2024 yil yozida Markaziy Osiyoda, xususan O‘zbekistonda tarvuz ancha arzonlab ketdi. Ayrim fermerlar hosilni dalada qoldirishga, ba’zilari chorvaga berishga majbur bo‘lmoqda. Kun.uz bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi va East Fruit tahlillariga murojaat qildi.
East Fruit ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tarvuzning ulgurji narxi iyul oyi oxiriga kelib rekord darajada pasayib, 1 kg uchun 8 sentni tashkil qilgan. Solishtirish uchun, 2023 yilda narx 10 sent bo‘lgan.
Yog‘ingarchilik miqdori ko‘p bo‘lgani sababli tarvuz odatdagidan 15-20 kun kechroq pishdi, natijada boshqa davlatlar O‘zbekistonning an’anaviy eksport bozorlarini egallab oldi, deydi tahlilchilar.
An’anaviy eksport bozorlaridan asosiysi bu – Rossiya. Bu mamlakatda ham tarvuzning rekord darajada past narxlari kuzatilmoqda. Natijada O‘zbekistondan Rossiyaga tarvuz yetkazishda moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamaydigan vaziyat shakllangan. Bu o‘z navbatida ichki bozorda taklifni keskin ko‘paytirib, narx tushishiga olib kelgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik eksportchilar o‘tgan yili tarvuzni Rossiyaga kilosini 34 sentdan sotgan bo‘lsa, bu yil ikki barobar past narx – 18 sentdan yetkazib bergan.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Sharqiy Yevropa va Yevropa Ittifoqi bozorlariga tarvuz eksport qilish ham bu yil ancha qiyinlashgan, chunki bu mamlakatlarda ham narxlar tushib ketgan. Xususan, Ukrainada tarvuzning haddan ziyod ko‘p yetishtirilishi natijasida narxlar qulagan, shu tariqa uzoq O‘zbekistondan Yevropaga tarvuz tashish manfaatli bo‘lmay qolgan.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, respublikada 2024 yilda barcha toifa xo‘jaliklarida 203 ming gektar poliz ekinlari ekilgan bo‘lsa, shundan 102 ming gektarga tarvuz ekilgan. Bu ekin maydonlarida 1,4 million tonna tarvuz yetishtirildi. Bu – 2023 yildan 161,6 ming tonnaga yoki 14 foizga ko‘p.
2023 yilda xorijiy davlatlarga 35,4 mln dollarlik qariyb 145,7 ming tonna tarvuz va qovun yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichlar sezilarli kamayib, 25,4 mln dollar va 112,7 ming tonnani tashkil etdi.
Hozirgi sharoitda mutaxassislar yangi uzilgan tarvuzlarni qayta ishlashni taklif qilmoqda. Tezkor ravishda tarvuz sharbatini tayyorlovchi korxonalarni ishga tushirish, bunday mahsulotlarni qadoqlash va eksport qilish kabi takliflar berilmoqda.
Bundan tashqari, ko‘plab mamlakatlarda tarvuz sharbatidan asal, sirop, murabbo va pastilalar tayyorlanadi, tarvuz urug‘idan yog‘ olinadi. Bunda, 20 tonna xomashyoni qayta ishlashdan 1 tonna asal olish mumkin. Quritilgan tarvuzdan kompotlar, kofe va choy o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash mumkin.
QXVning qayd etishicha, bugungi kunda tarvuz eksportiga hech qanday cheklovlar mavjud emas. Bojxona postlaridan olib chiqib ketishda meva-sabzavot va poliz mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yashil yo‘lakcha tashkil etilgan. Fitosanitariya talablariga rioya qilgan holda poliz mahsulotlari eksportini 20 dan ortiq davlatga amalga oshirish bo‘yicha fitosanitar ruxsat olingan.
Mavsum boshidan beri hududlarda fermerlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda poliz mahsulotlarini yig‘ish, saralash va sotish masalasida an’anaviy yondashuvlardan voz kechilib, davr talabidan kelib chiqqan holda mahsulot xaridorgirligini oshirish, bir mahsulotning o‘zidan bir qancha mahsulot ishlab chiqarib, qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratishga oid tavsiyalar berib kelinmoqda, deyiladi vazirlik axborotida.
Madina Ochilova tayyorladi.