“Uotergeyt ishi”: Richard Nikson AQSh prezidentligidan nega voz kechgandi?

Jahon 17:41 / 14.08.2024 11211

Joriy yil kuzda AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Respublikachilar partiyasidan AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp va Demokratik partiyadan Jo Bayden ma’muriyatida vitse-prezident lavozimida ishlab kelayotgan Kamala Harris nomzodi ko‘rsatgan.

Agar kuzgacha favqulodda hodisa yuz bermasa, okean ortida shu nomzodlar AQSh prezidentligi uchun kurash olib boradi.

Ma’lumot uchun, Demokratlar avvaliga amaldagi prezident Jo Baydenni nomzod sifatida ko‘rsatgandi. Biroq 2024 yil 21 iyul kuni 81 yoshli prezident nomzodini qaytarib olishini ma’lum qildi.

Aslida bu kutilmagan qaror emasdi. O‘shangacha demokratik partiya tarafdori bo‘lgan ko‘plab nufuzli shaxslar 81 yoshli siyosatchining nomzodi prezidentlikka ko‘rsatilishi to‘g‘ri bo‘lishiga shubha qila boshlagandi.

Agar e’tibor berilsa, AQShdagi asosiy ikkita partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar o‘z reytingini oshirish uchun bir-birini turli ishlarda ayblaydi. Ya’ni, g‘alaba qozonish uchun qonun doirasida har qanday ishdan tap tortmaydi.

Biroq prezidentlik saylovlari tarixida noqonuniy ishlar ham bo‘lib turgan. Bunday ishlarning eng mashhuri 1972 yil yozda saylovoldi kurash ayni avjiga chiqqan paytda yuz bergan va u tarixda “Uotergeyt ishi” nomi bilan qolgan.

Oxir-oqibat “Uotergeyt ishi” tufayli Richard Niksonga impichment xavf soladi va u iste’foga chiqadi.

Foto: alamy.com

Jon Kennediga raqib va Brejnevning do‘sti

1913 yilda tug‘ilgan Richard Nikson katta siyosatga Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng kirib keladi. U 1947 yilda Kaliforniyadagi saylov okrugida Vakillar palatasi a’zosi, 1950 yilda senator etib saylanadi.

1952 yil kuzda o‘tkazilgan saylovlarda Duayt Eyzenhauer AQSh prezidenti etib saylanadi va u Richard Niksonni o‘ziga vitse-prezident sifatida tanlaydi. Duayt Eyzenhauer AQShni ikki muddat boshqaradi va Nikson ham sakkiz yil vitse-prezident vazifasini bajaradi.

1960 yilda o‘tkaziladigan saylovlarda Demokratik partiya vakillari prezidentlik uchun Jon Kennedi, Respublikachilar esa Richard Nikson nomzodini ilgari surishadi. O‘shanda respublikachilar Niksonning 8 yillik tajribasiga ishongandi.

Biroq noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Jon Kennedi g‘alaba qozonadi va Niksonni ortda qoldirib ketadi. 1964 yilda Respublikachilar prezidentlikka Barri Golduoterning nomzodini ko‘rsatadi, biroq u Demokratlar vakili Lindon Jonsonga yutqazadi.

1960 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Richard Nikson Jon Kennediga raqib bo‘lgan va yutqazgandi.
Foto: alamy.com

1968 yilda AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Amaldagi prezident Lindon Jonson katta siyosatdan ketishini e’lon qilgani uchun, Demokratlar Hyubert Hamfri, Respublikachilar esa Richard Nikson nomzodini ilgari suradi.

Saylovda Nikson g‘olib bo‘ladi va AQShning 37-prezidentiga aylanadi. 1972 yilda o‘tkazilgan saylovlarda u yana g‘alaba qozonadi. Biroq “Uotergeyt ishi” tufayli kelib chiqqan siyosiy mojarolar ortidan 1974 yilda iste’foga chiqadi.

Richard Nikson boshqa prezidentlardan farqli ravishda SSSR bilan aloqalarni yaxshilash tarafdori bo‘lgan. 1959 yilda Moskvada Amerika sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilganda u AQSh delegatsiyaga boshchilik qilgandi.

Richard Nikson SSSRga ilk bor 1959 yilda kelgandi.
Foto: slideplayer.com

1968 yilda saylovlarda g‘alaba qozonib AQSh prezidenti bo‘lgach, u 1972 yilda SSSRga endi davlat tashrifi bilan keladi. Shunda u Brejnev bilan strategik qurollanishni qisqartirish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.

1974 yil 27 iyun kuni, AQShda “Uotergeyt ishi” bo‘yicha siyosiy mojarolar avj olayotgan kezda Richard Nikson ikkinchi marta SSSRga davlat tashrifi bilan keladi.

Bu tashrif ham ancha do‘stona ruhda kechadi. Moskvada Nikson va Brejnev birgalikda teatrga boradi. So‘ng Yaltaga uchishadi. Qrimni tomosha qilgach, Nikson Belorussiyaga boradi.

O‘sha paytda “Uotergeyt ishi” tufayli Vakillar palatasi unga impichment e’lon qilish masalasini ko‘rishni boshlagani uchun Nikson SSSRdagi safarni to‘xtatadi va shoshilinch tarzda AQShga qaytadi.

Richard Nikson va Brejnev Qrimda.
Foto: korrespondent.net

Aynan Niksonning tashrifida SSSR bilan AQSh o‘rtasida iqtisodiy aloqalar bo‘yicha kelishuvlar imzolanadi. Shundan so‘ng jahonga mashhur PepsiCo Inc. kompaniyasi sovet bozoriga kirib keladi va Pepsi-Cola ichimligini ishlab chiqara boshlaydi.

Uotergeyt ishi”

Barchasi 1972 yil 17 iyunda boshlangandi. O‘shanda AQShda kuzda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi poygasi avj olib turgan payt edi. Respublikachilar amaldagi prezident Richard Niksonni, Demokratlar esa senator Jorj Makgovern nomzodini ilgari surishgandi.

Politsiya Vashingtonda joylashgan “Uotergeyt” majmuasida ishlaydigan besh kishini hibsga oladi. Ular majmuada joylashgan Demokratik partiya ofisidagi telefonlarga yashirincha eshituvchi moslamalar o‘rnatganlikda va hujjatlardan nusxa olishda gumonlangan edi.

Respublikachilar vakillari Demokratlar shtabidagi ikkita muhim telefonga yashirincha eshitish moslamasini muvaffaqiyatli o‘rnatgan so‘ng bu ishni davom ettirishga qaror qilishadi.

Uotergeyt majmuasi.
Foto: dailymail.co.uk

1972 yil 17 iyun sanasida, yarim tunda Uotergeyt majmuasi qo‘riqchisi Frenk Uills bino zinapoyasida joylashgan eshiklardan biri ochiq ekanini va qulfning ilgichi yopishqoq lenta bilan qoplanganini ko‘rib qoladi.

Farroshlar eshikni shu holatda qoldirgan, deb o‘ylagan Uills qulf ilgichidan lentani olib tashlaydi. So‘ng eshikni yopadi va dam olish xonasiga ketadi.

Oradan bir soat o‘tgach Uills shubhali eshik oldiga qaytib keladi va u yana ochiqligini, qulf ilgichi yana lenta bilan qoplanganini ko‘radi. Shu joyda Uills politsiyaga qo‘ng‘iroq qiladi va o‘g‘irlik haqida xabar beradi.

Politsiya yetib kelgach darhol binoning chiqish yo‘llarini yopadi. So‘ng barcha chiroqlarni yoqib, har bir qavatni sinchkovlik bilan tekshira boshlaydi.

Jarayon bir muddat davom etadi va oradan ikki soat o‘tib politsiya xodimlari Demokratlar shtabiga yashirincha kirgan besh kishini qo‘lga oladi.

Ularning yonidan jarrohlar foydalanadigan rezina qo‘lqop, binoga olib kiradigan asosiy eshiklarning kalitlari, fotokameralar, murakkab elektron jihozlar, ko‘zni yoshlantiruvchi qalampirli gazballonchalar va 2300 dollar naqd pul topiladi.

Foto: alamy.com

Surishtiruvlar

Politsiya avvaliga besh kishi o‘g‘irlikka tushgan degan gumonga boradi. Biroq qo‘lga olinganlar MRB sobiq agentlari ekani aniqlanadi. Shunda politsiyada bu ish saylov bilan bog‘liq degan gumon uyg‘otadi.

Shundan so‘ng tergovni Federal qidiruv byurosi (FQB) o‘z nazoratiga oladi va qo‘lga olinganlarni so‘roq qiladi.

So‘roqlar davomida ular Demokratik partiya ofisiga kirib, u yerdagi muhim telefonlarga yashirinchi eshitish moslamalarini o‘rnatilganini, ikkinchi marta hujjatlardan nusxa olish uchun kirishganini aytib beradi.

O‘shanda bu ishlariga FQB agenti Liddi Gordon va sobiq MRB xodimi Hovard Hant boshchilik qilgani aniqlanadi. Ular ikkalasi Respublikachilar vakili amaldagi prezident Richard Niksonning saylovoldi shtabi a’zolari edi.

Umumiy hisobda bu operatsiyada 7 kishi qatnashgani, uni amalga oshirish uchun Niksonni qo‘llash fondi 1 mln dollar pul ajratgani oydinlashadi.

Ular Demokratlar shtabiga ilk marta 1972 yil 28 may kuni kirishgan. Yashirincha eshitish moslamalari shtab boshlig‘i Larri O’Brayyen va AQSh qonunchilik palatalaridagi Demokratlar assotsiatsiyasi direktori Robert Oliverning telefoniga o‘rnatilgan.

Ilk operatsiya silliq kechgach, sobiq MRB xodimlari Jyeyms Makkord, Bernard Barker, Virjilio Gonsales, Eugenio Martinez va Frank Sturjis yana Demokratik partiya shtabiga kirishadi. Ana shunda ular qo‘lga tushadi.

FBR “Uotergeyt ishi” bo‘yicha surishtiruv va tergov ishlarini olib borar ekan, bo‘lajak saylovlarga daxl qilishi mumkinligi inobatga olinib, barcha jarayon avvaliga ommadan sir saqlanadi.

Foto: amazon.com

Keyingi surishtiruvlarda Demokratik partiyaga qarshi rejani 1972 yil 27 yanvarda Prezidentni qayta saylash qo‘mitasining (CRP) moliyaviy maslahatchisi Jorj Liddi, CRP raisi vazifasini bajaruvchi Jeb Styuart Magruder, bosh prokuror Jon Mitchel va prezident maslahatchisi Jon Din ishlab chiqqani ma’lum bo‘ladi.

Surishtiruvni FQB qoshida tashkil etilgan maxsus guruh olib boradi. Guruhga FQB direktori o‘rinbosari Mark Felt boshchilik qiladi. 1972 yil saylovdan birov avval Felt Washington Post jurnalistlari Bob Vudvord va Karl Bernstayn bilan yashirincha uchrashadi va ularga “Uotergeyt ishi”da Richard Nikson ma’muriyatining qo‘li borligini aytadi.

Oradan biroz o‘tib nashr ketma-ket bir nechta surishtiruv maqolasini e’lon qiladi. Shunga qarmay Richard Nikson 1972 yil kuzda o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozonadi va ikkinchi muddatga AQSh prezidenti bo‘ldi.

Sud

1973 yil yanvarda “Uotergeyt ishi” bo‘yicha sud jarayoni boshlanadi. Mart oyida ish bo‘yicha Senat eshituvi o‘tkaziladi. Jarayonlar televideniye orqali namoyish etib boriladi.

O‘shanda Demokratik partiya vakillari ishga raqiblari Respublikachilar partiyasining boshqa a’zolari va hatto prezident Richard Nikson ham aralashgan bo‘lishi mumkinligini aytib, ularni ham so‘roq qilish kerakligini talab qilib chiqadi.

Richard Niksonning iste’fo berishiga sababchi bo‘lgan shaxslardan biri FQB direktori o‘rinbosari Mark Felt.
Foto: alamy.com

Nichard Nikson ma’muriyati esa ishga o‘zining va Respublikachilar partiyasi rahbariyatining ham aloqasi yo‘qligini ma’lum qiladi. Biroq unday emasdi.

Nikson ma’muriyati maslahatchisi Hovar Hant Sud tomonidan Demokratlar shtabiga yashirincha eshitish moslamalari o‘rnatish ishlarining bosh tashkilotchisi, deb topiladi va unga 33 oylik qamoq jazosi tayinlanadi.

1973 yil aprel oyida “Uotergeyt ishi” mojaro keskin avj oladi va Richard Nikson ma’muriyatida prezident ishlari boshqaruvchisi Bob Xeldeman, prezidentning ichki masalalari bo‘yicha masalahatchisi Jon Erlixman va AQSh bosh prokurori Richard Klyayndinst iste’foga chiqadi.

Impichment xavfi va iste’folar

1973 yil avgustda prezident Nikson prokuraturaga prezident o‘tiradigan “Oval kabinet”dagi uskunalarga yozib olingan audioyozuvlar lentalarini berishdan bosh tortadi.

Buning ustiga, prezident Richard Klyayndinst o‘rniga mamlakat bosh prokurori bo‘lgan Elliot Richardsonga o‘zidan lentalarni so‘ragan prokuror Archibald Koksni ishdan bo‘shatish haqida topshiriq beradi.

Biroq Elliot Richardson Niksonning topshirig‘ini bajarishdan bosh tortadi va 1973 yil oktyabrda o‘z o‘rinbosari bilan iste’foga chiqadi. O‘shanda u AQSh bosh prokurori sifatida bor-yo‘g‘i salkam 5 oy ishlagandi xolos.

Richard Nikson va Elliot Richardson.
Foto: upi.com

O‘sha paytda prezident Nikson yana bir “zarba”ni qabul qilib olishiga to‘g‘ri keladi. 1973 yil 10 oktyabr kuni vitse-prezident Spiro Agnyu ham iste’foga chiqadi.

Spironing iste’fosi “Uotergeyt ishi” bilan bog‘liq emasdi. U moliyaviy ishlar tufayli ishdan ketgandi. Biroq uning iste’fosi ham Richard Niksonning obro‘si tushib ketishiga sabab bo‘ladi.

1974 yil 6 fevral kuni AQSh Vakillar palatasi prezident Niksonga qarshi impichment e’lon qilish jarayonini boshlash haqida qaror qabul qiladi. Biroq shunda ham Nikson yon bermaydi va o‘zidagi audioyozuvlarni berishdan bosh tortadi.

Oradan besh oy o‘tib, iyulda mamlakat Oliy sudi prezident audioyozuvlarni zudlik bilan prokuraturaga topshirishi kerakligi haqida qaror chiqaradi. Shundan so‘ng Nikson chorasiz qoladi.

1974 yil 5 avgust kuni Vakillar palatasi uchta alohida modda bilan prezidentga impichment e’lon qilish haqidagi xulosani Senatga taqdim etish haqida qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng Niksondan tarafdorlari ham yuz o‘giradi.

8 avgust kuni yakkalanib qolgan Nikson televideniye orqali AQSh aholisiga murojaat qiladi va iste’foga chiqishini e’lon qiladi. 9 avgust kuni u Oq uyni tark etadi. Shundan so‘ng impichment e’lon qilishdan ma’no qolmaydi va jarayon to‘xtatiladi.

Foto: alamy.com

Uotergeyt ishi”dan olingan xulosalar

“Uotergeyt ishi” AQSh tarixidagi prezident bilan bog‘liq eng mojaroli ishga aylanadi. Ko‘plab siyosiy tahlilchilar, tarixchilar va boshqalar bu ish AQSh tarixidagi eng jiddiy siyosiy inqiroz bo‘lgan, deb hisoblaydi.

Nikson esa mamlakat tarixida impichment xavf solgani uchun iste’fo bergan yagona prezident hisoblanadi. Iste’fo bergani uchun unga impichment e’lon qilishga ulgurishmaydi.

Ma’lumot uchun, AQShda to‘rt marta – 1868 yilda Endryu Jonsonga, 1998 yilda Bill Klintonga va 2019 hamda 2021 yillarda Donald Trampga impichment e’lon qilingan.

Har to‘rttala holatda ham impichment jarayoni oxirigacha yetmagan va prezidentlar o‘z lavozimini saqlab qolgan.

Prezident Richard Nikson iste’foga chiqqandan so‘ng uning atrofida bo‘lgan 40 dan oshiq odam Demokratik partiya shtabiga noqonuniy kirish va u yerda yashirincha eshitish moslamasi o‘rnatish operatsiyasida ishtirok etganlikda ayblanadi.

Richard Nikson ma’muriyati rahbari Harri Haldeman.
Foto: alamy.com

Ulardan ayrimlari iste’foga chiqadi, boshqalari turli muddatlarga qamaladi. Jumladan, Richard Nikson ma’muriyati rahbari Harri Bob Haldeman, Jon Erlixman, AQSh bosh prokurori Jon Mitchell, Richard Niksonning maslahatchisi Charlz Kolson, FQB agenti Jorj Liddi ozodlikdan mahrum etiladi. O‘shanda jami 25 kishi qamalgani aytiladi.

“Uotergeyt ishi”dan so‘ng AQShdagi bir qator qonunlar o‘zgartiriladi. Jumladan:

  • 1974 yilda prezidentning barcha audio yozuvlari boshqa materiallar saqlanishi haqida;
  • 1978 yilda esa hukumat a’zolarining etikasi haqida;
  • 1978 yilda prezident hujjatlari haqida;
  • 1984 yilda Arxiv va ma’lumotlar milliy boshqarmasini tuzish haqida qonunlar qabul qilinadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: