Isroil AQShning G‘azo bo‘yicha sulh tuzish va asirlarni ozod etish taklifini qo‘llab-quvvatladi

Jahon 00:54 / 20.08.2024 3962

Isroil AQShning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni ozod etish borasidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi, deb xabar beradi davlat kotibi Entoni Blinken.

Blinken Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvidan keyin bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «keyingi muhim qadam — HAMAS «ha», deyishida qoldi».

AQSh davlat kotibi erishilgan kelishuvlar mohiyatiga aniqlik kiritmadi. U Netanyaxu bilan uchrashuvdan keyin darhol Qatarga, so‘ng muzokaralarni davom ettirish uchun Misrga yo‘l oladi.

G‘azoda sulh bo‘yicha muzokaralar va asirlarning ozod etilishi haqidagi gap-so‘zlari oxirgi haftalarda ko‘p muhokama qilindi. Diplomatlar erishilajak bitim Tehronda HAMAS siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya va Bayrutda «Hizbulloh» yetakchisining katta maslahatchisi Fuad Shukr o‘ldirilganidan keyin qasos olishni va’da qilgan «Hizbulloh» va Eronni to‘xtatib turishiga umid qilmoqda. The New York Times 17 avgust kuni Eron G‘azo bo‘yicha muzokaralarga putur yetkazmaslik uchun Isroilga zarba berishni kechiktirishga rozi bo‘lgani haqida yozgan edi.

Avvalroq Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatda mintaqadagi keskinlikni kamaytirish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish muhimligini ta’kidlagan edi. «Men yana barcha asirlarni ozod qilish, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim tuzish va uzluksiz insonparvarlik yordamini ko‘rsatish bo‘yicha chaqiriqni takrorladim», — deb yozadi hindistonlik siyosatchi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga. 

Ko‘proq yangiliklar: