O‘zbekiston bo‘yicha 16-18 avgust kunlariga ob-havo prognozi berildi.
O‘zbekistonda so‘nggi 2 kun juda issiq bo‘ldi. Respublika hududining katta qismida havo harorati kunduz kunlari +39...+41 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +42...+44 darajagacha, Termiz hududida +45 darajagacha ko‘tarildi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, kecha kunduzi O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga salqin havo kirib kelishi boshlandi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida havo harorati +35...+38 darajadan +30...+33 darajagacha pasaydi.
Bugun va dam olish kunlari salqin havo O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi. Bugun va ertaga havo harorati asosan kunduz kunlari +31...+36 daraja, yakshanba kuni esa +27...+32 daraja atrofida bo‘ladi. Kechalari ham ancha salqinlashadi, harorat +17...+22 darajagacha pasayadi.
Shanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarining ayrim joylarida, yakshanba kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Poytaxtda havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, bugun va ertaga yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan +33...+36 daraja bo‘ladi.
Yakshanba kuni qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Harorat kechasi +19...+21 darajagacha, kunduzi +27...+29 darajagacha pasayadi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 10-15 m/s gacha kuchayishi mumkin.