Faxriddin Ilyosov – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish faoliyati bilan shug‘ullanadi. U Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘z biznesida duch kelayotgan muammo haqida gapirib berdi. Tadbirkor prezidentning biznes vakillari bilan uchrashuvida takliflari inobatga olinishidan umid qilmoqda.
“Fermerlarda kiruvchi QQS yo‘qligi uchun soliq yuki oshib ketyapti”
— Respublikadagi eng katta eksportyorlardan birimiz. Xitoy, Dubay, Rossiyaga eksport qilamiz. Rossiya-Ukraina urushidan oldin Yevropaga, Shvetsiyagacha mahsulot sotganmiz. Quritilgan sabzavotlarni Germaniya va Avstriyaga sotamiz.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning muammosi bugungi kunda qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan bog‘liq. Shu sababli prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti oldidan Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu borada taklif berdik. Taklifimni batafsil tushuntiraman.
Hozirgi holat bo‘yicha 12 foizlik QQSda 1 mlrd so‘mgacha aylanmaga ega bo‘lganlar QQS to‘lovchisi hisoblanmaydi. Ular 4 foizlik aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. Bizning sohada fermerlarga 1 mlrd so‘mdan ko‘p aylanma qilish samarasiz, chunki aylanma 1 mlrd so‘mdan oshib ketsa, QQS to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu nimaga olib keladi – hamma 1 mlrd so‘m doirasidan chiqmaslikka harakat qiladi. Deylik, qaysidir fermerning aylanmasi 1 mlrddan oshdi, lekin unda kiruvchi QQS deyarli yo‘q. Faqatgina o‘g‘it sotib olayotganda unda kiruvchi QQS bo‘ladi, qolgan hamma xarajati QQSsiz xarajat hisoblanadi. Balki o‘sha xarajatlarni naqd pulga sotib olayotganda QQS bo‘lishi mumkin, lekin u kiruvchi QQS hisoblanmaydi, undan QQS chiqmaydi. Fermer olayotgan daromadiga nisbatan soliq yuki katta bo‘lib ketadi. 12 foizning ichidan chiqsa 1 foizi “zachet” sifatida chiqadi, qolgani chiqmaydi.
Biz to‘xtamasdan qishloq xo‘jaligiga subsidiya bermoqchi bo‘lyapmiz, u subsidiyalarning hammasi berilayotganda o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Biz baribir o‘sha pullarni qishloq xo‘jaligiga beryapmiz, lekin jarayon muammoli. 12 foizlik QQSni ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotiga nisbatan olib qarasak, 10 foiz ham bo‘lmasa kerak. 10 foiz fermer ham 12 foizlik QQSni to‘layotgani yo‘q. Hammasi 1 mlrdlik doiraning ichida qolish niyatida. Kerak bo‘lsa, bir so‘m ham to‘lamaydi. Yashirin iqtisodiyotning eng katta qismi qishloq xo‘jaligining meva-sabzavot qismida. Hech kim hech narsa to‘lamayapti, hamma 1 mlrdning pastida. 12 foizlik QQSning o‘zi qishloq xo‘jaligidagi marjaga og‘irlik qiladi.
Xalqaro tajriba
Biz xalqaro tajribani o‘rgandik. Jamoatchilik kengashi bilan Turkiyaga bordik, ularda qishloq xo‘jaligi uchun QQS 1 foiz ekan, Xitoyda QQS – 13 foiz, qishloq xo‘jaligi uchun 0,01 foiz. Deyarli yo‘q, bu QQSni hisoblash uchun statistika yuritish maqsadida qo‘yilgan. Deylik, Germaniyada QQS 16 foiz bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi uchun 7 foiz, Fransiyada ham shunday.
Bular – uzoqroq davlatlar, yaqinroq davlatlar haqida gapiraylik desak, eng biznes uchun noqulay soliq tizimi Rossiyada. Unda ham 20 foiz QQS, qishloq xo‘jaligi uchun 10 foiz. Qozog‘istonda 12 foiz QQS hamma uchun bir xil, lekin qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun 70 foiz chegirma bor. Deylik, 100 so‘mlik zachet qildi, 200 so‘m QQS to‘lashi kerak bo‘lsa, shu 200 so‘mdan 100 so‘mini olib tashlab, 70 foiz chegirma qilib, 30 so‘m to‘laydi.
Agar qishloq xo‘jaligi uchun alohida stavka joriy qilinsa…
— Biz ham deylik 12 foiz emas, 2 foizmi, 4 foizmi, 6 foizmi – qulay bo‘lgan raqamga qaytsak. Biz Soliq qo‘mitasidan meva-sabzavot yetishtiruvchi tadbirkorlarning qanchasidan qancha QQS yig‘ilgani haqidagi ma’lumotlarni so‘radik, ammo olishning imkoni bo‘lmadi. Biz bunda qancha QQS yig‘ilishi kerakligi va aslida qancha yig‘ilgani haqidagi aniq ma’lumotlarga ega bo‘lardik.
Deylik, QQSni 2 yoki 4 foizga tushirib, 1 mlrd so‘mlik limit olib tashlandi, hamma QQS to‘lovchi bo‘ldi. Katta fermer xo‘jaligi yaratishga nisbatan qiziqish paydo bo‘ladi, chunki soliq yuki oshib ketmayapti. Ikkinchi tarafdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlatadigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda kiruvchi QQS paydo bo‘ladi. Hozir ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini QQS bilan olib sotolmayapti. Ular bozorda naqd pulga sotib olyapti, lekin ularga nisbatan QQS yo‘q. Borib fermerning o‘zida sotib olsa ham.
Bu masala ham fermerlarning rivojlanishi uchun kerak, ikkinchi tarafdan fermerlarning xaridoriga ham kiruvchi QQS paydo bo‘lishi uchun kerak. Fermer 4 foizlik aylanmadan olinadigan solig‘ini yozyapti-da, xaridorga QQS yozib bermayapti va fakturasiz beryapti. Agar hamma QQS to‘lovchi bo‘lsa, unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib oluvchilar (do‘konlar, supermarketlar, restoranlar)da kiruvchi QQS paydo bo‘ladi.