Rossiya Boltiq dengizida «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlari portlatilishi bilan bog‘liq tergov bo‘yicha Germaniyaga rasman da’vo bilan chiqdi. Bu haqda 19 avgust, dushanba kuni RIA «Novosti» agentligiga bergan intervyusida Rossiya TIV Yevropa uchinchi departamenti direktori Oleg Tyapkin ma’lum qildi.
Uning eslatishicha, Germaniya Federal prokuraturasi «Shimoliy oqimlar»ni portlatishda gumon qilingan g‘avvoslardan birini hibsga olish uchun order bergan, u Ukraina fuqarosi bo‘lib chiqqan. Biroq, diplomatning so‘zlariga ko‘ra, nemis ommaviy axborot vositalari «uzoq vaqtdan beri va uslubiy ravishda» «bu shaxslar hech qanday davlat bilan aloqasi yo‘q degan tezisni» targ‘ib qilmoqda. Bundan u shunday xulosaga keladi: «Germaniya tergovi ham «Shimoliy oqim» portlatilishining haqiqiy aybdorlarini aniqlamasdan yopiladi, ya’ni aslida Germaniya ishni sekinlashtiradi».
Tyapkinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva rasmiy Berlin oldida «Germaniya va boshqa jabrlangan davlatlar BMTning terrorizmga qarshi konvensiyalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarishi masalasini» qo‘ygan. «Shu munosabat bilan, tegishli da’volar rasmiy ravishda ikki tomonlama tarzda, shu jumladan Berlinga taqdim etildi», deya qo‘shimcha qildi u va Rossiya Federatsiyasi amaldagi xalqaro qoidalarga muvofiq muzokaralar olib borishga intilayotganini va keyingi qadamlar G‘arbning munosabatiga bog‘liq bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Germaniya ShO portlatilishi bo‘yicha ukrainalikni hibsga olishga order berdi
Germaniya Federal prokuraturasi Ukraina fuqarosi, dayving bo‘yicha instruktor Vladimir J.ni hibsga olishga order berdi. U «Shimoliy oqimlar» portlatilishiga aloqador, deydi ARD, Süddeutsche Zeitung va Die Zeit tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv mualliflari. Vladimir J. go‘yoki Polshada yashagan va Ukrainaga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
Keyinroq Vladimir J.ni hibsga olish uchun order berilgani Polsha Bosh prokuraturasi tomonidan tasdiqlanib, u Ukrainaga jo‘nab ketgani qo‘shimcha qilindi.
Xabar berilishicha, orderni berishga guvohlarning ko‘rsatmalari asos bo‘lgan, unga ko‘ra Vladimir J. oq rangli Citroyon avtomobili yo‘lovchilari orasida bo‘lgan. Avtomashina, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ekipajni 2022 yil 8 sentabr kuni Andromeda yaxtasiga yetkazgan. Germaniyaning Ryugen oroli yaqinida tezlikni oshirgani uchun olingan radar fotosuratida Vladimir J.ga o‘xshash odam tasvirlangan.
WSJ Zalujniyning portlashlarga aloqadorligi haqida xabar berdi
WSJ manbalariga ko‘ra, «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarini portlatish operatsiyasida hal qiluvchi rolni Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘ynagan.
Nashrning 14 avgustdagi materialida aytilishicha, operatsiya g‘oyasi 2022 yil may oyida uni moliyalashtirgan Ukraina yuqori martabali harbiy ofitserlari va biznesmenlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tug‘ilgan. Uni bevosita Zalujniyga bo‘ysungan ismi oshkor etilmagan general boshqargan va portlashni oddiy ijaraga olingan yaxtada olti nafar harbiy va fuqarolik g‘avvoslaridan iborat guruh amalga oshirgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy operatsiya rejasini og‘zaki ma’qullagan, biroq AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi bundan xabar topgach va Kiyevni operatsiyani bekor qilishga chaqirgach, u fikridan qaytgan va bu haqda Zalujniyga aytgan, biroq u quloq solmagan. Keyinroq u Zelenskiyga qo‘poruvchilik guruhining allaqachon tashqi dunyo bilan aloqasi uzilganini va uni ortga chaqirib bo‘lmasligini aytgan, deb yozadi nashr.
WSJ nashriga bergan izohida hozirda Ukrainaning Britaniyadagi elchisi bo‘lgan Zalujniy operatsiya haqida hech narsa bilmasligini ta’kidladi.
«Shimoliy oqimlar»dagi portlashlar
Rossiyadan Germaniyaga olib boruvchi Boltiq dengizidagi «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarining to‘rt tarmog‘idan uchtasi 2022 yil sentabr oyi oxirida portlatilgan. O‘sha paytda ularning hech birida gaz tashilmagan. «Shimoliy oqim» ishi portlatilishidan biroz oldin Rossiya tomonidan to‘xtatildi, «Shimoliy oqim-2» esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi davrida ishga tushirilmadi. ShO-2 liniyalaridan biriga zarar yetmagan va voqeadan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin u orqali gaz o‘tkazishni taklif qilgan, biroq Germaniya buni rad etgan. Gaz quvuridagi portlashlar uchun javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olmadi.
OAV Ukrainaning portlashlarga aloqadorligi haqidagi ma’lumotlarning muhim siyosiy ahamiyatiga ishora qilmoqda. «Germaniya o‘zini gaz bilan ta’minlamoqchi bo‘lgan infratuzilmani vayron qilgan mamlakatga qanday munosabatda bo‘lish kerak?» - deb ta’kidlaydi Die Zeit.