Germaniyaning yaqin yillarda Ukrainaga harbiy yordamini qisqartirishi «juda tashvishli bo‘ladi», dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 23 avgust, juma kuni Ispaniyaning Santander shahrida so‘zlagan nutqida. «Shu paytgacha Germaniya Ukrainaning eng yirik qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lib kelgan, deya qo‘shimcha qildi Borrel. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Berlin Yevropa Ittifoqining Kiyevga umumiy yordamiga juda katta hissa qo‘shmoqda.
Germaniya Ukrainaga harbiy yordam miqdorini cheklashni rejalashtirmoqda
Kiyevga harbiy yordamni davom ettirish haqidagi munozaralar Berlinning 2025 yildayoq uning hajmini kamaytirish rejalari fonida davom etmoqda. Frankfurter Allgemeine Sonntagszeitung (FAS) gazetasi 17 avgust kuni Germaniya hukumati Ukrainaga yaqin kelajakda qo‘shimcha moliyaviy yordam bermoqchi emasligini yozdi. FAS ichki hukumat hujjatlari va o‘z manbalaridan aniqlashicha, Kiyevga faqat ilgari ma’qullangan yordam ko‘rsatiladi, kansler Olaf Sholsning iltimosiga binoan Germaniya Mudofaa vazirligining boshqa so‘rovlari tasdiqlanmaydi. FAS ma’lumotlariga ko‘ra, bu haqda Germaniya moliya vaziri Kristian Lindnerning 5 avgustda mudofaa vaziri Boris Pistoriusga yo‘llagan maktubida aytilgan.
Agar 2024 yilda Germaniya budjeti Ukrainaga yordam berish uchun 8 milliard yevroni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2025 yil uchun rejalashtirilgan limit atigi 4 milliardni tashkil etadi.
Shols: Germaniya kerak bo‘lguncha Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi
Shu bilan birga, kansler Germaniya zarur bo‘lgan vaqt davomida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga va Berlin «Ukrainaning Yevropadagi eng yirik yordamchisi» bo‘lib qolishiga va’da berdi. Shols fikricha, faqat AQSh yirik davlat sifatida Kiyev uchun Germaniyadan ko‘ra ko‘proq narsani qila oladi.
Shu bilan birga, u 2025 yilda Germaniya Kiyevga yordam berish uchun atigi 4 milliard yevro ajratishini tasdiqladi, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 7 milliarddan oshadi. Bu «bir qancha boshqa yirik Yevropa mamlakatlari taqdim etganidan ko‘pdir», dedi Shols. Uning tushuntirishicha, Kiyevga «Yettilik guruhi» (G7) davlatlari tomonidan avval kelishib olingan 50 milliard dollar miqdoridagi kreditni hisobga olgan holda, Ukraina unga ilgari mavjud bo‘lganidan ko‘proq mablag‘ olishi mumkin bo‘ladi.