Eltech-Lab energosamaradorlik sinovlarini o‘tkaza olmadi. Tovarlar yarim yil bojxonada qolib ketgan

Iqtisodiyot 17:15 / 24.08.2024 7205

Gap nimada?

Kun.uz joriy yilning fevral oyida maishiy texnikalar importida yangi talab kiritilib, energosamaradorlik testlarini o‘tkazish majburiy bo‘lgani haqida yozgandi. Fevraldan O‘zbekistonga olib kiriladigan sovitkich, muzlatkich va konditsionerlar energosamaradorlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazila boshlandi. Bu sinov bayonnomasini olmasdan turib, ularga muvofiqlik sertifikati berilmaydi va tovarni O‘zbekistonda sotish mumkin bo‘lmaydi.

Bunday talab 2019 yildagi prezident qaroriga asosan kuchga kirgan. Unga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan boshlab ilgari foydalanishda bo‘lgan generator uskunalari, kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellar, shuningdek, energiya samaradorligi “B” va undan quyi toifadagi energiya sarflovchi maishiy elektr priborlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlangan. Bu toifaga 18 turdagi maishiy texnikalar kiradi. Sinov laboratoriyalarini ishga tushirish katta mablag‘ talab qilgani bois bu tartib amalda 2024 yil boshidan kuchga kirgan va dastlabki bosqichda sovitkich, muzlatkich va konditsionerlar energosamaradorlik testlaridan o‘tkazila boshlangan.

Tahririyatga murojaat qilgan importchilar sinov bayonnomasini olish qimmatga tushayotgani haqida aytgandi. Bunga sabab energosamaradorlik bo‘yicha faqat bitta korxona – “O‘zeltexsanoat” uyushmasi huzuridagi “Eltech-Lab” MChJ sinov bayonnomasini berayotgandi. Shu tufayli sovitkich va muzlatkichlar olib kiruvchi 30 dan ziyod importyorlar navbati kelishini kutayotgandi.

Tadbirkorlar yarim yil kutishga majbur bo‘lgan

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, “Eltech-Lab” fevral oyida o‘tkazishni boshlagan sinov testlari natijasini may oyiga qadar ham taqdim eta olmagan.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasining bayonot berishicha, joriy yilning ikkinchi choragidan boshlab, uyushma huzuridagi “Eltech-Lab” MChJda energosamaradorlik bo‘yicha (sovitkich, muzlatkich va konditsioner) sinov jarayonlari to‘xtatilgan.

“9 turdagi tovarni testdan o‘tkazish uchun ariza berganman. May oyigacha Eltech-Lab kutib turing, navbatingiz kelmadi deb, ishni cho‘zib yurdi. Sertifikat ololmay yugurib yurganimda Eltech-Lab'dan tashqari UzTest laboratoriyasi ham ochildi. Eltech-Lab'dan may oyining oxirida pulimni qaytarib olib UzTest'ga olib bordim va javobini o‘tgan hafta oldik. UzTest 2 oyda test natijalarini chiqarib berdi”, – deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan importchi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orada soliq organi tadbirkorni sudga bergan.

“Toshkent shahar soliq boshqarmasining da’vosiga asosan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi firmamga nisbatan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan 174 163 320,75 so‘m jarima sanksiyasi undirish to‘g‘risida ajrim chiqardi. Soliq organi menga “tovarga pul chiqarib, tovar olib kirmagansan” degan aybni qo‘ydi. Ammo sudga tovarim bojxona omborida turgani, chegaradan o‘tgani, lekin sertifikat bahona bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishning iloji bo‘lmaganini aytdim. Lekin sud argumentlarimni qabul qilmadi. Ishni apellyatsiyaga berdim, bir oy ichida ish qayta ko‘riladi. Sinov UzTest'ga o‘tganidan keyin 2 turdagi tovarimni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazdim, lekin agar ish apellyatsiyada ko‘rilguncha, hammasini o‘tkaza olmasam, bu reytingimga salbiy ta’sir qiladi”, – deydi u.

Kun.uz suhbatlashgan yana bir tadbirkor fevral oyidan beri boshqa birorta ham tovar olib kira olmaganini aytadi. Boshqa importchi esa 10 ming dona tovar olib kirib, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaza olmagani uchun reeksport qilib tovarlarini qaytarib olib chiqib ketishga majbur bo‘lganini ta’kidladi.

“Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan oldin Savdo-sanoat palatasi o‘tkazgan tadbirkorlar bilan uchrashuvda necha marta borib shu muammoni ko‘tardik, lekin ijobiy hal qilib berishgani yo‘q”, – deydi tadbirkorlar.

Importchilar maishiy texnika importini qiyinlashtirish aslida davlat manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda. Chunki ular katta miqdorda QQS va bojxona to‘lovlarini to‘lab, shu vaqtgacha qonuniy yo‘l bilan tovar olib kirgan.

“Endi bu soliqlar ham yo‘q. Kamiga shu vaqtgacha qonuniy ishlagan tadbirkorlar soliq to‘lamay, noqonuniy yo‘llar bilan import qilishni boshladi. Biz rasmiy ishlasak, o‘zimizga yaxshi, onlayn marketpleyslarda sotamiz. Lekin qonuniy yo‘l bilan olib kirishning iloji bo‘lmaganidan keyin importchilar majbur bo‘lyapti”, – deydi bir importchi tadbirkor.

Eltech-Lab eplay olmadi, energosamaradorlik testlarini o‘tkazishni UzTest boshladi

Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil may oyidan boshlab, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat nazorat markazi (“UzTest”) Janubiy Koreya Respublikasining 2 mln 300 ming dollar miqdoridagi grand mablag‘lari hisobiga elektrotexnika mahsulotlarining energosamaradorlik sinovlarini o‘tkaza boshladi.

Agentlikning dastlabki rejalariga ko‘ra, bu laboratoriya ishga tushishi bilan respublikada bu yo‘nalishdagi ikkita sinov laboratoriyasi bo‘lishi (birinchisi – “Eltexsanoat” qoshidagi “Eltech-Lab”, ikkinchisi – agentlik qoshidagi “UzTest”), natijada maishiy texnikalar importida navbatlar kamayib, energosamardorlik bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish muddati qisqarishi kerak edi.

Amalda esa “Eltech-Lab” “UzTest”ning sinov laboratoriyasi ishga tushgunga qadar sinovlarni o‘tkaza olmagan va importyorlarning arizalarini yopa olmagan. “UzTest” davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Xayriddinov Kun.uz'ga bergan izohida bu jarayonni quyidagicha tushuntirdi.

“UzTest” DM sinov majmuasida sinov jarayonlari uzog‘i 1 oy vaqt olyapti. Chunki hozirgi holatda “Eltech-Lab” MChJ arizalarini qabul qilib sinovdan o‘tkazmagan maishiy texnikalar yig‘ilib qolgan.

Hozirgi kunda sinov labaratoriyalari soni 2 tani tashkil etadi. Biri – markaz qoshidagi sinov majmuasida tashkil etilgan laboratoriya, ikkinchisi – markaz va “Texnopark” MChJ hamkorligida ochilgan, “Texnopark”da joylashgan laboratoriya.

“Eltech-Lab” MChJ qabul qilgan barcha arizalar “UzTest” DM sinov majmuasi tomonidan to‘liq amalga oshirib bo‘lindi.

“UzTest” DM sinov majmuasi mutaxassislari ushbu soha bo‘yicha Janubiy Koreya Respublikasida malaka oshirib qaytishgan. Misol uchun, ularda ham mutaxassislar bor, lekin ular sinovlar bo‘yicha berilgan savollarga javob bera olmagan va sinov jarayonlarini amalga oshira olishmadi. Biz ularga ayrim jarayonlarni noto‘g‘ri amalga oshirayotganini isbotlab berdik, natijada “Eltech-Lab” energosamardorlik sinovlarini o‘tkaza olmasligini tan oldi va bu sinovlardan voz kechdi. “Texnopark” MChJ ham “Eltech-Lab” bilan ishlamasligini aytdi va laboratoriyasini “UzTest” DMga berdi”, deydi u.

Xayriddinov “UzTest”dagi energosamaradorlik sinovlari may oyining boshlarida yo‘lga qo‘yilgani, maishiy texnikalarning turlari kesimidagi narxlar uztest.uz saytiga joylanganini aytdi (ushbu materialni chop etish vaqtida saytga kirishning imkoni bo‘lmay turibdi). Tadbirkorlarning narxlar “Eltech-Lab”dan farq qilmasligi va qimmatligi haqidagi shikoyatlariga u shunday javob berdi:

 “Bizning laboratoriya uchun ham xarajat qilingan, bundan tashqari “Texnopark”ning laboratoriyasi uchun ijara to‘laymiz. “UzTest” DM saytida barcha narxlar keltirilgan. Biz davlat tashkiloti bo‘lganimiz uchun kalkulyatsiyamiz ochiq manbada bor”.

Davlat muassasasi vakili yangi laboratoriyada ham hozircha “Eltech-Lab”dagi kabi faqat muzlatkich, sovutkich va konditsionerlar energosamaradorlik sinovlaridan o‘tkazilayotgani, keyinroq boshqa mahsulotlar ham qamrab olinishini bildirdi. Bo‘lim boshlig‘i navbatlar qachon qisqarishi, test natijalari natijalarining chiqish muddatini qisqartirish haqidagi savolga shunday javob berdi:

“Kuz kelyapti, mavsum tugaydi, keyingi mavsumgacha hammasi joyiga tushadi. Yoz uchun konditsionerlar olib kelmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar harakatini qishdan boshlaydi. Navbat ham kamayib qoladi. To‘g‘ri, 1-2 kunda tekshirishning iloji yo‘q, kamida 3 hafta vaqt talab qilinadi. Energosamaradorlikdan tashqari, boshqa parametrlar ham bor – bularni ham sinovdan o‘tkazish kerak, lekin standardlarda belgilangan vaqtdan kechiktirilmaydi”.

Muzaffar Xayriddinovning ta’kidlashicha, energosamaradorlik sinovlari o‘tkazilganda nosoz texnikalar ham aniqlangan. Tadbirkorlarga “A” toifaga tushmaydigan maishiy texnikalarni olib kirmaslik yuzasidan tushuntirish berilgan.

“Importyorlarning xorijiy hamkorlariga ham sinov natijalarini ko‘rsatib isbotlab beryapmiz. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar yorliqqa energosamaradorlikni “A” toifa deb ko‘rsatib qo‘yadi, lekin sinovdan o‘tkazilganda, “B” yoki “C” toifa bo‘lib chiqadi.

Bundan buyog‘iga bu o‘tmaydi. Endi bizga bunday maishiy texnikalarni yuborishdan oldin “O‘zbekistonga bu o‘tmaydi, tekshirishi mumkin, kompaniya obro‘siga putur yetishi mumkin” deb o‘ylab ko‘radi.

Birinchi marta bo‘lgani uchun bojxonada turgan tovarlarni qaytarmayapmiz, keyingi holatlarda bunday texnikalar kiritilmasligini tadbirkorlarga tushuntiryapmiz. Hozircha ko‘p tadbirkorlar tushunyapti, xorijdagi ishlab chiqaruvchilar bu davlatda tekshirilmaydi deb, “A” toifaga kirmaydigan texnikalarni ham o‘tkazib yuborgan. Oldin xohlagan narsasini bizga sotardi, lekin endi bunday qila olmaydi”, – dedi u.

Avvalroq tadbirkorlar bir xil markali tovar yangi partiyada kelsa, qayta sinovdan o‘tkazilishi kerakligidan norozi bo‘lgandi. Kun.uz'ning bu boradagi savoliga javoban “UzTest” hozircha har bir yangi partiya tekshirilishi, keyinroq onlayn reyestr ishga tushirilib, ilgari sertifikat berilgan va energosamaradorlik sinovidan o‘tgan bir xil markadagi maishiy texnikalar qayta tekshirilmasligini ma’lum qildi.

“Hozircha qayta tekshirishga to‘g‘ri kelyapti. Masalan, Samsung muzlatkichini olsak, u bitta davlatda bir xil zavoddan chiqmaydi, Xitoyda ham, Qozog‘istonda ham chiqadi. Reyestrni ishga tushirganimizdan keyin har xil zavodlarda ishlab chiqarilgan brendlar mahsulotlarini tizimlashtirish imkonimiz bo‘ladi”, – dedi Muzaffar Xayriddinov.

Notarif cheklovlar fonida: Maishiy texnika importi keskin qisqardi

Bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonga eng ko‘p import bo‘layotgan tovarlarga oid ma’lumotlar bazasini ishga tushirdi. Kun.uz ochiqlangan ma’lumotlarni o‘rgangan holda, ayrim turdagi elektrotexnika mahsulotlarining importi sezilarli miqdorda kamayganiga e’tibor qaratdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilning yanvar-iyul oylarida 556,8 mln dollarlik elektrotexnika mahsulotlari import qilingan. Bu guruhdagi tovarlar importi o‘tgan yilga nisbatan 1,7 foizga qisqargan.

Xususan, o‘tgan yilning dastlabki 7 oyida 43,8 mln dollarlik 281 ming 193 dona konditsioner olib kirilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich qiymat jihatdan 14,8 mln dollarga, miqdor jihatdan 137 ming 297 donagacha kamaygan. Miqdoriy qisqarish 51,2 foizni tashkil qilgan.

Sovitkich va muzlatkichlar importi esa 35,4 foizga: 185 ming 426 donadan 119 ming 805 donagacha qisqargan.

Yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 128 ming 690 dona mikroto‘lqinli pech import qilingan bo‘lib, bu – o‘tgan yilning mos davri (147 ming 821 dona)ga nisbatan 19 ming 131 donaga kam. Qisqarish – 13 foiz.

Shuningdek, bu davrda dazmol importi 45,8 foizga (597 ming 387 donadan 323 ming 440 donaga), televizor importi 43,3 foizga (153 ming 125 donadan 86 ming 771 donaga) kamaygan.

Ayni paytda, kir yuvish mashinalari importi 16,5 foizga (159 ming 626 donadan 186 ming 64 donagacha), elektr suv isitkichlari olib kirish esa 2,2 foizga (87 ming 234 donadan 89 ming 160 donacha) oshgan.

Maishiy texnika importi qisqarishi 2024 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekistonga 13 turdagi maishiy texnika olib kirishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari bo‘lish talabi qo‘yilgani, shu bilan birga energosamaradorlik testlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Kun.uz Eltech-Lab energosamaradorlik testlarini o‘tkazishni to‘xtatgani, bungacha tadbirkorlar bir nercha oy kutishga majbur bo‘lib vaqt va mablag‘ yo‘qotgani yuzasidan “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga bir qator savollarni yubordi.

Bundan tashqari, 2024 yil 10 yanvarda qabul qilingan 15-sonli prezident qaroriga muvofiq, “Eltech-Lab” MChJda sinov laboratoriyasini jihozlash uchun davlat budjetidan 25 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lar taqdiri nima bo‘lgani borasida ham tahririyat uyushmaga so‘rov yubordi.

Madina Ochilova,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: