Kamala Harris saylovoldi shtabining ma’lum qilishicha, AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod saylov kampaniyasi boshlanganidan beri bir oy ichida homiylardan 540 million dollar olgan. Bu haqda AP xabar berdi.
«Vitse-prezident Harrisning payshanba oqshomidagi asosiy nutqidan oldin, biz rasman 500 million dollarlik marradan o‘tdik. Nutqidan keyin esa yanada yaxshi natijaga erishdik», deb ma’lumot berdi kampaniya menejeri Jyen O'Melli Dillon.
Qayd qilinishicha, bir hafta davom etgan Demokratik partiya Milliy qurultoyi davrida 82 million dollar yig‘ilgan. Bu tarixda qisqa vaqt ichida eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘lgan.
21 iyul kuni Jo Bayden noyabrdagi prezidentlik saylovida qatnashmasligini e’lon qildi. U demokratlarga o‘z vitse-prezidenti Kamala Harrisni ushbu lavozimga ko‘rsatishni taklif qildi. Demokratik partiya Milliy qurultoyida Harrisning nomzodi rasman tasdiqlandi.