Germaniya tashqi ishlar vaziri Afg‘onistondagi toliblar rejimini tanqid qildi

Jahon 09:25 / 16.08.2024 2872

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Afg‘onistonda hukmronlik qilayotgan «Tolibon» harakatini keskin tanqid qildi. «Uch yil davomida toliblar rejimi har kuni millionlab afg‘on ayollari va qizlarining yaxshiroq va erkinroq hayotga bo‘lgan umidlarini puchga chiqardi», dedi u 15 avgust, payshanba kuni Kobulni toliblar egallab olganining uch yilligi munosabati bilan. 

Berbokning aytishicha, Afg‘onistondagi ayollar va qizlar «dunyodagi eng keng tarqalgan tizimli inson huquqlari buzilishiga» duch kelishmoqda. «Mamlakatning yarmiga endi oddiy hayot bir qismi bo‘lgan narsalarni qilish taqiqlanadi: ishlash, kasalxonaga yoki restoranga yolg‘iz borish, qo‘shiq aytish, ko‘chada yuzingizni ko‘rsatish, maktabga borish, ayol bo‘lish. Afg‘onistonda ko‘plab ayollar va qizlar hayoti uy qamoqxonasidagi hayotga o‘xshaydi», — dedi Germaniya diplomatiyasi rahbari. 

Uning ta’kidlashicha, Berlin Afg‘onistonda «Tolibon» tahdidi ostida qolgan ayollar, qizlar va barcha odamlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. «Imkon bo‘lsa, biz odamlarni joylarda qo‘llab-quvvatlaymiz, ularga oziq-ovqat yoki asosiy tibbiy yordam ko‘rinishida shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatamiz. Imkoniyat bo‘lganda va asosli holatlarda biz Afg‘onistonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha loyihalarda qatnashamiz», dedi u va toliblar tomonidan ta’qibga uchragan 34 mingdan ortiq kishi Germaniyadan boshpana topganini qo‘shimcha qildi.

Afg‘onistonda toliblarning uch yillik hukmronligi

Uch yil oldin, 2021 yil 15 avgustda Kobul «Tolibon» harakati tomonidan egallab olingan edi. Tolibon NATO boshchiligidagi Xalqaro xavfsizlik kuchlari (ISAF) olib chiqib ketilganidan keyin bir necha hafta ichida butun mamlakatni nazorat ostiga oldi.

O‘shandan beri mamlakatda ayollar va qizlarning huquqlari qattiq cheklandi. YuNESKOning payshanba kuni e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yildan beri kamida 1,4 million afg‘on qizi maktabdan chetlashtirilgan. Bu tashkilot avvalgi hisob-kitoblarni o‘tkazgan 2023 yil aprel oyiga nisbatan 300 ming kishiga ko‘pdir.

«Bugungi kunda Afg‘oniston 12 yoshdan oshgan ayollar va qizlarning ta’lim olishi taqiqlangan yagona davlatdir», – dedi YuNESKO bosh direktori Odri Azule.

Ko‘proq yangiliklar: