Volgograd oblastidagi koloniyada mahbuslar nozirlarni garovga oldi

Jahon 16:37 / 23.08.2024 22074

Volgograd oblastidagi 19-sonli axloq tuzatish koloniyasida mahbuslar odamlarni garovga oldi, deb xabar bermoqda Federal jazoni ijro etish xizmati matbuot xizmati. «IK-19 da intizomiy komissiya yig‘ilishi chog‘ida mahkumlar axloq tuzatish muassasasi xodimlarini garovga olgan. Ayni vaqtda garovdagilarni ozod etish bo‘yicha tadbirlar olib borilmoqda», — deyiladi FSIN xabarida. IK-19 Volgograddan 130 kilometr g‘arbda joylashgan Surovikino shahrida joylashgan. Bu qat’iy tartibdagi koloniya hisoblanadi.

FSIN xabariga ko‘ra, hodisa vaqtida jarohatlanganlar ham bor, ammo tafsilotlar keltirilmagan. TASS operativ xizmatlarga tayanib, bir kishi halok bo‘lganini xabar qilgan. Baza versiyasiga ko‘ra esa, qurbonlar soni uch nafar. «Interfaks» uch kishi rayon shifoxonasi jonlantirish bo‘limiga olib kelingani haqida yozgan.

Jami necha kishi garovga olingani — noma’lum. Shot xabariga ko‘ra, garovga olinganlar orasida koloniya boshlig‘i Andrey Devyatov va uning o‘rinbosari bor. Baza ma’lumotiga ko‘ra, Devyatov qochishga muvaffaq bo‘lgan, ammo jarohatlangan va hozirda jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, Shot versiyasiga ko‘ra — koloniya boshlig‘ini jinoyatchilarning o‘zi «topshirgan».

Hujum qilganlar IShIDga aloqador bo‘lishi mumkin, deya xabar beradi Baza va Mash. Ushbu manbalar iyun oyida Rostovdagi tergov izolyatorida isyon ko‘tarib, xodimlarni garovga olganlar ham ushbu guruh a’zolari bo‘lganini eslatgan. Ushbu telegram-kanallarga ko‘ra, jinoyatchilar ikki million dollar va vertolyot talab qilishgan. Ular bilan muzokaralar o‘tkazish uchun koloniyaga Volgograddagi masjid imomi olib kelingan.

Telegram-kanallarda odamlarni garovga olgan mahbuslarning ro‘yxati va fotosuratlari paydo bo‘ldi. Ma’lumotlarda ulardan ikki nafari o‘zbekistonlik, yana ikkisi tojikistonlik ekani aks etgan: bular 28 yoshli Ramzindin Toshev, 23 yoshli Rustamjon Navro‘ziy, 28 yoshli Nazirjon Toshov va 29 yoshli Temur Husinov. Ularning dastlabki uch nafari giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani uchun, to‘rtinchisi qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazganlik uchun qamalgan. 

RF Tergov qo‘mitasi garovga olish fakti bo‘yicha RF JK 206-moddasi 4-qismi va (o‘limga olib kelgan garovga olish) va 321-moddaning 3-qismi (koloniya faoliyatini izdan chiqarish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Koloniyaga FSIN markaziy apparati guruhi yetib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: