Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning reytingni 4 iyul kungi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan beri keskin tushib ketdi. Bu haqda Opinium tahliliy agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalarida so‘z boradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Starmerning ma’qullanish reytingi -7 foizni tashkil etmoqda — saylovlardan keyingi birinchi sotsiologik tadqiqotda u +19 foiz bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, bosh vazir ko‘rsatkichining pasayishi Sautport shahrida 17 yoshli o‘smir tomonidan amalga oshirilgan qirg‘indan keyin butun mamlakat bo‘ylab boshlangan tartibsizliklar fonida yuz bergan.
Shu bilan birga, Konservativ partiya rahbari sifatida vaqtincha faoliyat yuritayotgan hukumatning sobiq bosh vaziri Rishi Sunakning reytingi -30 foizni tashkil etmoqda.
Opinium so‘rovi 14-16 avgust kunlari o‘tkazilgan bo‘lib, unda taxminan 2 ming kishi ishtirok etgan.
Leyboristlar partiyasi o‘tgan saylovda parlament quyi palatasidagi 650 o‘rindan 412 tasini qo‘lga kiritgan edi. 2010 yildan beri hokimiyatni boshqarib kelayotgan Konservativ partiyaning esa 121 deputati parlamentdan o‘rin olgan.
Qirollikdagi tartibsizliklar sababi
Britaniyada boshlangan tartibsizliklar so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda eng ommaviysi deb atalyapti. Ularga migrant oilasidan bo‘lgan 17 yoshli o‘smir tomonidan sodir etilgan jinoyat sabab bo‘ldi. 29 iyul kuni u Sautport kurort shahrida 6 yoshdan 11 yoshgacha bolalar uchun mo‘ljallangan Hart Space Studious raqs studiyasida pichoq bilan hujum qilgan.
Hujum oqibatida uch qiz hayotdan ko‘z yumdi. Yana sakkiz nafar bola pichoqlangan, ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir. Bolalarga yordam berishga shoshilgan ikki yoshi katta shaxs ham og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.