Rosgvardiya garovga olinganlarni ozod qilish amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlangani haqida ma’lum qildi. Rosgvardiyaning maxsus topshiriqli bo‘linmasi Volgograd oblasti Surovikino shahrida 19-sonli koloniyada 23 avgust kuni o‘tkazilgan shturm chog‘ida odamlarni garovga olgan to‘rt mahbusni ham yo‘q qildi.
«Rosgvardiyaning Volgograd oblasti bo‘yicha maxsus bo‘linmasi merganlari to‘rtta aniq o‘q otish orqali koloniya xodimlarini garovga olgan to‘rt mahbusni yo‘q qildi. Garovdagilar ozod etilgan», — degan «Interfaks»ga idoradagi manba.
19-sonli axloq tuzatish muassasasida IShID terrorchilik guruhiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan to‘rt mahbus 23 avgust kuni koloniya xodimlarini garovga olgandi. Volgograd oblasti gubernatori Andrey Bocharovning xabariga ko‘ra, koloniyaga hujumdan keyin Federal jazoni ijro etish xizmatining to‘rt xodimi shifoxonaga yotqizilgan.
Federal jazoni ijro etish xizmati qamoqxonada jami sakkiz kishi garovga olingani haqida ma’lumot bergan.
Mahbuslar xodimlardan to‘rt nafarini tig‘ bilan jarohatlagan, shundan uch nafari voqea joyida halok bo‘lgan. Yana to‘rt xodim shturm boshlanishidan oldinroq shifoxonaga yotqizilgan, ulardan biri shifoxonada jon bergan.
Shu tariqa, qamoqxonadagi hodisa oqibatida jami sakkiz kishi halok bo‘lgani, shturm davomida faqat bir kishi ozod etilgani ma’lum bo‘lmoqda.
Hujum qilganlar haqida nimalar ma’lum?
TASS dastlab operativ xizmatlarga tayangan holda isyon ko‘targan mahbuslar soni kamida uch nafarligi, ularning barchasi 19-sonli koloniyaga qamalganlar ekani haqida ma’lumot tarqatdi.
Baza ular IShIDga aloqadorligini e’lon qilgani haqida xabar tarqatdi. Bu ma’lumot hozircha rasmiy tasdiqlanmagan.
Keyinroq TASS sud hukmlariga tayanib, 19-sonli koloniyada xodimlarni garovga olgan guruhdagi uch kishi giyohvandlik moddalari savdosi uchun, yana biri mushtlashuv chog‘ida odam o‘ldirgani tufayli qamalgani haqid xabar tarqatdi.
Baza, Shot va «Ostorojno, novosti» telegram-kanallarida ularning fotolari va shaxsiy ma’lumotlari e’lon qilindi.
Kanallar ma’lumotiga ko‘ra, garovga olishda quyidagi to‘rt kishi ishtirok etgan: 28 yoshli Ramzindin Toshev va Nazirjon Toshov, 23 yoshli Rustamjon Navro‘ziy va 29 yoshli Temur Husinov.
TASS ma’lumotiga ko‘ra, Toshev 2023 yilda giyohvandlik moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish, sotish yoki jo‘natish moddasi bo‘yicha ayblanib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Nazirjon Toshov ham 2022 yilda xuddi shu modda bo‘yicha (RF JK 228.1-modda, 4-qismi, «g» bandi) ayblanib, 8,5 yilga qat’iy tartibli koloniyaga hukm qilingan. Rustamjon Navro‘ziy ham o‘sha yili xuddi shu modda bo‘yicha 7 yilga qamalgan.
Temur Husinov 2019 yilda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda aybli deb topilib, 6 yilga qamalgandi va ikki yarim oydan keyin — shu yil noyabrida ozodlikka chiqishi kerak edi.
Dastlab telegram-kanallarda mahbuslar garovdagilarni ozod etish evaziga 2 million dollar hamda vertolyot talab qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmadi.
Garovga olish davomida mahbuslar «Krokus Siti Holl»dagi terakt bo‘yicha qo‘lga olingan «musulmon birodarlari» uchun qasos olishayotganini aytishgan. Rossiya nashrlariga ko‘ra, maxsus topshiriqli bo‘linma shturmni soat 16:00 atrofida boshlagan, o‘shanda kuchishlatar tuzilmalarga aloqador bo‘lgan telegram-kanallar jinoyatchilardan ayrimlari yaralangani haqida xabar tarqatgandi.
Mahbuslarga ko‘ra, Rostovdagi tergov izolyatoriga qilingan hujumdan so‘ng Volgograddagi qamoqxonada musulmon mahbuslarga nisbatan munosabat yomonlashgan: ularning soch-soqoli majburan olingan, diniy kitoblar o‘qishiga ruxsat berilmagan va namoz o‘qish uchun joynamozlar ham berilmagan.
Mahalliy nashrlar ushbu holat koloniya xodimlariga hujum uchun sabablardan biri bo‘lganini aytmoqda.
Koloniyadagi korrupsiya
Mahalliy nashrlar yozishicha, 19-sonli koloniyada mahbuslardan pul undirilgan, uning bir qancha sobiq rahbarlari korrupsiyada ayblanib qamalgan, pichoqlar esa qamoqxona xodimlari tomonidan erkin sotilgan. Shot telegram-kanali yozishicha, 23 avgust kuni xodimlarga hujum qilishda ishlatilgan pichoqlar ham koloniya hududining o‘zida sotib olingan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Lenta.ru nashri yozishicha, muassasa hududida alkogol sotib olish hamda internetdan foydalanish mumkin bo‘lgan.
Baza manbasi yozishicha, so‘nggi uch yilda 19-sonli koloniya boshlig‘ining ikki nafar sobiq o‘rinbosari poraxo‘rlikda ayblanib qo‘lga olingan. 2021 yilda qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i Nikolay Borisevich kichik inspektordan ishga kelmagani uchun pora olayotganida ushlangan. Tergov versiyasiga ko‘ra, inspektor Borisevichga 10–17 ming rubldan to‘lab, ishga bormay yurgan, ammo muntazam ravishda maosh olgan. Borisevichga nisbatan poraxo‘rlik bo‘yicha ish ochilgan.
2024 yil bahorida koloniya boshlig‘i o‘rinbosari Grigoriy Belenkov ham poraxo‘rlikda ayblangan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u to‘rt nafar mahbusdan rasman rag‘batlantirish pullari olishi uchun vositachi orqali jami 320 ming rubl olgan. Sud Belenkovni 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan.
- Volgograd oblastida mahbuslar koloniya xodimlarini garovga olishi 16 iyun kuni Rostov-Donda 1-sonli tergov izolyatorida olti nafar mahbus Federal jazoni ijro etish xizmatining ikki xodimini garovga olib, izolyator hududini tark etishga imkon berishni talab qilganidan ikki oydan oshiq vaqt o‘tganida ro‘y berdi. Ularning yonida ham pichoqlar, boshqa tig‘li buyumlar hamda IShID bayrog‘i bo‘lgan. O‘shanda ham bir necha soatdan keyin maxsus topshiriqli bo‘linma tergov izolyatorini shturm bilan egallagan, mahbuslarning barchasi o‘ldirilgani xabar qilingandi, keyinroq ulardan biri tirik qolgani ma’lum bo‘ladi.