Germaniya g‘arbidagi Gaylenkirxendagi NATO harbiy bazasida xavfsizlik darajasi «Charli»ga ko‘tarildi. Shimoliy Reyn-Vestfaliyada 23 avgust, juma kuni harbiy amaliyotda ishtirok etmagan barcha xodimlar ehtiyot chorasi sifatida uylariga jo‘natilgan. Xavfsizlik darajasining oshishiga Shimoliy Atlantika alyansi uchun «tahdid»ni ko‘rsatadigan razvedka ma’lumotlari sabab bo‘ldi.
Politsiya operatsiyada ishtirok etganini tasdiqladi, ammo zobitlar soniga aniqlik kiritmadi. Gaylenkirxendagi dpa muxbiri bazada bir nechta politsiya mashinalari borligi haqida xabar berdi. Havo bazasiga kiraverishdagi elektron displeylar va belgilar «Ch» xavfsizlik darajasini bildiradi.
Gaylenkirxenda NATOning AWACS erta ogohlantirish tizimining razvedka samolyotlari joylashgan. 14 ta Boeing-707 samolyoti tahdidlarni erta aniqlash maqsadida havo bo‘shlig‘ini kuzatib boradi.
Germaniyadagi NATO harbiy bazalarida diversiyaga urinishlar
Süddeutsche Zeitung gazetasi 14 avgust kuni NATOning Gaylenkirxendagi harbiy bazasida ehtimoliy qo‘poruvchilik urinishi haqida xabar berdi. Videokamera shuni ko‘rsatdiki, noma’lum shaxs bazaga kirish uchun panjaradan oshib o‘tgan.
Ayni paytda, Kyolndagi harbiy bazada 14 avgustga o‘tar kechasi suvni boshqarish datchiklari ishga tushirildi. Keyinchalik o‘tkazilgan ko‘plab sinovlar normadan hech qanday og‘ishlarni ko‘rsatmadi. Harbiy obekt hududini aylanib chiqish natijasida panjarada teshik aniqlangan.
Ikkala obekt ham kuchaytirilgan nazorat ostiga olindi. Kyoln va Gaylenkirxendagi voqealardan so‘ng Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius hushyorlikni oshirishga chaqirdi va harbiy obektlarga kirishni himoya qilish rejalari qayta ko‘rib chiqilishini e’lon qildi.