Finlandiya hukumati tashqi tahdidlarni bartaraf etish uchun mamlakat hududida NATO brigadasini joylashtirishga qaror qildi. 22 avgust, payshanba kuni Finlandiyaning Iltalehti nashri Shimoliy Atlantika alyansidagi manbalarga tayanib, 22 avgust kuni Rossiya bilan chegaraga yaqin joylashgan Mikkeli shahrida 4000-5000 nafar askar va ofitserdan iborat yangi tuzilma shakllantirilishi va joylashtirilishini ma’lum qildi.
«Finlandiya mudofaa kuchlari va davlat rahbariyati Finlandiya profilaktika choralarini kuchaytirish uchun o‘z hududida NATO mamlakatlari askarlari bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldi», deb yozadi nashr. Unga ko‘ra, zirhli texnikalar bilan qurollangan brigadaga, xususan, Shvetsiya va Norvegiya harbiy xizmatchilari qo‘shiladi. Kelgusi haftalarda alyans vakillari va Finlandiya rasmiylari NATOning yangi tarkibini joylashtirish haqida e’lon qilishlari kutilmoqda. «Qarorlar allaqachon qabul qilingan», deb xabar beradi Iltalehti manbalarga tayanib.
Finlandiyadagi NATO brigadasi Rossiyani tiyib turish uchun
Harbiylarni boshqarish uchun AQShning sharqiy sohilidagi Norfolkdagi alyans shtab-kvartirasiga bo‘ysunuvchi Mikkeli shahrida NATO shtabi tashkil etiladi. Shtabni yaratishga tayyorgarlik o‘tgan yilning bahoridan beri davom etmoqda, deb yozadi Iltalehti. Xususan, Mikkeliga NATOning Norfolk shtabi qo‘mondoni o‘rinbosari, Britaniya kontr-admirali Tim Genri tashrif buyurdi. «Biz ruslarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xabar yuborishni istaymiz - va buni omma oldida qilmoqchimiz. Ittifoq o‘z pozitsiyasida juda aniq: Rossiya yevroatlantika mintaqasiga tahdid solmoqda», - dedi Genri bu tashrifi chog‘ida.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi fonida Finlandiya 2023 yilda NATOga qo‘shildi va shu bilan 75 yillik betaraflik davrini tugatdi. Natijada alyansning Rossiya bilan umumiy chegarasi ikki barobarga ortib, 2600 kilometrga yetdi.