Toshkent viloyatida 580 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Jamiyat 18:17 / 22.08.2024 4958

Toshkent, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish bilan bog‘liq holatlari aniqlandi.  

Ma’lum qilinishicha, Qibray tumanida faoliyat yurituvchi MChJ rahbari Parkent tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari bilan o‘zaro til biriktiradi. Ular fermer xo‘jalikka tegishli 42,5 gektar yer maydonini xaridorga go‘yoki 51 gektar ekanligini aytib, uni 580 ming dollarga sotishga kelishishadi. Ammo ushbu shaxslar kelishilgan puldan 550 ming dollarini olgan vaqtlarida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Nurafshon shahrida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan shaxs esa o‘zining turmush o‘rtog‘iga O‘rtachirchiq tumani hududidan obodonlashtirish va bog‘ barpo etish uchun ajratib berilgan 3,64 gektar yer maydonining 2 gektarini 1971 yilda tug‘ilgan tanishi bilan kelishgan holda xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 560 ming dollar talab qilgan. Biroq u oldindan 60 ming dollar olgan vaqtda DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan. 

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Dang‘ara tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro 2017 yilda tuman hokimligi tomonidan bog‘dorchilik yo‘nalishida foydalanish uchun o‘ziga ajratib berilgan 1,3 gektar yer maydonida issiqxona qurishga ruxsat olinganligi haqida yolg‘on gapirib, uni 410 ming dollar evaziga xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytadi. Lekin u so‘ralgan puldan 35 ming dollarini olganda ushlangan.

Shuningdek, Qo‘qon shahrida qayd etilgan holatda, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro tadbirkorning ishonchiga kirib, shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan 5 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligi aytgan holda uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan. Ammo u ham so‘ralgan puldan avans sifatida 20 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. Tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan – 1956 yilda tug‘ilgan shaxs hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydoni bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 5 ming dollar olganda ushlangan.

Bundan tashqari, Andijon shahrida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro shahar hududidagi “Bo‘ston” yoshlar kichik zonasida joylashgan 10 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 46 ming dollari talab qilgan. U oldindan 25 ming dollar olgan vaqtida DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda qo‘lga olingan.  

Qayd etilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: