Prezidentning PQ-20-sonli qaroriga muvofiq, 2024 yil 1 apreldan 2026 yil 1 aprelgacha mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli chorak yakunlari bo‘yicha Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkazilgan turistik (mehmonxona) yig‘imlari hisobidan subsidiya ajratiladi.
Hujjat bilan mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga imkoniyati cheklangan shaxslar uchun infratuzilmani moslashtirish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:
mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun subsidiyalar so‘rab murojaat qilish tartibi;
arizalarni ko‘rib chiqish va subsidiyalar ajratish tartibi;
subsidiya ajratishni rad etish asoslari.
Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik aravachalaridan foydalanishi uchun mehmonxonaning kamida uchta xonasi qulay jihozlangan, shuningdek eshitish va ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun displey va ovozli qurilmalar o‘rnatilgan taqdirda, ushbu tadbirkorlik sub’yektlariga maxsus jihozlangan har bir xona uchun quyidagi miqdorda subsidiya beriladi:
● yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga - 2 million so‘m;
● toifaga ega bo‘lmagan mehmonxonalarga - 1 million so‘m.
Subsidiya olish uchun tadbirkor YaIDXP yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza bilan murojaat qilishi mumkin.