«Toshshahartransxizmat» AJga qarashli barcha avtobuslarning maksimal tezligi maxsus dasturiy ta’minot yordamida 50 kilometr/soatga tushirilmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya vakilining qayd etishicha, bundan maqsad — yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish va ko‘chalarda sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalarning oldini olishdan iborat.
«Bu dastur qilinganidan keyin avtobus tezligi 50 km/soatdan ko‘tarilmaydi», — deydi «Toshshahartransxizmat» vakili.
Tezligi cheklangan avtobuslarning old oynalariga «50» ogohlantiruvchi belgisi yopishtirib chiqilmoqda.
2023 yil fevralda Toshkentda, jamoat transporti uchun alohida harakatlanish bo‘lagi tashkil etilgan 4 ta ko‘chada bu yo‘laklardagi qoidabuzarliklarni qayd etuvchi 55 ta yangi kamera o‘rnatilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bunga qo‘shimcha ravishda avtobuslarning o‘ziga ham qoidabuzarlikni avtomatik qayd etuvchi smart-kameralar o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgarishga asosan, 2023 yil 5 apreldan boshlab O‘zbekistonning barcha shaharlarida transport vositalarining ruxsat etilgan maksimal tezligi 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilgan.