G‘azodagi dahshatli narxlar, Volgograd koloniyasidagi isyon va Kiyevga tashrif buyurgan Modi - kun dayjesti

Jahon 13:54 / 24.08.2024 5704

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda Isroilning tinim bilmayotgan zarbalari tufayli ko‘plab diniy, mamuriy va fuqarolik bino va inshootlari zarar ko‘rgan.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 380 ta masjid, 3 ta cherkov vayron qilingan.

G‘azoning Isroil tomonidan qamal qilinishi, insonparvarlik yuklarining o‘tkazilmayotgani tufayli sektorda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari ham keskin ko‘tarilgan. Bu esa qahatchilik va ocharchilikka sabab bo‘lmoqda.

France Press agentligi muxbiri Umar al-Katta’ning xabar berishicha, ikkita piyoda, ikkita baqlajon, ikkita kartoshka va uchta bulg‘or qalampiridan iborat bozorlik to‘plamining narxi 170 sheqel, qariyb 46 dollarga sotilmoqda.

Beshta tovuq tuxumining narxi 13,5 dollar, bolalar uchun mo‘ljallangan sutli qo‘shimchaning bir qutisi 27 dollar, shakar va quruq sut esa 100 dollarga chiqqan. Bir litr zaytun yog‘i yoki ikki shisha kungaboqar yog‘i 60 dollardan sotilmoqda.

Qizil dengizdagi vaziyat

Gretsiyaga tegishli tanker Qizil dengizda husiychilarning hujumi tufayli yonib ketdi.

Gretsiya bayrog‘i ostida harakat qilayotgan va 150 ming tonna xom neft ortgan Sounion neft tankeri Isroil portlariga kirishga qo‘yilgan taqiqli belgilarni buzgani uchun hujumga uchragan.

Yamanning husiychilar harakati bilan bog‘liq medialar neft tankeriga qilingan hujum tufayli uni chulg‘ab olgan yong‘in tasvirini tarqatgan.

Husiychilar qurolli kuchlari o‘z navbatida kemachilik kompaniyalarini yana o‘zlari tomonidan o‘rnatilgan taqiqlarga amal qilishga chaqirgan, aks holda ularning kemalari muqarrar hujumga duchor bo‘lishi bilan ogohlantirgan.

«Yaman qurolli kuchlari okkupatsiya ostidagi Falastin portlariga kirish taqiqlanganligi borasidagi qarorimizga rioya qilayotgan kompaniyalarga minnatdorlik bildiradi. Bunday kemalar Yaman qurolli kuchlari nazorati ostidagi operativ zonada bunday kemalar xavfsiz harakat qilishini kafolatlaydi», – deyiladi bayonotda.

Volgogradda mahbuslar isyoni

Rossiyaning Volgograd oblasti Surovikino posyolkasida joylashgan 19-axloq tuzatish koloniyasida 4 nafar mahbus qamoqxona xodimlarini garovga olgan va ularning to‘rt nafarini o‘ldirgan, yana to‘rt kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, ushbu koloniyada xodimlarning o‘zi mahbuslarga pichoq sotish bilan shug‘ullangan.

Rosgvardiya garovga olinganlarni ozod qilish amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlangani haqida ma’lum qildi. Rosgvardiyaning maxsus topshiriqli bo‘linmasi 23 avgust kuni o‘tkazilgan shturm chog‘ida odamlarni garovga olgan to‘rt mahbusni ham yo‘q qilgan.

Mahbuslar xodimlardan to‘rt nafarini tig‘ bilan jarohatlagan, shundan uch nafari voqea joyida halok bo‘lgan. Yana to‘rt xodim shturm boshlanishidan oldinroq shifoxonaga yotqizilgan, ulardan biri shifoxonada jon bergan.

Shu tariqa, qamoqxonadagi hodisa oqibatida jami sakkiz kishi halok bo‘lgani, shturm davomida faqat bir kishi ozod etilgani ma’lum bo‘lmoqda.

19-sonli koloniyada xodimlarni garovga olgan guruhdagi uch kishi giyohvandlik moddalari savdosi uchun, yana biri mushtlashuv chog‘ida odam o‘ldirgani tufayli qamalgani haqida xabar tarqatdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan deyilayotgan bu to‘rt mahbus garchi diniy ekstremistik harakatlar uchun qamalmagan bo‘lsa-da, Rossiya mediasi ularni IShID terrorchilik harakati a’zolari sifatida taqdim etib, isyonni “Krokus Siti Holl” uchun qasos olish maqsadida amalga oshirgan degan ma’lumotni tarqatmoqda.

Dastlab telegram-kanallarda mahbuslar garovdagilarni ozod etish evaziga 2 million dollar hamda vertolyot talab qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmadi.

AQShning navbatdagi sanksiyasi

AQSh Rossiya bilan aloqador bo‘lgan 400 ga yaqin kishi va tashkilotlarga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Mamlakat Moliya vazirligining 23 avgust, juma kuni e’lon qilingan press-relizida ma’lum qilinishicha, sanksiya qo‘yilgan kompaniyalar va jismoniy shaxslar Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda va uni Ukrainaga qarshi urushda foydalanilgan tovarlar va xizmatlar bilan ta’minlashda yordam bermoqda.

