan iborat MV Sounion ekipajini xavfsiz joyga evakuatsiya qildi. O‘shandan beri kema, Delta Tankers ma’lumotlariga ko‘ra, Qizil dengizda Eritreya va Yaman o‘rtasidagi langarda joylashgan. Aspides, shuningdek, nazoratsiz qolgan tanker yuk tashish va atrof-muhit uchun xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirdi.
23 avgust kuni Britaniya dengiz xavfsizligi boshqarmasi (UKMTO) MV Sounion kemasida uchta yong‘in sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Husiychilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda tankerda sodir bo‘lgani taxmin qilinayotgan uchta portlash aks etgan.