Ukraina AQShdan yana bir harbiy yordam paketini oladi, u havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun snaryadlar, dronlarga qarshi jangovar jihozlar, shuningdek, tankka qarshi raketalar va o‘q-dorilarni o‘z ichiga oladi. Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jo Bayden yangi paketning tafsilotlarini 23 avgust, juma kuni Oq uy veb-saytida e’lon qildi.
Bayden yordam paketi qancha mablag‘ evaziga ajratilishiga aniqlik kiritmadi, biroq AQSh Mudofaa vazirligi o‘sha kuni uning miqdori 125 million dollarga (taxminan 112 million yevro) baholangani haqida xabar berdi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, paketga HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, transport vositalari va boshqa jihozlar ham kiradi.
AQSh prezidentining ta’kidlashicha, yangi paket e’lon qilinishi ramziy bir vaqtda – 24 avgustda nishonlanadigan Ukraina mustaqilligi kuni arafasida amalga oshirilgan. «Aniq bo‘lsin: Rossiyaning ma’nosiz urushi boshlanganda Ukraina ozod mamlakat edi. Bugun ham u erkin mamlakat. Urush esa Ukraina erkin, suveren va mustaqil davlat bo‘lib qolishi bilan tugaydi», - dedi Bayden.
AQSh urush tarafdorlariga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi
Kiyevga yangi yordam paketi haqidagi ma’lumotlardan tashqari, Amerika yetakchisi Qo‘shma Shtatlar sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritilganini e’lon qildi. Bu haqda avvalroq mamlakat Moliya vazirligi bayonot bergan edi. Rossiya Federatsiyasi bilan aloqador 400 ga yaqin kompaniya va jismoniy shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. Ular «Rossiyaning noqonuniy urushiga ko‘maklashmoqda» va Qo‘shma Shtatlar «Rossiyani tajovuzkorligi uchun javobgarlikka tortishga qat’iy sodiq qoladi», deb xulosa qildi Bayden.
Boshqalar qatorida, Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousovning o‘g‘li va kelini, Moskva zargarlik zavodi, Volga-Dnepr aviakompaniyasi, AirBridgeCargo, «Norilsk Avia», Magnitogorsk temir-po‘lat zavodi, shuningdek, suyultirilgan gazni tashish uchun kemalar Vashingtonning yangi cheklovlari ostida qoldi.