«Rossiya o‘z iqtisodiyotini Kremlning harbiy-sanoat kompleksi xizmati vositasiga aylantirdi. Moliya vazirligi bugungi harakatlari bilan prezident Bayden va uning G7 bo‘yicha hamkasblari tomonidan Rossiya harbiy-sanoat bazasining ta’minot zanjirlari va to‘lov kanallarini buzish bo‘yicha olgan majburiyatlarini bajarishda davom etmoqda», dedi AQSh Moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyyemo.

Boshqalar qatorida, Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousovning o‘g‘li va kelini, Moskva zargarlik zavodi, Volga-Dnepr aviakompaniyasi, AirBridgeCargo, «Norilsk Avia», Magnitogorsk temir-po‘lat zavodi, shuningdek suyultirilgan tabiiy gazni tashish uchun kemalar sanksiya ostida qoldi.

Sanksiyalar BAA, Hongkong, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Xitoyning sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiyaga mikroelektronika yetkazib bergan ko‘plab vositachilarini, Rossiya harbiy-sanoat kompleksini, shu jumladan Su qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqaruvchiga G‘arb komponentlarini yetkazib berish bilan ta’minlaydigan shaxslarni ham qamrab oladi.

Modining Kiyevga tashrifi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi rasmiy tashrif bilan Kiyevga kelib, prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Suhbat davomida hind hukumati rahbari o‘zini Ukrainaning do‘sti deb atab, mamlakatda tinchlikka erishish uchun o‘zining shaxsiy hissasini qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.

«Sizni ishontirib aytmoqchimanki, Hindiston tinchlikka erishish yo‘lidagi har qanday sa’y-harakatlarda faol rol o‘ynashga tayyor. Agar bu borada shaxsan mening rolim talab etilsa, ishontirib aytamanki, buni amalga oshiraman», — deya Modining so‘zlarini keltiradi Reuters.

Hindiston bosh vaziri o‘zining Kiyevga tashrifini «do‘stona» va «tarixiy» deb atadi. U Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashi va hurmat qilishini ta’kidlab, urushayotgan tomonlarni tezroq muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirdi.

«Muammoni hal qilish yo‘lini faqat muloqot va diplomatiya orqali topish mumkin. Va biz vaqt yo‘qotmasdan bu yo‘nalishda harakatlanishimiz kerak. Ushbu inqirozdan chiqish yo‘lini topish uchun ikkala tomon ham muzokaralar stoliga o‘tirishi lozim», — dedi Modi.

Bosh vazirning qayd etishicha, Hindiston hech qachon Ukraina urushida befarq kuzatuvchi bo‘lmagan va har doim «yaxshilik tarafida» turgan. Shuningdek, u Ukrainadagi jangovar harakatlar, ayniqsa, yosh bolalar uchun halokatli ekanini ta’kidladi.

Modining Kiyevga tashrifi rostdan ham tarixiy voqea hisoblanadi, chunki Ukraina 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri Hindiston bosh vazirining birinchi rasmiy tashrifi hisoblanadi. Bundan tashqari, tashrif Ukraina davlat bayrog‘i kuni va mustaqillik kuni arafasi amalga oshirildi.

«Tolibon»ning yangi taqiqi

«Tolibon» Afg‘onistondagi ayollarga erkaklarga qarash va jamoat joylarida baland ovozda gaplashishni taqiqlamoqda. Yangi tartib-qoidalar qayd etilgan 114 varaqli hujjatda afg‘on fuqarolarining kundalik hayotini tartibga solish bo‘yicha qat’iy choralar belgilangan.

«Balog‘at yoshidagi ayollarning begona erkaklarga qarashi taqiqlanadi», — deyiladi qoidalarning birida. Shuningdek, ayollarga «o‘zgalar nafsini qo‘zg‘atmaslik va ularni o‘ziga jalb etmaslik» uchun yuzlarini yopib yurish va begona erkaklar bor joyda suhbatdan tiyilish buyurilgan.

Bundan tashqari, afg‘on ayollariga ovozlari ko‘chaga eshitilmasligi uchun o‘z uylarida ham baland ovozda gaplashish taqiqlangan.

«Xalqaro hamjamiyatning «Tolibon» bilan o‘zaro munosabatlari ularni ayollarga bosimni davom ettirishga undadi. Hokimiyat tepasidagilar bizning mavjudligimizni tan olishdan bosh tortayotgan radikal shaxslardir», — degan Kobulda davlat idorasida ishlagan Zaynab ismli sobiq xodim.

Taksi haydovchilariga «hijobsiz yoki erkak mahrami bo‘lmagan ayollarni» olib yurish, transport vositasida musiqa tinglash ham taqiqlandi. «Tolibon»ga ko‘ra, yangi qoidalarga bo‘ysunmaganlar hibsga olinib, qamoqqa yuboriladi.

Shuningdek, erkaklarning ham jamoat joylaridagi ayollar yuziga qarashi hamda tor kiyim kiyishi taqiqlandi. Shu bilan birga, endi ular soqolini kaltalatishi ham mumkin emas.

Ko‘proq yangiliklar: