“Shimoliy oqim” quvurlarini portlatishni shaxsan Zelenskiy ma’qullagan - The Wall Street Journal

Jahon 14:01 / 15.08.2024 5797

Zelenskiy avvaliga rejani ma’qullagan, degan rejadan xabardor ofitser va yana uch kishi. Keyinroq AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi rejadan xabardor bo‘lib qolib, Ukraina prezidentidan uni bekor qilishni so‘raganida, Zelenskiy to‘xtash to‘g‘risida buyruq bergan, biroq Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy unga quloq solmagan, deyiladi nashr materialida.

WSJ bilan suhbatda ayni damda Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘lib ishlayotgan Valeriy Zalujniy operatsiya haqida hech narsa bilmasligini aytgan.

Nashrning qayd etishicha, gaz haydash quvurini portlatish ukrainalik mulozimlar tomonidan 2022 yilning mayida dalil qoldirmaslik uchun og‘zaki muhokama qilingan. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, rejani yaxtada yo‘lga chiqqan bir necha dayverlar amalga oshirishi kerak bo‘lgan. Vaziyat shunchaki dengizda sayrdek ko‘rinishi uchun yaxtada hattoki ayol kishi bo‘lgan. Qo‘poruvchilikni amalga oshirishda homiylik qilishga ukrainalik ishbilarmonlar ham jalb qilinishi lozim bo‘lgan.

14 avgust kuni Germaniyaning Süddeutsche Zeitung, Die Zeit va ARD nashrlari gaz haydash quvurlarini portlatish ishi bo‘yicha hibsga olish uchun order berilganini xabar bergan. Jumladan, bu ishga aloqadorlikda Ukrainaning uch fuqarosi va bir nafar ayol ham gumon qilinmoqda. Ular dayverlar sifatida quvurlarga portlovchi moddalar yopishtirib chiqqan bo‘lishlari mumkin. Shu kuni gumondor ukrainaliklardan biri Volodimir Ts. iyul oyining boshlarida Polshadan Ukrainaga qaytib kirgani ma’lum bo‘lgan.

Butun operatsiya 300 ming dollarga tushgan, deb yozadi WSJ. G‘avvoslar juft-juft bo‘lib ishlashgan va dengiz tubidagi quvurga oktogen moddali portlovchi qurilma joylashtirishgan. Germaniya politsiyasi keyinroq yaxtada portlovchi modda qoldiqlari, barmoq izlari va DNK namunalarini topgan.

2022 yilning 26 sentabrida Boltiq dengizi tubidan o‘tuvchi «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim–2» gaz haydash quvurlari qo‘poruvchilik natijasida shikastlangan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunda g‘arbni ayblagan. Shvetsiya, Daniya va Germaniya mazkur hodisa bo‘yicha surishtiruvlarni boshlagan. Shvetsiya va Daniya aybdorlarni topa olmagan. 2024 yilning iyulida Germaniya hukumati qo‘poruvchilik harakati bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruv bo‘yicha biror tafsilot oshkor etilmasligini ta’kidlagan edi.

27 iyul kuni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevro Ittifoqi davlatlarining “Shimoliy oqim” gaz haydash quvurlarida sodir etilgan qo‘poruvchilik bo‘yicha sukut saqlayotganini taslim bo‘lish akti, deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘poruvchilik AQShning ko‘rsatmasi asosida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: