Rossiyadagi eng boy neft kompaniyasi zararga kirib, moliyaviy ko‘rsatkichlarini maxfiylashtirdi

Jahon 20:53 / 23.08.2024 3894

Rossiyada neft qazib olish hajmi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadigan «Surgutneftgaz» moliyaviy ko‘rsatkichlarning katta qismini e’lon qilmaslikka qaror qildi.

Kompaniya tomonidan 5 avgust kuni e’lon qilingan hujjatlardan ko‘rish mumkinki, «Surgutneftgaz» Rossiya standartlari bo‘yicha birinchi yarim yillik hisobotdagi 62 ta bandning faqat 10 tasini to‘ldirgan, qolganlari esa bo‘sh tashlab ketilgan.

Xususan, «Surgutneftegaz» daromadlari, savdolar tannarxi, tijorat va ma’muriy xarajatlar, shuningdek, «shu’ba korxonalar»dan olingan daromadlarni ochiqlamagan. Kompaniyaning uzoq va qisqa muddatli zayomlari, aktivlar hajmi, naqd pul zaxirasi va hatto ustav kapitali ham «maxfiy» grifi ostida berkitilgan.

«Surgutneftgaz» o‘z faoliyatiga oid faqat daromadlarini e’lon qilgan: yarim yil ichida kompaniyaning sof daromadi olti barobarga tushib ketgan — 139,9 milliard rublgacha. Hisobotlardan kelib chiqadiki, kompaniya ikkinchi chorakda 129,9 milliard rubl zarar ko‘rgan, ammo taqdim etilgan raqamlardan bunga qanday omillar ta’sir ko‘rsatganini anglab bo‘lmaydi.

Rossiyadagi har o‘n barreldan bittasini qazib oladigan va o‘nlab yillar davomida o‘z egalari nomini yashirib kelayotgan «Surgutneftgaz» mamlakat energiya sohasidagi eng sirli kompaniyaligicha qolmoqda. Katta qarzlarsiz va xaridlarga investitsiya kiritmasdan, «Surgutneftgaz» yillar davomida o‘z hisoblarida chet el valutasini to‘plagan va urush boshlanishidan oldin 50 milliard dollar zaxiraga ega edi — bu ayrim davlatlarning oltin-valuta zaxiralariga teng (masalan, JARniki 53 milliard dollar, Kuvaytniki 46,2 milliard dollar).

«Interfaks» hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yil boshidan beri ushbu «pul yostiqchasi» 1,54 trillion rublga oshgan va 2024 yil birinchi chorak yakunida 5,83 trillion rublni tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: