Tailand Konstitutsiyaviy sudi bosh vazir Settxa Txavisinni etika qoidalarini qo‘pol ravishda buzganlikda aybdor deb topib, uni lavozimidan chetlatdi, deb xabar beradi Bangkok Post. Siyosatchi sud qarorini hurmat qilishini bildirdi.
Txavisin bahorda 2008 yili korrupsiya ishida ayblanib, olti oy muddatga qamoq jazosiga hukm etilgan advokat Pichit Chuenbanni o‘z kabinetiga vazir etib tayinlagani sababli Konstitutsiyada qayd etilgan etika qoidalarini buzganlikda ayblandi. Tergov versiyasiga ko‘ra, Pichit Chuenban ikki nafar hamkasbi bilan Oliy sud xodimlariga tushlik uchun mo‘ljallangan qutilar ichiga 2 million bat (57 ming dollar) sotilgan qog‘oz paketni yashirib, pora berishga uringan.
Joriy yil bahorda Chuenban vazir etib tayinlanganida Txavisin ushbu qaror qonunga mos ravishda yuridik maslahatlar asosida qabul qilinganini aytgandi. Chuenban o‘z lavozimini tark etgan.
Chuenban, shuningdek, sobiq bosh vazir Taksin Chinavat hamda uning rafiqasi manfaatlarini himoya qilgani bilan ham tanilgan. Hukumatning sobiq rahbari Tailand banki tuzilmasidan yer sotib olishda mansab vakolatini suiiste’mol qilish ishida ayblangan. 2008 yilda Taksin Chinavat ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Mamlakatda yangi bosh vazir saylangunga qadar uning vazifasini hukumat rahbarining o‘rinbosari Pumtam Vechayachay bajarib turadi.