Ilojsizlikdan tug‘ilgan jasorat. The Economist Sirskiy Kursk oblastiga yurishni qanday tayyorlagani haqida yozdi

Jahon 17:33 / 22.08.2024 18071

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishi «ilojsizlikdan va katta maxfiylik sharoitida tug‘ilgan jasoratli sarguzasht» bo‘ldi, deb yozmoqda The Economist. Jurnalistlar Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning atrofidagi kishilar, shuningdek to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hududidagi amaliyotda ishtirok etayotgan ukrain harbiylari bilan so‘zlashgan holda shunday xulosaga kelgan.

Nashrning qayd etishicha, bir tomondan, kutilmagan bosqin ukrain armiyasining ruhiyatini ko‘targan va Ukraina qurolli kuchlari harbiy harakatlaridagi yangi taktikani namoyish etgan. Ammo uchinchi haftaga kelib yurish sur’atlari sekinlashdi va Rossiya javob qaytara boshladi, nafaqat Kursk oblastida, balki frontning boshqa uchastkalarida ham. 

Ukraina bosh shtabidagi manba Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi taktikasini «manyovrli hujum» deb ataydi — bu Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning ilk davrida Rossiya qo‘mondoni Valeriy Gerasimov qo‘llaganiga o‘xshash uslub. Ukrainaning to‘rtta brigadasi Rossiya chegarasini 6 avgust kuni kesib o‘tgan, qishloqlar oralab turli yo‘nalishlarda, tanklar va artilleriya olovi, shuningdek havodan FPV-dronlar qo‘llovida harakatlangan. Harbiylar quruqlikda jiddiy qarshilikka uchramagan, ammo ularni Rossiya aviatsiyasi bombardimon qilgan. Ukrainlarning og‘ir zirhli texnikasi kirishidan oldin hududlar kichik bo‘linmalar tomonidan o‘rganib chiqilgan. Nashrning baholashicha, bosqinning ilk kunlarida bunday taktika «juda samarali» bo‘lib chiqqan.

The Economist nashri yozishicha, Sirskiy Rossiyaga bosqin rejasini ulkan bosim ostida ishlab chiqqan. Ukraina qurolli kuchlari Donbassda, ayniqsa muhim logistik markaz bo‘lgan Pokrovskda mudofaa chizig‘ini bazo‘r ushlab turibdi. Iyulda lavozimga 2024 yil fevralida tayinlangan bosh qo‘mondon iste’fo yoqasida turgani haqida xabarlar tarqalgandi.

«Sirskiy siyosiy o‘yinlarda kuchli emas. U urushda yaxshi», — degan jurnalistlarga generalga yaqin bo‘lgan suhbatdosh. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mondon Rossiya mudofaasidagi eng zaif nuqtalarga yurish qilish bo‘yicha bir necha ssenariylarni ko‘rib chiqqan: Bryansk oblastiga shimoldan zarba, Kursk oblastiga zarba, ushbu ikki variant kombinatsiyasi va boshqalar. Ukraina qurolli kuchlari ko‘zlagan asosiy maqsad Rossiya qo‘shinini Donbassdan chalg‘itish va bo‘lg‘usi muzokaralar uchun kuzirga ega bo‘lish edi.

Sirskiy o‘z rejalarini sir tutgan, buni faqat tor doiradagi generallar hamda xavfsizlik xizmati xodimlari bilan baham ko‘rgan va strategiyani Ukraina prezidenti bilan yakkama-yakka holda muhokama qilgan, deya yozadi The Economist. Hatto Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi ham rejalashtirishga faqat so‘nggi bosqichga kelib qo‘shilgan. Manbaga ko‘ra, Ukrainaning ittifoqchilari ham oldindan xabardor qilinmagan, chunki G‘arbdagilar bungacha Sirskiyning ikki operatsiyasini barbod qilgandi — biri haqida Rossiya xabar topgan, boshqasini bekor qilishga buyruq berilgan (maqolada bular qanday operatsiyalar bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan). Barchasi boshlanib ketganida esa G‘arb e’tiroz bildirmadi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Sumi oblastini RF qurolli kuchlarining ehtimoliy hujumidan himoya qilish bahonasi bilan chegara hududga qo‘shin to‘plash orqali dushmanni chalg‘itishga muvaffaq bo‘ladi (bu versiya oldinroq ukrain nashrlarida ham muhokama qilingandi). Rotatsiya Kursk operatsiyasi boshlanishiga taxminan bir yarim hafta qolganida amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, ukrain harbiylarining o‘zi ham yurish amaliyotida ishtirok etishlarini tasavvur qilishmagan. Ukraina qurolli kuchlari jangchilaridan biri nashrga aytib berishicha, ular avgust oyi boshida, yangi jihozlar bilan ta’minlanganida, nimadandir shubhalana boshlagan: o‘shanda barchaga quloqchinlar o‘rnatilgan yangi kaskalar va yangi shturm miltiqlari topshirilgandi. Shunngdek, harbiylar maketlarda mashg‘ulotlar o‘tkazishgan, keyinroq bu Rossiya qishlog‘i imitatsiyasi bo‘lgani oydinlashadi.

Yurishning birinchi bosqichi puxta rejalashtirilgan bo‘lsa-da, endi kutilmaganlik omili yo‘qotilgani tufayli ukrainlarning harakati sekinlashdi. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabidagi manbaning aytishicha, Volodimir Zelenskiy hamon Kursk oblastida «maksimal progress»ga erishishga intilmoqda. 18 avgust kuni Ukraina prezidenti mamlakat qurolli kuchlari operatsiyasining bosh maqsadi — «agressor hududida bufer zona yaratish» ekanini aytdi.

Ammo Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni yanada ehtiyotkor bo‘lib, ko‘proq mustahkam mudofaa chizig‘ini hosil qilish uchun chegara bo‘ylab qanotlarni kengaytirishga e’tibor qaratmoqda. «Sirskiy ahmoq emas. U shoshqaloqlik butun operatsiyani xavf ostiga qo‘yishini yaxshi tushunadi», — deydi uning ishonchli odami. Hozirda soni 10 mingdan 20 minggacha bo‘lgan ukrain kontingentining asosiy e’tibori, katta ehtimol bilan, Sudjadan shimoli-g‘arbdan o‘tgan Seym daryosining janubiy sohillarida nazorat o‘rnatishga qaratilgan. Rossiyalik harbiy blogerlar ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari allaqachon Kursk oblasti Glushkovo rayonida Seym uzra o‘tgan barcha ko‘priklarni portlatgan.

Operatsiyaning uzoq muddatdagi istiqboli Rossiyaning reaksiyasiga bog‘liq, deya qayd etadi nashr. Aftidan, RF mudofaa vazirligi ikki tomonlama yo‘l tutmoqda: Kursk oblastidagi qo‘shinlar miqdorini oshirmoqda, ammo Donbassdagi front chizig‘iga bosimni saqlab qolmoqda. Ukrain harbiylariga ko‘ra, ular Kursk oblastida qarshilikning yangi darajasini his etishmoqda — Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari ortmoqda, Rossiya qo‘shini yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo‘linmalar, jumladan, dengiz piyodalari hamda maxsus topshiriqli otryadlar bilan kuchaytirilmoqda.

Ukraina hukumatidagi suhbatdosh, o‘z navbatida Donbassdagi harbiy faollik 16 avgustdan susaya boshlagani, ammo bitta muhim istisno borligini aytgan — RF qo‘shini hamon ukrain mudofaasi kuchsizlanganidan foydalangan holda Pokrovsk yo‘nalishida ishonch bilan oldinga yurmoqda.

«Meduza»ning «Razbor» bo‘limi sharhi

Donbass frontida harbiy faollik sezilarli darajada pasaygani, shuningdek u yerdan rus qo‘shinlari Kursk oblastiga olib o‘tkazilgani haqida aytib bo‘lmaydi. O‘tgan hafta davomida RF qurolli kuchlari Pokrovsk yo‘nalishida ham, undan 50 kilometr sharqdagi Toretsk shahri tomon ham hujumlarni kuchaytirgan.

Dnipro shahridan Donbassning markaziy va janubiy qismiga o‘tadigan barcha yuklar Pokrovsk orqali o‘tadi. Rossiya qo‘shini so‘nggi kunlarda Pokrovsk hududida hujumlarni kuchaytirdi va shahardan 13 kilometr masofadagi Grodovka posyolkasini egalladi. Shuningdek, Rossiya qo‘shini Pokrovskdan 15 kilometr janubdagi Selidovo shahri tomon ham siljimoqda.

Ko‘proq yangiliklar: