Muvaffaqiyatsiz yakunlangan muzokara, Isroilga zarbani kechiktirayotgan Eron va BRICS sari qadam tashlagan Ozarboyjon - kun dayjesti

Jahon 13:46 / 21.08.2024 3571

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

15 avgustdan keyin Qatar poytaxti Dohada G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlanganidan buyon Isroil hujumlari natijasida G‘azo sektorida 168 nafar falastinlik o‘ldirildi. Yana 456 kishi yarador qilingan.

Bu muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishi va o‘t ochishni to‘xtatish, asirlar almashinuvi va majburan ko‘chirilgan shaxslarni qaytarish, G‘azoni tiklash va turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha kelishuvga erishishni xavotirli shubha ostiga qo‘yadi.

Isroilning G‘azoga to‘xtamayotgan hujumlari tufayli yana bir Falastin jurnalisti o‘ldirildi. Bu safargi qurbon Hamza Abdurrohman bo‘ldi.

7 oktyabrdan buyon Isroil hujumlari tufayli G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar soni 170 nafarga yetdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabridan buyon Falastinning okkupatsiya qilingan hududlarida tibbiyot xizmatlariga 1039 ta hujum uyushtirilgan. Ularning 504 tasi G‘azo sektorida.

G‘azo bo‘yicha muzokaralar

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi muvaffaqiyatsiz yakunlangani ma’lum qilinmoqda. HAMAS Amerika tinchlik rejasini qabul qilmagan, Isroil ham o‘z talablaridan voz kechmagan.

Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy 22 avgust kuni Qohirada Isroil, AQSh va Misr delegatsiyalari ishtirokida muzokaralarning ikkinchi bosqichi boshlanishini ma’lum qildi. Unda 16 avgustda taqdim etilgan Amerika tinchlik rejasi muhokamalar uchun asos bo‘lishi kerak. AQSh o‘z loyihasi mazmunini oshkor qilmagan, biroq unda ikki tomonning xohish-istaklari inobatga olingani da’vo qilinmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, HAMAS Amerika taklifini tanqid qilib, u vositachilar bilan o‘tgan ikki oy davomida muhokama qilingan bandlarga mos kelmasligini ta’kidladi. HAMASga ko‘ra, AQSh yangi rejaga Isroilning takliflarini kiritgan. HAMAS esa bunga rozi emas.

Qatarning «Al-Arabiy Al-Jadid» gazetasining ta’kidlashicha, HAMAS tomonidan qabul qilinmayotgan tahrir uchta:

1. Isroilning G‘azo-Misr chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagida o‘z harbiylarini saqlab qolish talabi;

2. Anklav ichida falastinliklarning harakatini nazorat qilish uchun sektorning shimoli va janubi o‘rtasida nazorat punktlarini o‘rnatish;

3. Isroil garovga olinganlar evaziga qamoqdan ozod qilishga tayyor bo‘lgan falastinlik mahbuslar sonini kamaytirish.

Gazetaning yozishicha, HAMAS Isroil qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketish muddati bo‘yicha yon bosgan, vaholanki, avvalroq, guruh sulhning dastlabki kunlarida barcha qo‘shinlar hududni tark etishi kerakligini ta’kidlagan edi.

HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Suhayl al-Hindiyga ko‘ra, guruh muzokaralarga tayyor, ammo Isroilning yangi talablarisiz.

«Qatar va Misrdagi vositachilar HAMASning avvalgi barcha muzokaralarga ijobiy va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lgani, kelishuvga erishishga doimo to‘sqinlik qilgan va yangi shart va talablarni ilgari surgan Netanyahu ekanligini bilishadi», degan Suhayl al-Hindiy.

AQSh va Misr falastinliklarning talablarini e’tiborga oldi va so‘nggi ikki kundan beri Isroil rahbariyatiga Filadelfiya yo‘lagidagi harbiy ishtirokidan voz kechishi uchun bosim o‘tkazmoqda, deb yozadi Axios portali.

Isroil G‘azo sektori va Misr chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagida HAMASga yerosti tunnellari qurishiga xalaqit berish uchun devor qurilishini talab qilmoqda.

Misr yo‘lakdan Isroil qo‘shinlari to‘liq olib chiqib ketilishini yoqlamoqda. Isroil esa devor qurilishi, hududni kuzatib turgan datchiklar va kameralarga doimiy ulanishni istamoqda.

Isroil qamal qilingan eksklavga insonparvarlik yordamlari kelib turgan «Rafah» nazorat o‘tkazish punktini 2023 yilning dekabrida yopgan va o‘shandan buyon ochmayapti.

Eronning Isroilga hujumi

Eron Isroilga qasos zarbasi berish bo‘yicha shoshilmaslikka qaror qildi.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi matbuot kotibi Ali Muhammad Nainiy so‘zlariga ko‘ra, mamlakat armiyasi Tehronda Hamas siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishiga javoban Isroilga hujum qilishga shoshilishi kerak emas, deb hisoblaydi. Eronning javobi avvalgi operatsiyalardan farq qilishi mumkin, dedi u.

«Vaqt biz tomonda va jinoyatchi sionistik rejimga javob zarbasi berilishini kutish davri uzoqqa cho‘zilishi mumkin», deya undan iqtibos keltirmoqda Mehr agentligi.

Nainiyning qo‘shimcha qilishicha, Eron qo‘mondonlari «dushmanni samarali jazolash tajribasiga ega va shoshqaloqlik bilan harakat qilishga moyil emas». Shuningdek, u avvalroq Eronga qilingan hech bir hujum javobsiz qolmaganini aytdi.

Avvalroq, Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Husayn Jobiriy Ansoriy Tehronning javob zarbasi shakli va vaqti mojaroning rivojlanishiga bog‘liqligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning javobi «har tomonlama, ammo aniq» bo‘ladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Rossiya Mudofaa vazirligi «Belgorod», «Bryansk» va «Kursk» qo‘shin guruhlarini tashkil etdi.

Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousovga ko‘ra, ushbu guruhlar qo‘mondonlari va Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi vakili «fuqarolar va hududlarni uchuvchisiz uchish apparatlari va boshqa hujum vositalarining hujumlaridan himoya qilish» uchun javobgar bo‘ladi.

2024 yil aprel oyida rus qo‘shinlarining Xarkiv oblastiga yangi hujumidan so‘ng, Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibida «Shimoliy» qo‘shinlar guruhi yaratilgani, ularning tarkibiga «Belgorod», «Kursk» va «Bryansk» guruhlari kirishi haqida xabar berilgan edi. Bu uchta tuzilma «chegarani qo‘riqlovchi» guruh ekani aytildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujum operatsiyasi asosiy maqsadini Rossiya keyingi hujumlari oldini olish uchun «bufer zona yaratish» deb atadi.

«Mudofaa harakatlarimizning asosiy vazifasi — imkon qadar ko‘proq Rossiya salohiyatini, urush salohiyatini yo‘q qilish va maksimal qarshi hujumni amalga oshirish. Xususan, agressor hududida bufer zonani yaratish — Kurskdagi operatsiyamiz maqsadi», degan u kechki murojaatida.

Lukashenko MDH davlatlarini aybladi

Belarus rahbarining aytishicha, MDHga a’zo ayrim davlatlar Rossiyadan faqat nimadir olishga harakat qiladi, lekin evaziga hech narsa bermayapti.

«Rossiya va men aslida bir qayiqdamiz. Agar u ag‘darilsa, biz birga cho‘kib ketamiz. Ittifoqchilik munosabatlarimizni yashirishning hojati yo‘q. Biz o‘zimizni ba’zi davlatlar kabi tutmaymiz, ular Rossiyadan faqat olmoqchi, evaziga hech narsa bermoqchi emas», — degan Lukashenko.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu holat davom eta olmaydi.

«Qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyaga murojaat qilishingiz kerak bo‘ladigan vaqt uzoq emas. Inqiroz yuz bergan taqdirda, xuddi Qozog‘istonda bo‘lgani kabi, hamma Putinga yordam so‘rab murojaat qiladi. Biz esa KXShT orqali tezda javob qaytardik, u yerga kuch yubordik va tartibsizliklarni tinchitdik», degan u.

Lukashenko possovet hududida iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish muhimligini ham ta’kidladi.

«Amerikada yoki Yevropa Ittifoqida Qozog‘iston yoki O‘zbekiston tovarlarini kim kutmoqda? Yo‘q, ular Rossiyaga sotishga intiladi. Bizda umumiy bozor bor va uni yo‘qotmaslik kerak», deb qo‘shimcha qildi Lukashenko.

Bundan tashqari, Lukashenko Armanistondagi vaziyatni ham izohlagan. Unga ko‘ra, bu davlat MDHdan boshqa «hech kimga kerak emas».

«Iqtisodiyotini rivojlantirib, resurslariga e’tibor qaratishsin. Fransiya yoki Makron? Ertaga u ketadi, shunda hamma Armanistonni unutadi», deb xulosa qilgan Lukashenko.

Ozarboyjon BRICS sari qadam tashladi

Ozarboyjon BRICS a’zosi bo‘lish uchun rasman ariza topshirdi, deb xabar berdi respublika tashqi ishlar vazirligi.

Bokuda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. OAV xabariga ko‘ra, ularda iqtisodiy hamkorlik, xalqaro va mintaqaviy muammolar, xususan, Armaniston-Ozarboyjon mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish masalalari muhokama qilingan, shuningdek, qo‘shma bayonot qabul qilingan, uchta kelishuv va uchta memorandum imzolangan.

BRICS (Brazil, Russia, India, China, South Africa davlatlari nomining bosh harflaridan tuzilgan qisqartma) 2006 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, keyinchalik unga Janubiy Afrika qo‘shilgan. 2024 yil 2 yanvar kuni unga Misr, Eron, BAA va Efiopiya qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: