«O‘zbekcha nokaut»: Qozog‘istonning Olimpiadadagi natijasi tanqid qilinib, O‘zbekiston bilan taqqoslandi

Sport 21:19 / 19.08.2024 35005

Xususan, Sportarena.kz nashri jurnalisti Leonid Yurev Olimpiadadan keyin «O‘zbekcha nokaut: Qozog‘iston Olimpiadada nega muvaffaqiyatsizlikka uchradi» - sarlavhasi ostidagi maqolada ikki qo‘shni mamlakatning Parijdagi natijalarini o‘zaro taqqosladi.

«Ha, Tokio-2020 bilan taqqoslaganda, Parij-2024dagi ishtirokni muvaffaqiyatli baholash mumkin. Hozirda tahlillarda, amaldorlarning chiqishlarida barcha bu yilgi natijani avvalgi Olimpiada bilan taqqoslamoqda, aslida esa natijalarimizga o‘lchov eng yomon ishtirokimiz emas, eng yaxshisi bo‘lishi lozim. Bu borada ham Parij-2024 – Qozog‘iston tarixida Tokio-2020dan keyingi eng yomon ikkinchi natija sanaladi. Ha, bir «oltin» va 3 «kumush» bor, ammo shunga qaramay medallar soni uch yil avvalgidan-da kam bo‘ldi.

Tokio-2020dagi dahshatdan keyin jurnalistlar sportdagi amaldorlarni jiddiy tanqid qilib, «Qozog‘iston turnirda rasvo ishtirok etgani, O‘zbekiston esa qanday qilib 3ta oltin yutgani haqida savol bilan murojaat qilishgandi. Ularning mashhur javobi shunday yangragandi: «Nima, o‘zbek sporti qozoq sportidan uch baravar kuchliroq demoqchimisiz?»

O‘tgan davr ichida hech kim, raqiblarimiz bo‘lgan qardosh qo‘shnilarning muvaffaqiyati zamirida nima yotgani, ular qaysi yo‘nalishda rivojlanayotganini chuqur tahlil qilgani ham, bunga uringani ham yo‘q. Tokiodagi Olimpiadadan 3 yil o‘tib esa bizda yanada tushkun manzara hosil bo‘ldi: oltin medal bilan taqqoslansa, sportimiz O‘zbekiston sportidan sakkiz baravar past ekan.

Qo‘shnilar bizda davlat e’tiborida bo‘lgan hamda yaxshi moliyalashtiriladigan sportning barcha turlari bo‘yicha bizni ortda qoldirishdi.

Quyidagi natijalarga qarang:

Boks. Qozog‘istonda bitta kumush va bitta bronza – O‘zbekistonda 5ta oltin medal.

Dzyudo. Yeldos Smetovda yagona oltin medal va Qirg‘izboyevda bronza. Eng muvaffaqiyatli sport turimizda ham ustunlik qo‘shnilarda – bitta oltin va 2ta bronza.

Taekvondo. Qozog‘istonlik murabbiy Tunisni bu borada eng kuchli davlatlardan biriga aylantirayotgan pallada, qozoq taekvondosi og‘ir ahvolda. Parijda birorta ham medal yo‘q. Ammo bu qo‘rqinchli emas, undan ham yomoni bu borada imkoniyatning o‘zi umuman yo‘qligidir. O‘zbekistonda esa Ulug‘bek Rashitov ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘ldi, Svetlana Osipova esa kumushga ega chiqdi.

Sport kurashlari. Demeu Jadriyevga rahmat aytish kerak, u kurashchilarni omadsizlikdan «qutqarib qoldi». Ammo uning kumush medali ham qo‘shnilarni ortda qoldirish uchun yetarli bo‘lmadi. Qo‘shni mamlakat erkin kurashchilari bitta oltin va bronzaga ega chiqishdi.

Og‘ir atletika. Qozog‘istonlik ushbu sport turi vakillari Parijgacha yetib bora olishmagan bo‘lsa, O‘zbekiston vakili Akbar Jo‘rayev Fransiyaga Olimpiada chempioni sifatida bordi va kumush medaliga ega chiqdi.

Ushbu Olimpiada faoliyatidagi so‘nggi turnirga aylanishi mumkin bo‘lgan «faxriy»lar uchun omadli kechdi. Oltin medal olib kelgan Smetov 32 yoshni qarshilamoqda, Qizibay 31da, Qirg‘izboyev 32da, Jadriyev esa noyabrda 35 yoshni qarshilaydi. Ular Parijda borlarini berishdi va umumjamoa hisobida Tokio-2020dan keyin amaldorlar bot-bot e’tirof etayotgan «o‘sish»ni ta’minlashdi.

Ammo Qozog‘istonda Smetovga o‘xshagan uchta Olimpiadani munosib o‘tkazgan sportchilar nega yetishib chiqmayotganini hech kim muhokama ham qilmay qo‘ydi. O‘zbekistonda esa yakunlangan Olimpiadada 4 nafar chempion yo‘l olgandi va ulardan 3 nafari muvaffaqiyatini takrorlagan bo‘lsa, yana biri «kumush»ga ega chiqdi.

Xulosa shuki, Olimpiada bizga o‘rgatishi kerak bo‘lgan eng asosiy narsa bu – tan olish. Biz – sportda ortda qolayotganimizni. Olimpiya o‘yinlari – sportda davlat ajratayotgan mablag‘lar qanchalik samarali sarflanayotgani, menejmentning qay ahvolda ekani, sportdagi boshqaruv va xalqaro ta’siri qanchalik ekanini ko‘rsatuvchi asosiy mezondir.

Qo‘shnilarimiz bizni ortda qoldirayotganini tan olgach, tanlov qilishimizga to‘g‘ri keladi. Taslim bo‘lib, qo‘l siltab qo‘yish yoki o‘z kelajagimiz uchun kurashni boshlash kerak. Buning uchun, avvalo natijalarni samarali tahlil qilib, budjet mablag‘larini noto‘g‘ri sarflaganlarni qonun doirasida javobgarlikka tortib, milliy jamoalarga sportchilar tanlovini shaffof tizim asosida tashkil etish shart. Aks holda yana 4 yildan keyingi Los-Anjyeles Olimpiadasidan so‘ng bugungi natijalarimiz ko‘zimizga ajoyibdek ko‘rinaveradi», - deyiladi qozog‘istonlik jurnalistning maqolasida.

U.Ibodov tarjimasi.

Ko‘proq yangiliklar: