Kursk va Kurchatovda temir-beton boshpanalar o‘rnatilmoqda

Jahon 13:55 / 23.08.2024 4677

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatida davom etayotgan harbiy amaliyoti fonida Kurskda, shuningdek, Kurchatov va Jyeleznogorskda temir-beton boshpanalarni o‘rnatish boshlandi. Bu qaror tezkor shtab tomonidan qabul qilindi, dedi Kursk viloyati muvaqqat gubernatori Aleksey Smirnov.

«Mening topshirig‘imga ko‘ra, Kursk shahri ma’muriyati beton modulli boshpanalarni joylashtirishning asosiy nuqtalarini aniqladi - biz viloyat markazidagi 60 ta asosiy to‘xtash pavilionlarini temir-beton boshpanalar bilan jihozlashni rejalashtirmoqdamiz», deb yozadi u.

Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, Jyeleznogorskda 10 ta temir-beton boshpana o‘rnatiladi. Ukraina bilan chegaradan 65 km uzoqlikda, Kursk atom elektr stansiyasi joylashgan Kurchatovda ham boshpanalar o‘rnatiladi, ularning soni va joylashuvi yaqin orada aniqlashtiriladi, deya qo‘shimcha qildi gubernator vazifasini bajaruvchi.

Ukrainaning Kursk viloyatidagi harbiy operatsiyasi

Ukraina qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujum operatsiyasini o‘tkazmoqda. 20 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy mintaqadagi 1260 kvadrat kilometrdan ortiq hudud va 93 ta aholi punkti Ukraina nazoratida ekanligini ma’lum qildi. Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrain tuzilmalari Rossiya hududiga 28-35 kilometr chuqurlikdan kirib borgan.

Kursk AES - Rossiyadagi eng yirik stansiyalardan biri. U to‘rtta energiya blokidan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi Ukraina qurolli kuchlarining mintaqadagi faol harakatlari fonida ishlashda davom etmoqda. 8 avgust kuni "Rosatom" AES hududida urib tushirilgan raketalarning bo‘laklari topilganini e’lon qildi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi Ukraina qurolli kuchlari Kursk atom elektr stansiyasiga hujum qilishni rejalashtirmayotgani va hujum qilishni xohlamasligini bildirdi.

Avvalroq rossiyalik harbiylar Kursk viloyatida xandaqlar qazishni boshlagani, Rossiya Mudofaa vazirligi mintaqada bir necha oylik janglar kuzatilishini istisno etmayotgani xabar qilingandi. Shu bilan birga, Rossiya qurolli kuchlari «Belgorod», «Kursk» va «Bryansk» qo‘shinlari guruhlarini tuzmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: