iPod’dan AirPods Max’gacha. Apple qanday qilib quloqchinlar bozorini egalladi?

Fan-texnika 15:35 / 22.08.2024 1401

Deyarli chorak asrdan beri Apple quloqchinlar bozorida yetakchilardan biri bo‘lib qolmoqda. Kompaniya ishni oddiy, ammo nafis modeldan boshlagan. Undan keyin tajribalar o‘tkazildi va xatolar ustida ishlandi. Har bir yangi quloqchin texnologiya olamida shov-shuvga aylandi.

Ilk quloqchinlar

Foto: Wikimedia

Hammasi iPod bilan boshlangan. Apple’ning mashhur pleyeri 2001 yilda chiqarilgan va raqobatchilar orasida nafaqat dizayni balki oq quloqchinlari bilan ham ajralib turardi.

Bunday rang 2000 yillarning boshiga xos emasdi, odatda quloqchinlar qora rangda ishlab chiqarilgan. Oq rangga kompaniya rahbari Stiv Jobs boshida qarshi bo‘lgan.

Rang Apple dizayneri Joni Ayv tomonidan tanlangan biroq, Jobsni oppoq rang qoniqtirmasdi, natijada unga kulrang aralashtirildi. Quloqchinlarning pastki qismi va simi shu rangga bo‘yaldi.

Quloqchinlar sensorli boshqaruv qatorida iPod’ning ramziga aylandi.

Vakuumli quloqchinlar

Foto: Apple

Apple’ning dastlabki quloqchinlari ancha oddiy edi. Ularda tovush izolyatsiyasi bo‘lmagan. Kompaniya 2004 yilda yanada yuqori darajadagi versiyani taqdim etdi.

Yangi model “tiqinlar” formatida ishlab chiqarildi. Quloqchinlarga rezina qoplamalar o‘rnatildi. Ular tashqi shovqinni kamaytirib, ovoz sifatini yaxshiladi. Quloqchinlar konusga o‘xshagan g‘ayrioddiy ko‘rinishda edi. Foydalanuvchilar esa bunday konstruksiya quloqda qulay turmasligidan shikoyat qilishgan.

Oddiy quloqchinlar iPod’ga qo‘shib sotilgan bo‘lsa, yangi model alohida — 39 dollarga sotildi. Yangilik ancha munozarali bo‘lib chiqdi va bozorda atigi to‘rt yil “yashadi”.

Apple vakuum quloqchinlarning yaxshilangan versiyasini 2008 yilda taqdim etdi. Quloqchinlarga ikkinchi dinamik qo‘shildi. Ulardan biri yuqori chastotali tovushlarni, ikkinchisi qolganlarini ijro etardi. Bunday qaror tinglovchilarga ma’qul bo‘ldi. Chiqarilgan paytda quloqchinlar Apple tarixidagi eng yaxshisi deb ataldi. Ammo ular arzon bo‘lmagan — 79 dollar.

Yangilangan versiya

Foto: Wikimedia

2007 yilda birinchi iPhone paydo bo‘lishi bilan quloqchinlarning odatiy versiyasi ham rivojlandi. Dizayn ancha silliqlashdi — dinamik yaxshilandi. Shuningdek, quloqchinlarga mikrofon bilan boshqarish pulti qo‘shildi. Lekin unda faqat bitta tugma bor edi.

Bunday versiya 2009 yilda chiqarilgan. Quloqchinlarni boshqaradigan markaziy tugma ko‘p funksiyali bo‘lib, keyingi qo‘shiqqa o‘tish uchun ikki marta, avvalgi qo‘shiqqa qaytish uchun esa uch marta bosish kerak edi.

Yangilangan aksessuar uchinchi avlod iPod Shuffle pleyeri egalari uchun juda zarur qurilmaga aylandi. Apple tavakkal qilib, tugmasiz kichkina gadjet yasagan: pleyerni faqat quloqchinlar orqali boshqarish mumkin edi.

iPod Shuffle
Foto: Apple

Bluetooth garnitura

Foto: Wikimedia

Birinchi iPhone chiqishi bilan Apple o‘zining ilk simsiz quloqchinlarini ham namoyish etdi. Aniqrog‘i, bitta quloqchin — Bluetooth garnitura chiqarildi.

Bu safar oq rangdan voz kechildi. Garnitura ishbilarmonlikka xos stilda qora rangda edi. Nafislikka putur yetkazmaslik uchun gadjetning qulog‘iga yoy yoki boshqa qo‘shimcha ushlagich o‘rnatilmagan. Bu esa qulaylikka salbiy ta’sir qildi — izohlarda naushnik oson tushib ketishi mumkinligi ta’kidlandi.

Garnitura bir zaryad qilinganda besh soatcha ishlardi. Aksessuar iPhone smartfonlarining birinchi versiyasiga tushadigan zaryadlagich yordamida quvvatlangan.

Garnitura 129 dollarga sotilgan. Keyinroq narx 99 dollarga tushirildi. 2009 yilda esa gadjet sotuvdan olib tashlandi. Apple tarixida boshqa bunday garnituralar bo‘lmadi.

EarPods

Foto: Wikimedia

Apple simli quloqchinlarning oxirgi versiyasini 2012 yilda chiqargan. iPhone 5 bilan birga kompaniya EarPods’ni taqdim etdi.

Quloqchinlar eski formatida qoldi, lekin ular yangi, g‘ayrioddiy shaklda chiqarildi. Ular yumaloq emas, balki cho‘zinchoqroq qilib ishlangan. Dinamik eshitish kanali ichkarisiga yo‘naltirildi. Bunday shakl nafaqat tovushni yaxshilardi, balki taqib yurish uchun ancha qulay edi. Qurilma quloq ichida yaxshiroq turardi.

Izohlarda quloqchinlar 29 dollarlik narx uchun ancha yaxshi ekani aytildi. Jurnalistlarga ham oddiy foydalanuvchilarga ham qurilmadagi kuchli bass va ovoz tiniqligi yoqdi.

2020 yil kuzidan boshlab EarPods’ni iPhone to‘plamiga kiritish to‘xtatildi. Ammo naushniklar haligacha uchta variantda — Lightning, USB-C yoki 3,5 mm o‘lcham bilan sotiladi.

AirPods

Foto: Apple

Apple simsiz quloqchinlar bozoriga keng miqiyosda o‘rnashdi. AirPods 2016 yil sentabr oyida iPhone 7 bilan birga taqdim etilgan. Quloqchinlar uchun EarPods dizayni asos qilib olindi, faqat batareya tufayli “oyoqlar” uzaytirildi. Zaryadlash uchun kichikroq o‘lchamdagi oq g‘ilofdan foydalanish boshlandi.

Joni Ayvning so‘zlariga ko‘ra, AirPods’ni yaratishda u “Yulduzlar jangi” filmlar seriyasidan ilhomlangan. Ayniqsa, qora elementlar o‘rnatilgan oq kostyumdagi hujumchilarning tashqi ko‘rinishi dizaynga ta’sir ko‘rsatgan.

AirPods 159 dollarga sotila boshladi. Narx kompaniyaning asosiy raqobatchilari bilan solishtirganda pastroq edi. Atigi uch hafta ichida AirPods dunyodagi eng ko‘p sotilgan simsiz quloqchinlarga aylandi va bozorning 26 foizini egalladi. Apple hanuzgacha yetakchi bo‘lib qolmoqda.

AirPods’ning eng katta yutug‘i qurilmalarning ketma-ket almashinuvi bo‘ldi. Ularni Apple’ning istalgan texnikasiga darhol ulash mumkin. Lakonik quloqchinlar ko‘pchilik foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lib chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, AirPods quloqdan tushib ketgan holatlar ham bo‘lgan. Apple tanqidni eshitdi va keyingi versiyada muammoni hal qildi.

AirPods Pro

Foto: Apple

Quloqchinlarning takomillashtirilgan versiyasi 2019 yilning kuzida taqdim etildi. Muhandislar uning shaklini o‘zgartirdi. “Oyoqlar” kaltalandi, dinamika oxiriga rezina nasadka qo‘shildi. Komplekt tarkibiga turli o‘lchamdagi ambushyuralar kiritildi.

Yangi versiyaning yana bir xususiyati shovqinni faol bostirishida edi. Mikrofon yordamida quloqchinlar atrofdagi tovushlarni butunlay tozalaydi.

Chiqarilish paytida AirPods Pro 249 dollarga sotilgan. 2022 yilda ikkinchi avlod quloqchinlari uchun ham shu narx saqlab qolindi. Yangilangan versiyada shovqin yanada kamaytirilib, ovoz yaxshilandi.

Ushbu quloqchinlar stili 2021 yilda standart AirPods ning uchinchi avlodini ham ilhomlantirdi. Ammo kichik model rezina ambushyurlarsiz va shovqin bostirgichsiz qoldirildi.

AirPods Max

Foto: Apple

iPod chiqqanidan deyarli 20 yil o‘tgach, Apple o‘zining birinchi to‘liq o‘lchamli quloqchinlarini taqdim etishga qaror qildi. AirPods Max sotuvga 2020 yil dekabr oyida chiqarilgan.

Yangi qurilma simsiz bo‘lib, xohishga ko‘ra quloqchinlarga kabel ulash mumkin, lekin faqat originalidan. Biroq bunday rejimda baribir gadjetning quvvati ketadi, bir vaqtning o‘zida ham kabelda tinglash ham quvvatlash mumkin emas.

AirPods Max’ga shovqin bostirgich va boshqa mashhur funksiyalar qo‘shildi. Tanqidchilarga quloqchinlar yoqdi, lekin narxi borasida bunday deb bo‘maydi. Ular 549 dollar turadi. Shunga qaramay jurnalistlar AirPods Max’ni o‘z toifasidagi eng yaxshi qurilma deb atadi.

Ko‘proq yangiliklar: