Dunyoning eng mashhur ligasida ushbu mavsumda barchasi ostin-ustun bo‘lib ketadi yoki hech narsa sodir bo‘lmaydi. Yaqinlashib kelayotgan oylarda «Manchester Siti»ning Premer-liga moliyaviy feyr-pley qoidalarini 115 marta buzganlikdagi gumonlari yuzasidan eshituv ishlari boshlanadi va joriy mavsum yakunidan avval xulosa taqdim etiladi. Unga ko‘ra, «shaharliklar» «suvdan quruq chiqadi» yoxud 80 ochkogacha jarimaga tortilishi va hatto Chempionshipga tushirib yuborilishi mumkin.
O‘tgan hafta avvalida APL mavsumi boshlanishi oldidan berilgan intervyusida liga rahbari Richard Masters «Manchester Siti» ishi masalasida liga va klub o‘rtasida hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Lekin ligada ketma-ket 4 marta g‘olib chiqqan «shaharliklar»ni hayron qilgan ayblov masalasidagi mavhumlikni biroz bo‘lsa-da tarqatmadi. O‘z navbatida, klub liga qoidalarini buzish evaziga raqiblarni ortda qoldirayotgan bo‘lishi mumkinligini sezgan boshqa klublar vakillari ham ushbu masala tezroq hal qilinishini talab qilyapti.
«Siti» 115 ta ayblovning barchasidan qutulib qolishi fantastika bo‘lardi. Xo‘sh, jazo qay usulda beriladi? U «Siti»ga sport taraflama hukm o‘qib, jarimaga tortadimi yoki Manchester «moviylari» yana moliyaviy kompensatsiya to‘lash bilan cheklanadimi? Bu keys faqat Angliyaga emas, balki butun Yevropaga daxldor va ko‘hna qit’a grandlari ham ushbu sud jarayoni natijalariga ko‘z tikkan.
The Athletic nashrining shaxsini ochiqlashni istamagan manbasi bu masalada quyidagilarni so‘zlagan: «Boshqa klublar vakillari bilan yakdil fikrimiz shuki, ularga nisbatan eng maqbul jazo ochko olib qo‘yish bo‘ladi. Ammo jarima ochkolar miqdori 70 yoki 80 ochko oralig‘ida bo‘lishi va bu ularning Chempionshipda kamida bir mavsum o‘tkazishini ta’minlashi kerak».
Yana bir klub vakili esa yanada kreativ jazo uslubini taklif etgan. Unga ko‘ra, «Siti»dan kelgusi 3 mavsum davomida ko‘p miqdordagi ochkolarni olib tashlash va shu orqali ularning Chempionlar Ligasida qatnashish imkoniyatini amalda yo‘qqa chiqarish lozim. Yana bir vakil «Siti» mojarosini Angliya regbi ligasini 2019 yilda yutgan «Seresens» klubi bilan bo‘lgan voqeaga qiyosladi. O‘shanda ushbu klubdan 35 ochko olib tashlangan va 2-divizionga tushib ketgan. Qo‘shimchasiga esa 5,36 million funt moliyaviy jarimaga tortilgan.
«Siti»ga qarshi to‘qnash kelgan murabbiylardan biri esa ularning qolgan jamoalar bilan bir xil qoidalar asosida o‘ynamagani, biroq endi bo‘lib o‘tgan ishlarni to‘g‘rilash uchun kech bo‘lganini bildirgan. Bu jarayon liga uchun ham jiddiy sinovga aylanishi kutilyapti. Agar liga «Siti» keysida o‘z pozitsiyasini va qat’iyatini dadil ko‘rsata olmasa, boshqa klublar ham moliyaviy feyr-pleyni pisand etmaslikka o‘tishi mumkin.
O‘z navbatida, «Manchester Siti» barcha ayblovlarni rad etmoqda va 2023 yil fevralida tarqalgan gap-so‘zlar bu darajagacha yetganidan hayratda. Ular o‘z bildirgisida ushbu masala «tez fursatda va batamom bartaraf etilishi»ni xohlashini ma’lum qilgan. Ammo bu osonlikcha yakunlanadigan jarayon emas. Axir gap 2009-2018 yillar orasida sodir bo‘lgani da’vo qilinayotgan 115 ta qoidabuzarlik haqida ketmoqda. Bu davrda klub 3 marta APLni yutgan, Yevropa grandi sifatida shakllangan va Pep Gvardiola bilan gigant jamoa qurish ishlarini boshlashga erishgan.
«Siti»ga qo‘yilayotgan ayblovlar orasida daromadlar hujjatlarini to‘liq tartibda taqdim etishdagi xatolar, 2009-2013 yillar davomida Roberto Manchini va uning shtabiga to‘langan maoshlar masalasini to‘laqonli ochiqlamaslik va 2015-2018 yillar oralig‘ida APL Daromad va davomiylik qoidalari (Profit and Sustainability Rules)ni bir necha bandlar bo‘yicha buzish kabilar mavjud. Liga klubni UYeFA feyr-pley qoidalarini ham 2013-2014, 2014-2015 hamda 2017-2018 yillar davomida buzishda ayblamoqda.
«Manchester Siti»ga UYeFA masalasidagi ayblovlar begona emas. 2020 yil fevralida UYeFA ularni moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzishda ayblab, ikki mavsumga o‘z musobaqalaridan chetlatgandi. Ammo Sport arbitraj sudi «klubga qo‘yilgan ayblovlarning ayrimlari o‘z tasdig‘ini topmagani, qolganlari esa bu kabi ishlarni ko‘rib chiqish uchun belgilangan 5 yillik muddatdan o‘tib ketgani» bois chetlatish sanksiyasini bekor qilgan va buning o‘rniga «shaharliklar» 8,6 million funt jarimaga tortilgandi.
APLda hech kim «Siti» keysida o‘z ismini oshkor qilishni xohlamayotgan bir paytda La Liga prezidenti Xaviyer Tebas bu masalada ochiqchasiga fikrlarini bildirib o‘tdi. U uzoq yillik faoliyati davomida sport klublarining davlatlarga tegishli bo‘lishi va hokimiyat vakillari tomonidan boshqarilishini keskin qoralab keladi. «Siti» esa rasman qaysidir davlat hokimiyati tomonidan boshqarilmasa-da, Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri va prezidentlik ishlar vaziri Shayx Mansur bin Zayed An-Nahyonga tegishli «Newton Investment and Development» kompaniyasi tomonidan boshqariladi.
«Men o‘z ligamizni Angliyaniki bilan proporsional qo‘ya olmayman, chunki ulardagi qonunlarni yaxshi bilmayman. Ammo men UYeFA va Sport arbitraj sudi qabul qilgan «Siti»ga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish qarorini sharmandalik, deb hisoblayman. Bu juda ham bahsli hukm bo‘ldi. Qani, ko‘raylikchi, endi nima bo‘lar ekan. Bilishimcha, Angliyadagi ko‘plab klublar «Manchester Siti» keysi qanday yakunlanishiga ko‘z tikkan. Endi bu nafaqat ushbu klub, balki Premer-liganing taqdiriga ham daxldor masala», – degandi The Athletic bilan suhbatda Xaviyer Tebas.
Ammo bu masalada na Tebas, na u nazarda tutgan klublar fikri ahamiyatga ega emas. «Siti» ishini liga qoshidagi mustaqil yuridik bo‘lim rahbari Marrey Rosen tanlagan va shaxslari ma’lum qilinmagan uch nafar mutaxassisdan tashkil topgan komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Aytib o‘tilganidek, «Manchester Siti» taqdirini belgilashda liganing boshqa klublari bevosita qatnasha olmasada, ularning o‘zini tutishi ushbu ish atrofidagi umumiy kayfiyatga ta’sir qilishi aniq. 2020 yilda «shaharliklar» moliyaviy jarima bilan qutulganidan so‘ng liganing 9 klubi qaror ustidan apellyatsiya bergandi. Ha, bu hech narsani o‘zgartirmagan, biroq o‘tgan mavsumda «Everton» va «Nottinghem Forest»ning ochkolari olib qo‘yilganidan so‘ng Angliya klublarining amaldagi chempionlar masalasidagi noroziliklari kuchayib ketdi.
«Qonunlarga bo‘ysunishdan o‘zga chora yo‘q, ularni har mavsum avvalida har bir klub tasdiqlaydi. Ular va biz bir-birimizga qo‘l beramiz hamda klublar ushbu qoidalar asosida faoliyat olib borishga barchaning ko‘z o‘ngida so‘z beradi», — deydi liga rahbari mavzuga to‘xtalar ekan.
Bu masalaga Birlashgan Arab Amirliklari hukumati aralashuvi esa yanada ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda. O‘tgan yili Amirliklar hukumati tan olishicha, Abu Dabidagi elchixona bilan bu masalada suhbat o‘tkazilgan, ammo uning mavzusi oshkor qilinmagan. The Athletic’ning ma’lumotlar erkinligi doirasida yuborgan so‘roviga qirollik tomonidan rad javob keldi va «bu ma’lumotlarni ochiqlash Birlashgan Arab Amirliklari bilan o‘zaro aloqalarni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi» ma’lum qilindi. «Manchester Siti» tarafi bu masalada savol berilganda javob berishdan bosh tortdi va liga vakillari ushbu ehtimolni butkul rad etdi. «Bu haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Buning iloji yo‘q», — deydi liga rahbari Richard Masters.
Va nihoyat, bu masalada Premer-liganing manfaatlari ham o‘rtaga tikilgan. Albatta, «Manchester Siti» kabi klubni yo‘qotishdan dunyoning eng katta daromad keltiruvchi milliy ligasi katta zarar ko‘radi. APL daromadlarining katta qismini xalqaro translatsiyalar tashkil qiladi va birgina Amerika Qo‘shma Shtatlarining NBC kompaniyasi liga o‘yinlarining eksklyuziv namoyish huquqi uchun yiliga 450 million dollar to‘laydi. Solishtirish uchun, La Liga ESPN bilan xuddi shunday shartnomani 175 million dollar evaziga tuzgan. Bundesliga esa xuddi shu kompaniyaga yillik paketni 30 million dollarga sotadi. Shundan kelib chiqib, ularda qat’iyatsizlik qilishga zarracha ham imkoniyat yo‘q, zero ularni butun dunyo kuzatib turibdi.
«Uzoq yillardan beri o‘z klubiga qarshi moliyaviy feyr-pley masalasida ish ochmagan Premer-liganing ushbu keysda tanlaydigan yo‘li juda muhim ahamiyatga ega. Bu Yevropa futboliga ta’sir ko‘rsatadigan qaror bo‘ladi.
Premer-liganing moliyaviy barqarorlikka e’tibor qaratishi juda muhim, ularning klublarni futbolniki bo‘lmagan pullar (hokimiyat mablag‘lari) bilan boshqarishga qo‘yib berishi Yevropa futbolida jiddiy inflatsiyaga sabab bo‘ladi: maoshlar, transfer pullari, komissiya xarajatlari va hokazo. Angliya klublari bu masalani xavotir bilan kuzatayotganiga aminman va ularning barchasi «Manchester Siti»ga qarshi sanksiyalar qo‘llanishini kutmoqda», — deydi Xaviyer Tebas bu masaladagi fikrini yakunlar ekan.
The Athletic saytidan Abdulbasit Valixonov tarjimasi