«Biz qo‘mondonlik bilan armiyamiz uchun muhim ahamiyatga ega, havodan mustaqil dvigatel bilan jihozlangan yangi TCG Piri Reis suvosti kemamizni qurollanishga qabul qilmoqdamiz. Joriy yilda shu turdagi ikkinchi — TCG Hizir Reis suvosti kemasining sinovlari bo‘lib o‘tadi, 2025 yilda u harbiy-dengiz kuchlariga topshiriladi. TCG Murat Reis 2026 yilda qurollanishga kelib qo‘shiladi. 2029 yilga borib bu turdagi suvosti kemalaridan oltitasi qurollanishda bo‘ladi», — deydi Erdo‘g‘an.
U Turkiya uchta tomoni ham dengiz bilan o‘ralgan davlat bo‘lib, mamlakatga kuchli va samarali Harbiy-dengiz floti kerakligini ta’kidladi.
Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yangi suvosti kemalari turk flotining strategik qurollanishi hisoblanib, mahalliy turdagi qurollar va boshqa tizimlar bilan jihozlangan. Shu bilan birga, Erdo‘g‘anning aytishicha, mamlakat o‘z suvosti kemasiga ega bo‘lish uchun 138 yil kutishga to‘g‘ri kelgan.
TCG Piri Reis Germaniyaning Tip 214 seriyasidagi suvosti kemasi bazasida yaratilgan. Turkiya 2009 yilda ThyssenKrupp AG kompaniyasi bilan bu kabi oltita kemani qurish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Tip 214 — bu dizel-elektrli suvosti kemasi. Dvigateli vodorod yonilg‘i elementlariga asoslangan havodan mustaqil ishlovchi tizim bilan birlashtirilgan, bu esa o‘z navbatida kemaga uzoq vaqt suv yuzasiga chiqmasdan xizmat qilish imkoniyatini beradi.
Suvosti kemasining sig‘imi 1850 tonna, uzunligi 68,35 metr va eni 6,3 metrni tashkil etadi. Ekipaj — 40 kishi.