Dilmurod Rahmatullayev yangi lavozimga tayinlandi

O‘zbekiston 12:33 / 18.08.2024 35058

Andijon shahrining sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev shahar obodonlashtirish bo‘limiga boshliq bo‘lgan. 2024 yil 17 avgust kuni Andijon shahar hokimi G‘ofur Abdurahmonov bu haqda tegishli qarorni imzolagan.

Ma’lumot uchun, Dilmurod Rahmatullayev 2016-2019 yillarda Andijon shahriga hokimlik qilgan. U 2017 yilning kuzida Andijon shahridagi qator ta’lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani tasvirlangan audioyozuvlar tarqalib ketganidan keyin internetda mashhur bo‘lgandi.

Dilmurod Rahmatullayev 2018 yilning aprelida bosh vazir ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun, budjet tashkiloti xodimlari, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini tadbirkorlardan gul va daraxt ko‘chatlarini ancha qimmat narxga sotib olishga majburlagani uchun hayfsan olgan, bosh vazir u oxirgi marta ogohlantirilayotganini ma’lum qilgandi.

2019 yil iyun oyida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov selektor yig‘ilishi o‘tkazgan va o‘shanda Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovni haqoratlagandi.

O‘shanda viloyat hokimi Dilmurod Rahmatullayev Andijon shahridagi chiqindilarni olib chiqishda sustkashlik qilgani haqida gapirib, uni haqorat qilgandi.

“Shahardagi Rahmatullayev degan sh***l, i***sni kasal qilib o‘ldiraman! 20 yilga qamayman. O‘tgan yili «Nodirabegim» parkiga prezidentimizdan so‘rab pul olganman. Kecha razbor qilyapman, pul ham yo‘q, quruvchi ham yo‘q. Yeb, yutib, Turkiyaga qochib ketgan, i***s. Hozir biz tuttirib obkeldik bu yoqqa. 48 ta mashinani chiqindi [tashish] uchun deb oberganmiz, 16 tasini ishlatishyapti, qolganini shag‘al tashishga chiqarib yuboribdi, i***s. Axlat esa to‘planib ketyapti. Usmonov degan general hokimligida (sobiq militsiya generali Ahmadjon Usmonov 2006-2013 yillarda Andijon viloyati hokimi bo‘lgan – tahr.) men qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosar edim. 15 kunda bir marta qishloq xo‘jaligi texnikalarini olib kelib shahar ichidan axlatlarni tashitardim. Bu ** sekin-sekin shunga olib kelmoqchi bo‘lyapti-da! Jonini sug‘urib olaman i***slarni. Shahardan kim qatnashayotgan bo‘lsa kechasi bilan o‘tqazib qo‘ydim hammasini, qamab. O‘tirasan i***s, dedim. Mahalla komitet oldiga bitta mashina, bitta shofyor, bitta axlatchi — ikkita bolani mahallaga bog‘lab qo‘yasan, i***s, qani bir qadam siljib ko‘rsin, onangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman!” degandi Shuhrat Abdurahmonov.

Oradan ikki oy o‘tgach, avgust oyida Dilmurod Rahmatullayev video e’lon qildi. Unda hokim o‘ziga nisbatan fitna uyushtirilayotganini aytib, “Bu Andijon shahri, viloyat va rahbariyatning obro‘yiga putur yetkazish, deb o‘ylayman. Buni qoralayman, la’natlayman”, deya munosabat bildirgandi.

Shu videosidan so‘ng u o‘z lavozimidan ozod qilinib, Andijon shahar hokimligiga Bahromjon Haydarov tayinlangandi.

Ma’lumot uchun, Bahromjon Haydarov 2022 yil 6 iyunda juda katta miqdorda budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanib hibsga olinadi.

2022 yil dekabr oyida o‘tkazilgan sud majlisida 63 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ni talon-toroj qilishda gumonlangan 45 nafar sudlanuvchining aksariyatiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlanadi. Shaharning sobiq hokimi Bahrom Haydarov 10 yil, sobiq prokuror Qurbonali Asqarov esa 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. 2024 yil mart oyida Bahrom Haydarov jazoni ijro etish muassasasida vafot etadi.

Ko‘proq yangiliklar: