Rossiyadagi maktablarda migrantlar farzandlari sonini cheklash taklif etildi

Jahon 21:46 / 17.08.2024 3095

Deputatlarning parlamentdagi «Spravedlivaya Rossiya» fraksiyasi migrantlarning bolalari uchun maktablarga kvota berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlamoqda. Bu haqda «RIA Novosti» Davlat dumasi nazorat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Dmitriy Gusevga tayanib yozdi.

«Muhim tashabbus - bu maktablarda bolalar uchun kvotalar belgilash, bu haqda asosan Moskvadagilar gapirmoqda, chunki bu Moskvadagi muhim voqea. Taklif esa to‘g‘ri, bir sinfda uch nafardan ortiq migrant bola bo‘lmasligi kerak. Bu Moskva hukumati uchun juda jiddiy vazifa. Kuzgi sessiya boshlanadi, biz bu tashabbusni tayyorlab, ilgari suramiz», dedi Gusev.

Uning ta’kidlashicha, anklavlarga yo‘l va migrantlarning «klasterlashuvi» xorijliklarning integratsiyasiga yordam bermaydi.

«Ikkinchi masala - maksimal assimilyatsiya. Buning uchun qonuniy migrantlarga agar rus tilini bilsa, tariximizni, madaniyatimizni tan olsa, ularni yaxshi ko‘rsa, yonimizda, biz bilan yashashi uchun imkoniyat yaratishimiz kerak. Ya’ni, har bir migrant o‘zbek, tojik yoki qirg‘iz bo‘lishiga qaramay, o‘zini rusman deb g‘urur bilan ayta olishi kerak. Haqiqiy assimilyatsiya mana shu», deb xulosa qildi deputat.

Qayd qilinishicha, 2023 yilda Rossiya maktablarida o‘qiyotgan migrant bolalar soni qariyb 181,5 mingni tashkil etgan. Ulardan 178,9 ming nafari (98,6 foiz) chet el fuqaroligiga ega va 2,6 ming nafari (1,4 foiz) hech qanday fuqarolikka ega emas.

Ko‘proq yangiliklar: