Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldiuli davlatga yetkazilgan zarar to‘liq qoplangani bois ozodlikka chiqadi.
Ust-Kamenogorsk shahri sudi qaroriga ko‘ra, unga nisbatan qamoq jazosi yengillashtirilib, jazoning o‘talmay qolgan qismi ozodlikni cheklash bilan almashtiriladi.
Sud bayonotida ta’kidlanganidek, Sotiboldiuli o‘z arizasida jazoni yengillashtirish bo‘yicha qonunning barcha talablarini bajarganligini ko‘rsatgan. Xususan, u sud hukmi bilan yetkazilgan zararni qoplagan va umumiy qiymati 700 milliard tengedan ortiq bo‘lgan mol-mulkni ixtiyoriy ravishda davlat hisobiga o‘tkazgan. Shuningdek, Sotiboldiuli jazo muddatining 1/3 qismini o‘tagan va axloq tuzatish muassasasi ma’muriyati tomonidan ijobiy ta’riflangan.
«Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud mahkumning iltimosnomasini qanoatlantirib, jazoning o‘talmagan qismi — 3 yil 3 oy 7 kun ozodlikdan mahrum qilish muddatini ozodlikni cheklash bilan almashtirdi. Sotiboldiuliga nisbatan probatsion nazorat o‘rnatildi», deyiladi sud xabarida.
Ta’kidlanishicha, sud qarori hali qonuniy kuchga kirmagan.
Shu hafta boshida Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati 2022 yildan buyon Qayrat Sotiboldiuli va unga aloqador shaxslar tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan 732,8 milliard tenge yoki 1,5 milliard dollar miqdoridagi mulkiy aktivlar va mablag‘lar, jumladan, xorijda aniqlangan 661,5 million dollar qaytarilgani haqida xabar bergan edi.
Qayrat Sotiboldiuli baxtsiz hodisada vafot etgan Sotiboldi Nazarboyevning o‘g‘lidir. U avvalroq Forbes talqini bo‘yicha Qozog‘istonning eng nufuzli biznesmenlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Qayrat Sotiboldiuli 2022 yil yanvardagi ommaviy tartibsizliklardan so‘ng hibsga olingan edi. U «Kazaktelekom» va «Tss» tashkilotlaridan millionlab dollar mablag‘larni o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, 2022 yil sentabr oyida 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.