Aleksandr Lukashenko «Rossiya-1»ga bergan intervyusida Belarus o‘z armiyasining uchdan bir qismini Ukraina bilan chegaraga yo‘naltirganini ma’lum qildi. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, bunga Ukraina nafaqat «Belarus bilan chegara yaqinida 120 mingdan ortiq harbiyni to‘plab turgani», balki qo‘shimcha bo‘linmalarni ham u yerga yuborayotgani sabab bo‘lgan.
«Biz «Nima uchun bunday qilyapsizlar?», deya so‘rov yubordik. Ularning aytishicha, biz rossiyaliklar bilan Gomel orqali hujumga tayyorgarlik ko‘ryapmiz ekan. Ammo bizda bunday maqsad yo‘q. Ular 120 mingning ustiga kelgan qo‘shimcha kuchlarini olib ketdi. Va biz ham qo‘shimcha yo‘naltirgan kuchlarimizni olib ketdik», — deydi u.
Belarus prezidentining aytishicha, chegaraning har ikki tarafida ham urush avvalida joylashtirilgan bo‘linmalar qolmoqda. «Ukraina bilan chegaradan qo‘shinlarimizni olib ketishimiz bu o‘lim bilan barobar. Urush ketyapti», — deydi Lukashenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarusning g‘arbiy chegarasida ham mudofaa kuchaytirilgan. «Brestdan Grodnoga qadar mudofaa chizig‘i tortilgan. Litva va Polsha chegaralari bizning manfaatimiz uchun deyarli yopilgan. Ukraina-Rossiya maxsus harbiy operatsiyasidan biz ham o‘rganyapmiz. Qayerda joylashtirish keraligini ko‘rmoqdamiz», — deya ta’kidlaydi u.
Umuman urush haqida gapirar ekan Lukashenko Moskva va Kiyev muzokaralar stoliga o‘tirishi kerakligini ma’lum qildi. «Kelinglar muzokaralar stoliga o‘tiramiz va bu janjalni to‘xtatamiz. U na ukrain xalqiga, na rossiyaliklarga va na belaruslarga kerak», — deydi Lukashenko.
«Siz [Rossiyada] ba’zida natsistlar haqida gapirasizlar. U natsistlar qolmadi. Ukraina denatsifikatsiya qilindi. Ammo u yerda qolgan bir nechta o‘taketgan natsistlar bor, biroq ular trendda emas», — deydi Lukashenko prezident Volodimir Zelenskiyning ukrainlar orasidagi shuhrati so‘nayotganiga ishora qilib.
2023 yil martda Rossiya Belarusga yadroviy taktik qurolni joylashtirish rejasini e’lon qilgandi, iyunda esa yadroviy zaryadlarning birinchi partiyasi yetkazilgan. 2024 yil iyulda Belarus Mustaqilligi kuni munosabati bilan o‘tkazilgan paradda taktik yadroviy zarbalarni berishga mo‘ljallangan «Iskander» raketa majmualari ham namoyish etilgandi.
Ukraina davlat chegara xizmati chegarada Belarus qo‘shinlari yoki texnikalari soni ortganini qayd etmagan. «Belarus Respublikasi bilan chegarada vaziyat — o‘zgarishsiz», — deydi chegara xizmati vakili polkovnik Andrey Demchenko.