Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib o‘tilgan harbiy aviatexnikalar bo‘yicha kelishuvga erishildi - AQSh elchisi

O‘zbekiston 13:46 / 26.08.2024 28887

2021 yilda «Tolibon» Kobulni egallaganda Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga bir qancha harbiy samolyot va vertolyotlari uchib o‘tgan edi. AQSh va O‘zbekiston rasmiylari ushbu aviatexnikalarning keyingi taqdiri bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik Kun.uz'ga ma’lum qildi.

«Harbiy texnikalar O‘zbekistonda bo‘ladi. Ha, bu allaqachon rasmiy», — dedi elchi aviatexnika jihozlari O‘zbekistonda qoladimi, degan savolga javob berar ekan. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar allaqachon qo‘shma dasturni amalga oshirishni boshlagan.

«Ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan, ular amerikaliklarniki edi. Afg‘on armiyasi undan foydalandi, lekin biz hamisha xo‘jayin bo‘lganmiz», — dedi Henik.

Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgunga qadar 164 ta jangovar samolyot bo‘lgan, hozirda ularning soni 81 ta. Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari uchuvchilari samolyot va vertolyotlarning bir qismini O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Xususan, 2021 yilda, «Tolibon» Kobulni egallagan kunlarda bortida 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini kesib o‘tgan. 

«Tolibon» ushbu havo kemalari Afg‘oniston mulki ekani va ular qaytarilishi lozimligi haqida bir necha bor bayonot bergan. O‘z navbatida O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanini va ularni qaytarib bo‘lmasligini bildirib kelayotgandi. 

Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi ham O‘zbekiston aviatexnikalarni Afg‘onistonga qaytarmasligini aytgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: