Dunyoning eng gavjum bandargohlaridan biri dumiga baliqchilar to‘ri o‘ralib qolgan yosh bukri kitni qutqarish bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyaga «sahna» vazifasini o‘tadi, deb xabar beradi CNN.
Qurqaruvchilari Sidney bandargohida 13 metrli kit paydo bo‘lgani haqidagi signaldan ilk bor 22 avgust kuni, Orrca volontyorlar guruhi orqali xabar topgan. Yangi Janubiy Uelsning kitga yordam ko‘rsatish bo‘yicha jamoasi unga GPS-treker o‘rnatgan, biroq ko‘p o‘tmay qurilma tushib ketgan.
Operatsiya kech tushib qolgani bois to‘xtatilgan, ammo kit ertasi, 23 avgust tongida yana bandargohda paydo bo‘lgan. Mahalliy OAV vertolyotdan turib kitga yordam berish uchun unga yaqinlashishga urinayotgan qutqaruvchilar ishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiya qilib turgan.
«Bu kit bilan bog‘liq muammo shunda ediki, u energiyaga to‘lib-toshgandi. Yaqinlashib, to‘rni kitga shikast yetkazmagan holda qirqishimiz uchun uni charchatishga rosa urindik», — deydi qutqaruv guruhi rahbari Lyuk Maksuini.
Qutqaruvchilar rezina qayiqlar yordamida kitni sekinlatishga harakat qilgan. Unga yetarlicha yaqin borishgach, maxsus kesuvchi qurilmalardan foydalanilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bukri kitlar Sidney yo‘nalishi bo‘ylab ko‘chishni amalga oshiradi. Yo‘l-yo‘lakay ular baliqchilar to‘rlariga ilinib ham qoladi. Kitni qutqarish bo‘yicha operatsiya Sidney bandargohining asosiy transport yo‘lida o‘tkazilgan, bu yo‘nalish orqali Serkyular-Kidan Menliga muntazam paromlar qatnaydi.
Rasmiylar chegara zonasini o‘rnatgan bo‘lib, kemalarni uzoqroqda turish kerakligi haqida ogohlantirgan, shunga qaramay, bu portlar orasidagi aloqalarga ta’sir ko‘rsatmagan. «Biz butun operatsiyani yo‘lovchi va yuk paromlari qatnovini to‘xtatmagan holda amalga oshirdik», — deydi qutqaruvchilardan biri.