Rad etilgan rezonansli qonun, YHXBning maslahati va qamoqdagi sobiq vazirlar - hafta dayjesti

O‘zbekiston 08:27 / 18.08.2024 16876

1 sentabrdan pensiya va nafaqalar, 1 oktyabrdan esa oyliklar oshadigan bo‘ldi. Organ xodimlarining foto-videolarini internetda tarqatmaslik haqidagi qonun qaytarildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston ID karta bilan chegaradan o‘tishni muhokama qilmoqda. Sobiq vazirlardan biri 7 yilga qamaldi, yana bir sobiq vazir ustidan tergov yakunlandi. Ortda qolgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Senat IIVning ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan rezonansli taklifini rad etdi

Ochiqlik siyosatiga qarshi “no photo, no video” qonunini o‘tkazish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligining ikkinchi urinishi ham, xayriyatki, samarasiz bo‘ldi. 8 oy oldin Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunni Senat nihoyat 16 avgust kuni ko‘rib chiqib, bir ovozdan rad etdi. Endilikda parlament palatalarining kelishuv komissiyasi tuzilib, qonun “takomillashtiriladi”.

O‘tgan yili to‘satdan paydo bo‘lib, Qonunchilik palatasida birdaniga uchta o‘qishdan o‘tib ketgan qonun katta rezonansga sabab bo‘lgandi. Aslida hujjatdagi aksariyat normalar yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish, xususan haydovchilar uchun jarima ballari tizimini joriy etishga qaratilgan, lekin Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik uzoq vaqtdan beri kutayotgan progressiv o‘zgarishlar qatoriga ochiqlik siyosatini bo‘g‘adigan taqiqni ham qo‘shib yuborgan edi.

Bu taqiqqa binoan, huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid foto yoki videotasvirlarni ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatish mumkin emas, bunday qilganlar yo 17 mln so‘m jarimaga tortiladi, yoki 15 sutkaga qamaladi. Ayni paytda hujjatni “takomillashtirmoqchi” bo‘layotgan Senatning bu boradagi pozitsiyasi mavhumroq bo‘lib turibdi. Faollarning fikri esa aniq: bu modda qonundan chiqarib tashlanishi kerak. Yo‘llarda xavfsizlikni oshiradigan me’yorlarni qabul qilishni esa ortiq paysalga solmaslik zarur.

Qozog‘iston bilan ID kartalarni o‘zaro tan olish muhokama qilinmoqda

O‘tgan hafta Markaziy Osiyo yetakchilarining Ostonada bo‘lib o‘tgan maslahat uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlarini milliy ID kartalarni o‘zaro tan olishga chaqirgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiylari ikki davlat fuqarolarining o‘zaro chegaradan ID karta orqali o‘tishi masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov maslahat uchrashuvidan keyin e’lon qilgan maqolasida aytib o‘tgan.

Ta’kidlash kerak, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ID karta bilan o‘zaro chegarani kesib o‘tishi tartibi amal qila boshlagan. Endilikda xuddi shunday tartibni Qozog‘iston bilan ham yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Buning qulayligi shundaki, fuqarolar qo‘shni davlatga borish uchun xorijga chiqish pasportini olishi shart bo‘lmaydi, kirish va chiqish vaqtida pasportga muhrlar bosilmagani uchun sahifalar to‘lib qolishi muammosi ham bo‘lmaydi.

Abdulaziz Komilovning yozishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan umumiy chegaraga ega davlat sifatida, mintaqa kelajagi uchun alohida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Mamlakat taraqqiyotining deyarli barcha hayotiy muhim masalalari chegaradosh davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan munosabatlarga bog‘liq, deya qayd etgan prezidentning maxsus vakili.

Asaka tuman hokimligi o‘qituvchilarning majburiy mehnatini “ijtimoiy foydali mehnat” deb atadi

Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida o‘qituvchilarni yana majburiy mehnatga jalb qilish holatlari ko‘paydi. Ming marta bong urilgani, ketma-ket qonun-u qarorlar qabul qilinganiga qaramay davom etayotgan bunday qonunbuzarliklardan biri, afsuski, baxtsiz hodisaga olib keldi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Andijonning Asaka tumanidagi 37-maktabda o‘qituvchilar qurilish ishlariga jalb qilingan. Ayol pedagoglar og‘ir ishlarni bajargan, aravada qurilish chiqindilarini tashigan. Shu asnoda o‘qituvchilardan biri yiqilib, qo‘lini sindirib olgan. Bu ham yetmaganidek, vaziyatga tuman hokimligining sharmandali izohi hammasidan o‘tib tushdi. Hokimlik Kun.uz'ga bergan izohida holatni “ijtimoiy foydali mehnat” deb atadi.

Xayriyatki, hamma ham Asaka tumani rahbarlariga o‘xshab fikrlamaydi. Davlat mehnat inspeksiyasi holatni tekshirib, 30 ga yaqin o‘qituvchi maktab direktori tomonidan majburiy mehnatga jalb qilinganini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, pedagoglar dars soatlari qisqarib ketishidan qo‘rqqani uchun direktorning noqonuniy buyrug‘ini bajarishga majbur bo‘lgan. Buning uchun direktor 34 mln so‘m jarimaga tortildi.

Shunga o‘xshash voqea Namanganda ham ro‘y berdi. Pop tumanidagi 43-maktab direktori o‘qituvchilarlarni maktab hududini tozalashga, o‘t-o‘lan, beda va ajriqlarni yulishga majburlagan. O‘t yulishni xohlamagan pedagoglardan 500 ming so‘m pul talab qilingani aytilmoqda. Mehnat inspeksiyasi o‘rganish o‘tkazib, direktorni 17 mln so‘m jarimaga tortdi.

Poytaxt YHXBdan piyodalarga tavsiya

Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi piyodalarga ajabtovur murojaat bilan chiqdi. Boshqarma aholini piyodalar yo‘lagidan o‘tishdan oldin qo‘lini baland ko‘tarib, haydovchilarga ishora berishga chaqirmoqda.

“Endilikda, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotganda – piyodalardan o‘ng yoki chap qo‘llarini baland-baland ko‘tarishlari, avtomashinalar to‘xtaganidan keyin yo‘ldan o‘tishlarini tavsiya qilamiz”, deyiladi YHXB tarqatgan videoda.

Mas’ullarning bu chaqirig‘i ijtimoiy tarmoqlarda istehzo bilan kutib olindi, chunki bunaqa usullar yo‘llarni xavfsizroq qilishga yordam bermaydi. Piyodalar o‘tish joyi xavfsiz bo‘lishi uchun eng elementar talab – agar yo‘lning kengligi katta bo‘lsa, shunchaki svetofor o‘rnatish kerak. YHXB e’lon qilgan videoda ham yo‘lning bir tomonidagi qatorlar soni 5 ta ekanini ko‘rish mumkin. Shaharning aholi gavjum nuqtasida joylashgan, qatnov qismi 10 qatordan iborat yo‘lda qanday qilib svetofor bo‘lmasligi mumkin?

Soha rasmiylari qilinishi kerak bo‘lgan ko‘pdan ko‘p amaliy choralar turganda, bunaqa tavsiyalar berishi birinchi marta emas. O‘tgan yili IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati piyodalarga qorong‘i vaqtda sariq jilet kiyib yurishni tavsiya qilgan edi. Xorazm viloyati yo‘l harakati boshqarmasi esa bolalarga yo‘ldan o‘tishdan oldin qo‘lini ko‘tarishni, o‘tib bo‘lgandan keyin esa haydovchilarga qarata egilib rahmat aytishni maslahat bergandi.

GTL zavodi dizel ishlab chiqara boshlaganidan keyin dizel importi 7 barobarga oshdi

Bojxona qo‘mitasi eng ko‘p import qilinadigan mahsulotlar haqidagi statistik ma’lumotlarni taqdim eta boshladi. Ochiqlangan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonga neft mahsulotlari importi katta sur’atlarda oshishda davom etmoqda. 2024 yilning yanvar-iyul oylarida benzin importi 1,5 barobardan ko‘proqqa, mazut importi esa 2 barobarga oshgan.

“Suyuq yoqilg‘ilar” guruhiga kiritilgan mahsulotlar importida esa anomal yuqori o‘sish kuzatilgan. O‘tgan yilning yanvar-iyul oylarida 2 ming tonnaga yaqin suyuq yoqilg‘i olib kirilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 19 ming tonnadan oshib ketgan. Ya’ni bu turdagi mahsulotlar importi bu yil salkam 10 barobarga oshgan.

Yana bir e’tiborga molik jihat dizel importi bilan bog‘liq. Ma’lum bo‘lishicha, GTL zavodi dizel ishlab chiqara boshlaganidan keyin dizel importi kamayish o‘rniga, naq 7 baravarga oshib ketgan. Zavod 2022 yil iyunida dizel ishlab chiqarishni boshlaganiga qaramay, bu mahsulot importi 2024 yilning dastlabki 7 oyida 207 ming tonnaga yetgan, bu – ikki yil oldingi ko‘rsatkichdan 7,3 barobarga ko‘p. Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan GTL zavodini qurishdan maqsad aynan dizel va boshqa mahsulotlar importi o‘rnini bosish edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zavod qurilishiga salkam 3,5 mlrd dollar sarflangan.

Olimpiadachilar taqdirlandi, paralimpiyachilar kuzatib qo‘yildi

Parij olimpiadasida tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston delegatsiyasi dushanba kuni tantanali tarzda kutib olindi. Senat raisi va bosh vazir ishtirokida o‘tgan tadbirda olimpiada chempionlariga 200 ming dollardan pul mukofoti, bittadan Tahoe avtomobili va 2 qavatli kottejlar prezident sovg‘asi sifatida taqdim etildi. Kumush va bronza medallari sohiblariga esa 100 ming va 50 ming dollarlik pul mukofotlari, kvartiralar va BYD Song Plus elektromobillari topshirildi.

Gazeta.uz'dagi hamkasblarimizning hisob-kitoblariga ko‘ra, olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish xarajatlari uchun oxirgi 3 yilda O‘zbekiston budjetidan taxminan 50 mln dollar ajratilgan. Sovrindorlarni mukofotlash xarajatlarining bir qismini ham qo‘shib hisoblaganda, olimpiadadagi har bir medal O‘zbekiston budjetiga o‘rtacha 4,1 mln dollarga tushgan. Jurnalistlarning bunday hisob-kitoblariga internetda bo‘layotgan muhokamalar turtki bergan bo‘lsa ajab emas. Bu muhokamalarda ayrimlar soliq to‘lovchi sifatida sportchilarga berilgan pullarga roziligini aytayotgan bo‘lsa, yana ayrimlar turli savollarni o‘rtaga tashlamoqda.

Chempionlar kutib olingan kunning ertasiga, bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida O‘zbekiston delegatsiyasini paralimpiadaga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. 28 avgustdan 8 sentabrgacha davom etadigan paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston har qachongidan ko‘proq – 113 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan. O‘zbekistonlik 65 nafar para atlet 9 ta sport turi bo‘yicha musobaqalarda qatnashadi. Paralimpiada arafasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida prezident farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 1 sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar 15 foizga oshiriladi, stipendiyalar miqdori o‘zgarishsiz qoladi. 1 oktyabrdan e’tiboran esa budjet tashkilotlari xodimlarining maoshi 10 foizga, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining maoshi 15 foizga ko‘tariladi. 1 oktyabrdan e’tiboran bazaviy hisoblash miqdori ham 10 foizga oshib, 375 ming so‘mni tashkil etadi.

Moskvaga ishlash uchun borgan 40 nafar o‘zbekistonlik chegaradan o‘tkazilmadi. Ular Sheremetovo aeroportida qolib ketgan. Aeroportda 5 kecha tunaganidan keyin vatanga qaytarilgan hamyurtlarimizdan birining Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, rossiyalik mas’ullar uni urushga jalb qilmoqchi bo‘lgan, buning uchun oyiga 200 ming rubl to‘lashni va’da qilishgan. Hamyurtimiz rozi bo‘lmaganidan keyin, so‘roqqa tutilib, deportatsiya qilingan. Sheremetovoda hamon bir guruh o‘zbekistonliklar qolayotgani aytilmoqda. Ma’lumot uchun, Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan hafta imzolagan qonun bilan, ichki ishlar organlariga chet elliklarni sud qarorisiz deportatsiya qilish huquqi berilgandi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” loyihasiga ajratilgan pullar haqidagi “malomatlar”ga javob qaytardi. U “Ovoz” loyihasi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji uchun kerakligini qayta-qayta takrorlab, bu boradagi tanqidlardan xunob bo‘lganini bildirdi. “Butun dunyoda – 76 ta davlatda eng top musiqiy shou mana shu bo‘la turib, agar shu 2 milliard pulga malomat qilaversanglar, uyimni sotib bo‘lsa ham beraman oxiri shu pulni. Shu katta loyiha O‘zbekistonning nufuziga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi? Kelinglar, oldin shu haqda gaplashaylik”, dedi Nazarbekov.

O‘zbekistonning sobiq vazirlaridan biri korrupsioner deb topildi. 2017-2021 yillarda uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 2021-2023 yillarda Nurafshon shahar hokimi lavozimlarida ishlagan Muzaffar Soliyev 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud hukmiga ko‘ra, u 5 mln dollardan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgan. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, 5 sentabr kuni yana bir sobiq vazir Aziz Voitov ustidan sud jarayoni boshlanadi. Voitov 2022-2023 yillarda Qishloq xo‘jaligi vazirligini boshqargan, o‘tgan yili dekabrda korrupsiya ayblovi bilan qamoqqa olingan edi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Kobulga tashrif buyurdi. Bu bilan O‘zbekiston hukumati rahbari “Tolibon” qo‘l ostidagi Afg‘onistonga borgan eng yuqori lavozimli siyosatchilardan biriga aylandi. Aripov Kobulda O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasini ochib bergan, Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar bilan muzokara o‘tkazgan. Tomonlar o‘zaro savdo aylanmasini shu yil 1 mlrd dollarga, yaqin istiqbolda esa 3 mlrd dollarga yetkazish uchun hamma imkoniyatlar borligini ta’kidlashgan. Ikki mamlakat poytaxtida savdo palatalarini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Oliy Majlis Senati “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, zo‘ravonlikka uchragan bolalarga himoya orderi beriladi, bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatiladi. Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi va zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar hisobi yuritiladi. Senat, shuningdek, farzandini noqonuniy diniy ta’limga jalb etgan ota-onalarni javobgarlikka tortish haqidagi qonunni ham ma’qulladi.

Ko‘proq yangiliklar: