Pokiston hukumati mamlakatda internet tezligi pasayib ketishida foydalanuvchilarni aybladi

Jahon 21:55 / 19.08.2024 1929

Pokistonda bir necha haftadan beri internet tezligi pasayib ketgani aytilmoqda. Faollarga ko‘ra, hukumat xuddi Xitoy kabi onlayn makon ustidan nazoratni kuchaytirish uchun internet «devorini» yaratyapti.

Pokistonlik amaldorlar ushbu da’volarni rad etib, foydalanuvchilar himoyalangan ulanish yoki VPN’ni ko‘p ishlatayotgani tufayli internet tezligi tushib ketganini aytmoqda.

Mamlakat sobiq bosh vaziri Imron Xon tomonidan o‘tgan yili qo‘zg‘atilgan tartibsizliklardan keyin hukumat ijtimoiy tarmoqlarni bloklab, internet tezligini pasaytirgan, chunki jamoatchilikni qo‘llab-quvvatlash uchun kurash ko‘chalardan raqamli makonga o‘tgan.

X ijtimoiy tarmog‘i (sobiq Twitter) fevral oyidagi saylovlardan keyin, «milliy xavfsizlik»dagi muammolar sabab bloklangan. Xon partiyasi tarafdorlari mazkur ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchilari bo‘lib, sobiq bosh vazirning esa tarmoqdagi sahifasiga 21 millionga yaqin odam obuna bo‘lgan.

Ammo Pokiston axborot texnologiyalari vaziri Shaza Fotima internet tezligi pasayganiga hukumat javobgar emasligini ma’lum qildi. U o‘zining jamoasi internet-provayder va telekommunikatsiya kompaniyalari bilan mazkur muammoni hal etish bo‘yicha «tinim bilmay ishlayotganini» bildirgan.

Fotimaga ko‘ra, «aholining katta qismi» VPN’dan foydalanadi va «bu tarmoqda yuklamani oshirishi natijasida internet tezligi tushib ketgan».

Raqamli texnologiyalar nazorati bo‘yicha mahalliy tashkilot Bytes for All direktori Shahzod Ahmadga ko‘ra, tashkilotning internet tezligi cheklanayotganini «isbotlash uchun yetarlicha dalillar bor».

Ishbilarmonlar internet aloqasining sekinlashuvi Pokiston biznes salohiyatiga xavf solishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: